AQShda 8 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan o‘zbekistonlikka oliy jazo berilishi mumkin
![AQShda 8 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan o‘zbekistonlikka oliy jazo berilishi mumkin](https://static.xabaruz.com/crop/3/5/720_460_95_3530905133.jpg)
2017-yilning noyabrida Nyu-York markazida velosipedchilar yo‘lagida harakatlanib ketayotgan tinch aholi ustiga kichik yuk avtomobili (pikap)ni haydab, 8 kishining o‘limiga va yana 10 dan ortiq kishi jarohatlanishiga sabab bo‘lgan o‘zbekistonlik Sayfullo Soipovga o‘lim jazosi berilishi mumkin.
Bu haqda AP axborot agentligi xabar bermoqda.
Agentlikka ko‘ra, u joriy yil 26-yanvar, payshanba kuni qator jinoyatlarda aybdor deb topildi va o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Sudda o‘nlab hakamlar ikki kun davomida mazkur jinoiy ishni qariyb yetti soat muhokama qilib, 34 yoshli Soipovni 28 ta jinoyat, jumladan, reketlik va xorijiy terrorchi tashkilotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida odam o‘ldirishda ayblashdi. Hakamlar 6-fevraldan so‘ng sudga qaytib, qo‘shimcha dalillarni eshitishadi. Bu esa Soipovning qatl etilishi yoki umrining qolgan qismini qamoqda o‘tkazishi haqidagi qarorning qabul qilinishida asosiy rolni o‘ynaydi.
Prokurorlarning ta’kidlashicha, Soipov «Islomiy davlat» guruhiga a’zo bo‘lishi uchun tinch aholiga hujum qilgan.
Soipovning himoyachisi esa uning bu hodisada «Islomiy davlat» guruhi bilan til biriktirmaganini aytib, sudyalardan reketlik ayblovi bo‘yicha uni oqlashlarini so‘ragan.
Shuningdek, advokat, o‘lim jazosi jarayoni mazkur voqeaning ertasigayoq Soipovga o‘lim jazosini berish kerakligini yozib chiqqan sobiq prezident Donald Tramp tomonidan tuzatib bo‘lmas darajada buzilganini aytmoqda.
Ma’lumot uchun, Soipov 2010-yilda O‘zbekistondan qonuniy ravishda AQShga ko‘chib kelgan va Nyu-Jersi shtatining Paterson shahriga kelishdan oldin Ogayo va Floridada ham yashagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter