Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh vizasi bo‘yicha yangi taqiq! U o‘zbekistonlik boy oilalarga ham taalluqli

AQSh vizasi bo‘yicha yangi taqiq! U o‘zbekistonlik boy oilalarga ham taalluqli

Foto: “Getty Images”

24-yanvardan homilador ayollarga AQSh sayyohlik vizasini berishni taqiqlovchi tartib kuchga kirdi. Mazkur taqiq AQSh tuprog‘ida xorij fuqarolari tomonidan tug‘ish ko‘rsatkichini kamaytirish maqsadida joriy etilmoqda.

Mazkur xabar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda «Xo‘sh, AQSh konsulligi xodimlari endi ginekolog vazifasini ham bajarib, ayollarni homiladorlik bo‘yicha tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadimi?» qabilidagi kinoyaviy fikrlar keng tarqaldi.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, konsulxonalari xodimlari sayyohlik vizasi uchun ariza topshirgan ayollarga homiladorligiga doir savol berishi mumkin, xolos. Ammo suhbat chog‘i ham, AQSh hududiga kirishda ham ayollardan homiladorlik tekshiruvidan o‘tishni talab qilish mumkin emas.

Milliy qonunchilikka ko‘ra AQSh tuprog‘ida dunyoga kelgan chaqaloqlar voyaga yetgach, mazkur mamlakat fuqaroligini olish imkoniga ega. Dunyoning turli mamlakatlarida yashovchi badavlat oilalar esa mazkur imkoniyatdan foydalanib, farzandini «sehrli diyor”da dunyoga keltirish va shu orqali uning porloq kelajagini ta’minlashga harakat qiladi. Tahlillarga ko‘ra, «tug‘ruq turizmi» Osiyo, Lotin Amerikasi va sobiq Ittifoq davlatlari fuqarolari orasida ko‘proq uchraydi. Masalan, 2017-yilda AQShda 10 ming ziyod xorijlik chaqaloq dunyoga kelgan.

Garchi rasmiy statistika mavjud bo‘lmasa-da, O‘zbekistondagi o‘ziga to‘q oilalar orasida ham farzandini dunyoga keltirish uchun atayin AQShga safar qiluvchilar mavjud. Yangi taqiq ularga ham taalluqlidir.

AQSh Davlat departamenti yangi tartibni milliy xavfsizlikni himoya qilish maqsadi bilan izohlagan. Vashington ma’murlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar tuprog‘ida tug‘ilayotgan chaqaloqlar orasida mamlakat uchun xavfli shaxslar ham bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Ammo payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat departamenti mulozimlari terrorchi yoki jinoiy guruh vakillari mamlakat hududida tug‘ruqni uyushtirganiga doir birorta misol keltira olmagan.

«Tug‘ruq turizmi»ga qo‘yilgan taqiq, ayni choqda, siyosiy xarakterga ham ega. AQShda «tug‘ruq turizmi»ga qarshi bo‘lganlar ham anchagina. Tahlilchilarga ko‘ra, Eron generali Qosim Sulaymoniyni o‘ldirish orqali allaqachon saylov kampaniyasini boshlab yuborgan prezident Tramp xorijliklarga qo‘yilgan navbatdagi taqiq orqali ham «ochko” yig‘ishni maqsad qilmoqda.  

Aslida, AQShda dunyoga kelgan chaqaloqlarning fuqarolik olishi xamirdan qil sug‘urgandek oson kechmaydi. Ular voyaga yetib, bir necha bosqichli immigratsiya tizimidan o‘tganidan keyingina AQSh pasportini qo‘lga kiritadi.

Aksar huquqshunoslar Davlat departamenti tomonidan joriy etilgan yangi taqiq mamlakat Asosiy qonuniga zid ekanini ham ta’kidlamoqdalar. Gap shundaki, AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 14-o‘zgartirish mazkur huquqni kafolatlaydi. Qolaversa, Qo‘shma Shtatlar hududida tug‘ishni man etuvchi alohida qonun hujjati ham mavjud emas.

Yana bir holat. AQSh konsullik idoralari ayrim mamlakatlar fuqarolariga 3 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatga sayyohlik vizasi beradi. Uzoq muddatga berilgan vizalar esa, tabiiyki, «tug‘ruq turizmi»ga to‘siq bo‘la olmaydi.

Nima bo‘lganda ham, homilador ayollarga sayyohlik vizasi berishni taqiqlovchi munozarali tartib-qoida sud-mahkama da’volarini ko‘paytirishi aniq.

S.Salim

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring