AQSh va Isroil G‘azo sektori kelajagiga oid uch variantni ko‘rib chiqmoqda
Vashington va Tel-Aviv agar Isroil harbiylari HAMAS jangarilarini u yerdan siqib chiqarishga muvaffaq bo‘lsa, G‘azo sektori kelajagi uchun uchta variantni ko‘rib chiqmoqda, deb xabar bermoqda Bloomberg manbalarga tayanib. Muhokamalar Isroil armiyasi Falastin nazorati ostidagi hududda quruqlikdagi harakatlarini kengaytirayotgan paytda o‘tkazilmoqda.
Birinchisi, Yaqin Sharq mintaqasidagi mamlakatlarga anklav ustidan vaqtinchalik nazoratni berish. G‘azo sektorida AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya qo‘shinlari joylashtiriladi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarining ishtiroki ham ma’qul ko‘rilmoqda, deb yozadi agentlik.
Ikkinchi variantga ko‘ra, 1979 yilgi Isroil-Misr tinchlik shartnomasi (Kemp Devid kelishuvlari) amalga oshirilishini nazorat qiluvchi missiya bo‘lgan Sinay yarim orolidagi Ko‘p millatli kuchlar va kuzatuvchilarga o‘xshash sektorda tinchlikparvar kuchlar faoliyat yuritadi. Manbalarga ko‘ra, Isroil bu g‘oyani «ko‘rib chiqishga loyiq» deb hisoblaydi.
Yana bir variant – G‘azo sektorini Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida vaqtinchalik boshqarish (agentlik avvalroq tomonlar u yerda BMT ko‘magi va arab davlatlari ishtirokida muvaqqat hukumat tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgan edi). Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil uchun bu taklif amaliy emas, chunki BMTning «foydasi kam».
Bloomberg ta’kidlaganidek, uchta variant ham prezident Jo Bayden va boshqa davlatlar, jumladan Fors ko‘rfazi davlatlari uchun «siyosiy xavf» tug‘diradi. Manbaga ko‘ra, Bayden hatto kichik bir amerikalik askar kontingentini ham xavf ostiga qo‘ymoqchi emas. Arab davlatlari G‘azo sektori taqdirida ishtirok etishdan manfaatdor yoki yo‘qligi ham noma’lum.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken «yangilangan Falastin milliy ma’muriyati» anklavni boshqarish uchun eng yaxshi variant deb atadi.
Falastin hududlari ikki qismga bo‘lingan: O‘rta yer dengizi sohilidagi G‘azo sektori va poytaxti Ramallah shahri bo‘lgan G‘arbiy Sohil mintaqasi. Birinchisi — Hamas tomonidan, ikkinchisi Falastin Ozodlik Tashkiloti (FOT) tomonidan nazorat qilinadi. 2004 yilda Mahmud Abbos FOT rahbari bo‘ldi. Falastin milliy ozodlik harakati Fath tashkilotining asosiy bo‘linmalaridan biri hisoblanadi.
Hamas 2007 yilda Fath bilan to‘qnash kelgandan so‘ng G‘azo sektorida hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan. Bu 2006 yilda Ramallohda bo‘lib o‘tgan Falastin Qonunchilik Kengashi saylovlarida Hamas Fathdan ko‘proq o‘rin olgandan keyin sodir bo‘ldi. Ikkinchi tomon saylov natijalarini tan olmadi, shuningdek, Fath yetakchiligida milliy birlik hukumati tuzilmadi. Janglar natijasida Hamas Fathni G‘azo sektoridan siqib chiqardi.
Times of Israel nashrining falastinlik mulozimga tayanib xabar berishicha, prezident Mahmud Abbos G‘azo sektorini o‘z ma’muriyatiga topshirish masalasini Isroil bilan «kengroq tinchlik tashabbusi» doirasida kelishilgan taqdirdagina ko‘rib chiqishga rozi bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter