Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Qozog‘istonni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor – tahlilchi

AQSh Qozog‘istonni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor – tahlilchi

Joriy yil noyabr oyida o‘tadigan prezident saylovi natijasidan qat’i nazar AQSh Qozog‘iston rahbariyatining mamlakat siyosiy tizimini isloh qilish va inson huquqlari holatini yaxshilash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kerak, deb hisoblaydi Yevropa siyosati va raqamli jamiyat instituti prezidenti Emir Nuhanovich.

«Fair Observer» nashrida chop etilgan maqolada siyosiy tahlilchi Vashington Ostona bilan hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidlaydi. 

«Rossiya–Ukraina ziddiyati va Xitoy bilan tarang munosabatlar ortidan AQSh Yevroosiyoga diqqat qaratdi. So‘nggi vaqtlarda Vashington Markaziy Osiyo, xususan, mintaqaviy yaqin hamkor sanalgan Qozog‘iston bilan hamkorlikka ustuvor ahamiyat bermoqda», – deb yozadi muallif.  

2023 yil 19 sentyabr kuni Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh rahbarlarining «S5+1» formatidagi birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Ushbu mashvarat ortidan AQSh prezidenti Jo Bayden tez orada Markaziy Osiyo davlatlaridan biriga tashrif buyurishi haqida xabarlar tarqaldi. 

Emir Nuhanovichga ko‘ra, Markaziy Osiyo, xususan, Qozog‘iston Rossiyani aylanib o‘tgan holda savdo yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, transport koridorlarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Mintaqada tabiiy boyliklar ko‘pligi ham alohida ahamiyatga ega.

Joriy yil may oyida inson huquqlari va demokratik islohotlar bo‘yicha oliy darajadagi Amerika–Qozog‘iston uchinchi muloqoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda Qozog‘iston rahbariyati ilgari surgan demokratik islohotlar holati muhokama qilindi.

«Bu islohotlar imkoniyati cheklangan insonlar huquqlarini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurash, so‘z va yig‘ilishlar erkinligini ta’minlash, OAV ravnaqini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, aktivlarni qaytarish va korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan. Qo‘shma Shtatlar prezident To‘qayevning islohotlar dasturini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, Qozog‘iston inson huquqlari borasida erishgan yutuqlarni ijobiy baholadi», – deb yozadi Yevropa siyosati va raqamli jamiyat instituti prezidenti.

Muallifga ko‘ra, Vashington Ostonani demokratik islohotlar borasida dastaklash orqali savdo-iqtisodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlar ochadi.

AQSh va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2023 yilda 4 milliard dollarni tashkil etgan. Mustaqillikdan keyingi davrdagi savdo ko‘rsatkichi esa 62 milliard dollardan oshgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring