AQSh Putinni sammitga taklif qilmadi
AQSh rasmiylari Rossiya prezidenti Vladimir Putinni noyabr oyida San-Fransiskoda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (OTIH) sammitiga taklif qilmaydi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Marat Berdiyev ma’lum qildi.
«Qo‘shma Shtatlar ikki tomonlama kanallar orqali bizga bu yil bir qator yetakchilarni taklif qilmoqchi emasligini bildirishdi, chunki ularga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilgan», dedi Berdiyev.
Putin Ukrainadagi harbiy operatsiya boshlanganidan beri AQSh sanksiyalari ostida qolmoqda — cheklovlarga mamlakatga kirishni taqiqlash ham kiradi.
The Washington Post gazetasi avgust oyida AQSh Putinni sammitga taklif qilmaslikka qaror qilgani haqida xabar bergan edi. Vashington, shuningdek, 2020 yildan beri Amerika sanksiyalari ostida qolayotgan Gonkong ma’muriyati rahbari Jon Lining tadbirda ishtirok etishini taqiqlashga qaror qilgan.
Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovning «TASS»ga aytishicha, Kreml Vashingtondan sammitda ishtirok etish taklifini kutmaydi.
OTIH sammiti AQSh raisligida 11-17 noyabr kunlari San-Frantsiskoda bo‘lib o‘tadi. Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi formati 1989 yilda Avstraliya va Yangi Zelandiya tashabbusi bilan yaratilgan.
Ayni paytda 21 davlat, jumladan, Rossiya, AQSh, Xitoy, Kanada va Tinch okeaniga chiqish imkoniyatiga ega boshqa davlatlar tashkilot a’zosi hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter