AQSh prezidentligiga nomzod Isroilni aybladi
AQSh prezidentligiga nomzod, yahudiy millatiga mansub Jill Stayn Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni G‘azo sektorida genotsid va harbiy jinoyatlar sodir etishda aybladi.
Yashillar partiyasi vakili J.Stayn AQShning amaldagi prezidenti, demokrat Jo Baydenni G‘azodagi xunrezliklarga sherik ekanini qayd etgan.
«Biz Netanyahu rejimining harbiy jinoyatlarini, shuningdek, ushbu jinoyatlarda Baydenning ko‘magi va sherikligini taftish etishga chaqiramiz», – degan prezidentlikka nomzod.
Unga ko‘ra, nafaqat AQSh prezidenti, balki respublikachi va demokratik partiyalar yetakchilari ham Isroil G‘azoda sodir etayotgan jinoyatlarga sherik bo‘lmoqda.
«Netanyahu falastinliklar qarshi sodir etayotgan harbiy jinoyatlar genotsidga aylanib ketdi, odamlar oziq-ovqat, suv va elektr energiyadan ham mahrum qilingan. Ular ayovsiz bombalanmoqda, boshpanasini tashlab ketishga majburlanmoqda», – degan Jill Stayn.
U o‘t ochishni to‘xtatish, gumanitar ko‘mak yetkazish, tinch aholini tibbiy xizmat bilan ta’minlash va HAMAS garovga olgan odamlarni ozod qilishga chaqirgan.
Asl kasbi shifokor bo‘lgan Jill Stayn nufuzli Harvard universitetini tamomlagan. U avvalgi saylovlarda ham prezidentlik uchun kurashgan.
AQSh matbuoti xabariga ko‘ra, prezident Bayden Falastin–Isroil ziddiyatida yahudiy davlatini qo‘llab-quvvatlab, G‘azoda minglab tinch aholi vakillari halok bo‘layotganidan ko‘z yumayotgani sabab siyosiy doiralarda, hatto uning saylov shtabida ham norozilik kuchaymoqda.
G‘azo shafqatsiz bombardimon qilinishda davom etarkan, Oq uy ma’muriyatining rasmiylari orasida ham o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirayotganlar soni ortmoqda.
Bir necha hafta avval AQSh davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan edi. 11 yil davomida mas’ul lavozimda ishlab kelgan J.Pol HAMASning Isroilga hujumini qoralagani holda, hozirgi vaziyatda yahudiy davlati tutayotgan siyosat va AQSh uni qo‘llab-quvvatlayotgani xato ekanini ta’kidlagan.
Avval xabar berganimizdek, AQSh Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Rashida Tolib ham Baydenning Yaqin Sharq bo‘yicha pozitsiyasini tanqid qilgan. Demokratik partiya vakiliga ko‘ra, amaldagi ma’muriyat Isroilni bir tomonlama dastaklagani holda, bomba yomg‘iri ostida qolayotgan oddiy falastinliklar taqdiriga qayg‘urmayotir.
Eslatib o‘tamiz, Isroil HAMASning 7 oktyabrdagi hujumiga javoban 2,3 million nufusli G‘azoda keng ko‘lamli harbiy amaliyot o‘tkazyapti. Tinch aholi vakillari halok bo‘layotganidan larzaga tushgan dunyo hamjamiyati Isroildan xalqaro huquqqa rioya qilishni talab qilmoqda. Xususan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azo mintaqasi bolalar qabristoniga aylanayotgani haqida bong urdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter