Angela Merkel – 70 yoshda. Germaniya prezidenti sobiq kanslerni tabrikladi
Atoqli olmon davlat arbobi Angela Merkel bugun, 17-iyul kuni 70 yoshga to‘ldi. Shu munosabat bilan tabrik yo‘llagan Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Angela Merkelni ibratli faoliyat sohibasi, olmon demokratiyasining yorqin namoyandasi deb atadi.
«Ushbu yubileyning muhimligi shundaki, sizning 70 yillik umringizni ikki bosqichga bo‘lish mumkin. Birinchi 35 yil Berlin devori qulagunga qadar bo‘lgan davr, ikkinchi 35 yil esa siz intilgan va himoya qilgan erkinlik davridir», – deb yozdi Shtaynmayer o‘z qutlovida.
Germaniya prezidentiga ko‘ra, keyingi 35 yil davomida Angela Merkel kansler sifatida mamlakat birligi yo‘lida ulkan xizmat qildi.
«Siz hamisha erkinlikning qadr-qimmati va ma’rifiy jamiyatning muhimligi haqida gapirgansiz. Siz keltirgan dalillarning o‘ta ishonchli ekani boisi shundaki, liberal demokratiya sharoitida hayot kechirish qanchalik qadrli ekanini o‘z tajribangizda bilgan edingiz», – deyiladi tabrikda.
Shtaynmayer Merkel hukumat boshlig‘i bo‘lgan davrda ikki marta (2005-2009 va 2013-2017 yillar) tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. Prezident sobiq kansler qo‘l osti ishlagan yillarni eslab, uning temir iroda, xalq taqdiriga mas’ullik, og‘ir-vazminlik, insoniylik, hazilkashlik kabi fazilatlarini alohida qayd etgan.
1954-yilning 17-iyulida Hamburg shahrida tug‘ilgan Angela Merkel 16 yil davomida (2005-2021) GFR kansleri lavozimida faoliyat yuritgan. U nafaqat mamlakatning ilk ayol kansleri sifatida, balki jahon siyosatidagi nufuzli arbob sifatida e’tirof qozongan. Merkel 14 marta «Forbes» jurnali talqinidagi «Dunyoning eng nufuzli ayollari» ro‘yxatiga kiritilgan. 2015-yili «Time» jurnali uni «Yil odami» deb e’lon qilgan.
Hatto davlat rahbarligi davrida ham hashamat va imtiyozlardan xoli tarzda, kamtarona hayot kechirgan Angela Merkel chinakam xalqona yetakchi sifatida millionlab olmonlarning mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter