Amerikada yana bir yuqumli kasallikning tarqalishiga qizil piyoz sabab bo‘ldi
AQSh kasalliklarga qarshi kurashish va oldini olish markazining ma’lum qilishicha, Amerikada salmonellyozning tarqalishi qizil piyoz bilan bog‘liq, deya xabar berdi «NBC DFW».
Markazga ko‘ra, 396 nafar amerikalik salmonella shtammini yuqtirib olgan. Kasallik tarqalishining manbai Kaliforniyaning «Thomson International» kompaniyasi yetishtirgan qizil piyoz ekanligi taxmin qilinmoqda. Markaz, shuningdek, piyozning boshqa turlari ham zararli bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan:
«Piyoz yetishtirish va terib olish usuli tufayli piyozning oq, sariq yoki shirin kabi turlari ham zararlangan bo‘lishi mumkin».
Salmonellani yuqtirganlik alomatlari ich ketishi, isitma va oshqozon spazmini o‘z ichiga olib, ular bakteriya ta’siridan so‘ng 6 soatdan 6 kungacha namoyon bo‘lishi mumkin. Xabarda aytilishicha, 1-avgust holatiga ko‘ra, salmonella shtammiini yuqtirgan 396 kishidan 59 nafari shifoxonaga yotqizilgan. O‘lim holati qayd etilmagan.
Ta’kidlanishicha, kasallik tarqalishi ilk bor 10-iyul kuni qayd etilgan. Kanada jamoat sog‘ligini saqlash agentligi ham ichak infeksiyasi tarqalishi haqida xabar bergandi. U AQSh bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter