Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Usmonov UBS Europe bankini sudga berdi

Alisher Usmonov UBS Europe bankini sudga berdi

USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov 7-iyun kuni Frankfurt-Mayn viloyat sudiga UBS Europe SE (sodiq UBS Deutschland AG) bankiga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Bu haqda uning manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Stefani Rabenau ma’lum qilgan.

Da’vogarning fikricha, 2018–2022 yillarda bank Germaniya Federativ Respublikasi moliya organlariga tadbirkorning shubhali moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirganligi to‘g‘risida «bir qator asossiz xabarnomalar» yuborgan va bu Usmonovga nisbatan «siyosiy sabablarga ko‘ra tergov» o‘tkazilishiga turtki bo‘lgan.

Rabenau xonimning bayonotiga ko‘ra, aniqlik kiritilishicha, UBS Europe banki Germaniya bojxona bosh boshqarmasining moliyaviy monitoring bo‘limiga «o‘ndan ortiq bema’ni va asossiz, boshqacha qilib aytganda, ataylab yolg‘on xabarlar» yuborgan.

«Ular orasida naqd pul muomalasi, ijara to‘lovlarida «pul yuvish» bilan bog‘liq da’volar bor. Shu bilan birga, bank o‘z shubhalarini tasdiqlovchi hech qanday asos keltirmagan», – deya qayd etadi advokat.

U, shuningdek, bank xizmatlar shartnomasi va bank sirini saqlash qoidalariga zid ravishda mijozlari ma’lumotlarining maxfiyligini buzgani, Usmonov haqida yolg‘on bayonotlar tarqatgani, qolaversa, umumiy shaxsiy huquqlarni qo‘pol ravishda buzganini da’vo qiladi.

«Bank tomonidan shartnomaning buzilishi Alisher Usmonovning obro‘siga katta miqdorda zarar yetkazilishiga va moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelgan. Mohiyatan, UBS beayb shaxsni noqonuniy jinoiy javobgarlikka tortishda tashabbuskor va sherik sifatida harakat qilgan», – deydi Stefani Rabenau.

Tadbirkorning vakili Piter Gauveyler esa yuqoridagi sabablar oqibatida yetkazilgan zarar miqdorini hozircha baholash yoki yakuniy xulosaga kelish mumkin emasligini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, Alisher Usmonov 2022 yilning fevralida Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga uchragan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring