Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Al-Aqso masjidiga hujum dunyo musulmonlarining g‘azabini qo‘zg‘adi

Al-Aqso masjidiga hujum dunyo musulmonlarining g‘azabini qo‘zg‘adi

Harbiylarning Al-Aqso masjidiga bostirib kirishi musulmon olamida keskin norozilik uyg‘otdi.

Foto:«Reuters»

Sharqiy Quddus hududida Isroil politsiyasi hamda falastinliklar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar Ramazon oyi mobaynida ham tinmadi. Qadr kechasida Isroil harbiylarining Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirishi esa musulmon olamida keskin e’tiroz va norozilik uyg‘otdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on muqaddas masjidga hujumni, umuman, Isroilning bu boradagi siyosatini insoniylikdan yiroq xatti-harakat deya keskin qoraladi hamda terror va okkupatsiyaga barham berish uchun butun dunyoni, jumladan, islom olamini safarbar etishga va’da berdi. 

Sayyoramizdagi eng ko‘p musulmonlar yashovchi mamlakat – Indoneziya prezidenti Joko Vidodo ham Al-Aqso masjidi hududidagi zo‘ravonlikni qabul qilib bo‘lmas hol deb atadi va BMT Xavfsizlik kengashini zudlik bilan amaliy harakatlarga qilishga undadi.

AQSh kongressi a’zolari Ilhan Omar, Rashida Tlaib va Andre Karson tomonidan tarqatilgan bayonotda ham ibodat bilan mashg‘ul musulmonlarga qilingan hujum inson huquqlariga zid ekani ta’kidlanadi.

«Ko‘plab musulmonlar ushbu masjidda taroveh va tahajjud namozini ado etayotgan edi. Musulmonlar uchun masjid xuddi uy kabidir», – deyiladi AQSh parlamentariylari bayonotida.

Bundan tashqari, Eron, Misr tashqi ishlar vazirlari musulmonlarning uchinchi muqaddas masjidi hududidagi zo‘ravonlikni keskin qoraladi.

O‘zbekistonlik taniqli ulamo Mubashshir Ahmad ham ushbu hodisasa o‘z munosabatini bildirdi.

«Ibodat kunlari, ibodat joylarida, ibodat qilayotgan obidlarga hujum qilish uchun insonga qanchalar uyatsizlik, axloqsizlik va nafrat kerak ekan-a?!  Alloh, bu razillarga rushd-hidoyat ber yoki halokat! Qolganlarga haqni ko‘rish, haqni qo‘llash qobiliyatini ato qil!» – deb yozdi u.  

Bosib olingan G‘arbiy sohil hamda G‘azoda butun Ramazon oyida davomida to‘qnashuvlar davom etdi.

Bunga esa Sharqiy Quddusning Shayx Jarroh qasabasidagi falastinliklarni majburan ko‘chirish haqidagi qaror sabab bo‘ldi. Falastinliklar bu xatti-harakatni adolatsiz deb atab faol qarshilik ko‘rsatib kelmoqda.

Al-Aqso – Makka va Madinadagi masjidlardan keyingi uchinchi mo‘’tabar sajdagohdir. Foto: AP

Isroil tomoni ushbu hudud yahudiylarga tegishli ekanini da’vo qilmoqda. Falastinlik oilalar esa bu yerga BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha idorasi bilan kelishuv asosida joylashganini ta’kidlamoqda.

Quddus shahrida joylashgan Al-Aqso musulmonlarning uchinchi muqaddas masjidi sanaladi. Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar bo‘lib kelganlarining dastlabki yillarida musulmonlar namozlarini ushbu masjid tomon yuzlanib o‘qiganlar. Bu jihatdan, Al-Aqso ilk qibla o‘laroq e’zozlanadi. Qolaversa, Isro kechasida Alloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Makkadan Quddusga – Al-Aqso masjidiga sayr ettirgan. Ushbu masjidda o‘qilgan bitta namozga boshqa yerda o‘qilgan namozdan 500 barobar baland maqom berilgan.

So‘nggi zo‘ravonliklar munosabati bilan «Turkiye» nashri Al-Aqso masjidiga hujumlar yangilik emasligi, o‘tgan yillar davomida muqaddas masjidni portlab yuborishga urinishlar bo‘lgani haqida maqola e’lon qildi.  Qayd etilishicha, 1969-yil 21-avgustda Denis Ruhan ismli mutaassib masjidni yoqib yuborishga uringan. 1980-yilning aprelida Meir Kahane degan shaxs masjidni portlatishga harakat qilgan. 1990-yil 8-oktyabr kuni masjidga qilingan hujum oqibatida esa 30 musulmon halok bo‘lgan, yuzlab odam jarohatlangan.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Sharqiy Quddusni 1967-yili olti kunlik urushdan keyin egallab olgan. Ko‘plab mamlakatlar qarshi chiqayotganiga qaramay, Isroil ma’muriyati Quddus to‘lig‘icha ularga tegishli ekani va yaxlit poytaxt ekanini da’vo qilmoqda. Falastinliklar esa Sharqiy Quddus mustaqil davlatning bo‘lg‘usi poytaxti bo‘lishiga umid qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring