Aksilrekord: BMT insoniyatni ogohlantirmoqda...
Iqlim o‘zgarishlari hamda nobop ob-havo insoniyat hayotiga yanada kuchli tahdid solmoqda. Bu haqda BMTning tarkibiy tuzilmasi sanalgan Jahon meteorologiya tashkilotining so‘nggi hisobotida so‘z boradi.
2021 yilda dunyo okeanlari sathining ko‘tarilishi, atmosferada zaharli gazlar miqdorining oshishi bo‘yicha aksilrekord qayd etildi. Bularning bari insoniyatning tabiatga salbiy ta’siri kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Bu hol pirovardida halokatli fojialarga olib kelishi mumkin.
Global isish ko‘rsatkichi yil sayin oshib bormoqda. 2021 yil insoniyat tarixidagi eng issiq yillardan bo‘ldi: o‘rtacha harorat sanoat inqilobi boshlangan davrga qaraganda sezilarli darajada o‘sdi. Havo haroratining oshishi natijasida muzliklarning erishi jadallashmoqda. Bu esa zanjir reaksiyasini hosil qilmoqda. Global isish o‘z navbatida okeanlar sathi oshishiga olib kelmoqda. 2021 yilda suv sathi 1993 yilga qaraganda 10 sm ga balandlagan. Bu esa toshqinlar, to‘fonlarni keltirib chiqarmoqda. So‘nggi toshqinlar Xitoyga 17,7 milliard, Germaniyaga 20 milliard dollar zarar keltirdi, insoniy talafotlarga olib keldi. Ida dovuli sabab esa AQSh 75 milliard dollarni boy berdi.
Dunyoning ayrim mintaqalarida toshqin xavfi mavjud bo‘lsa, yana ayrim hududlarda qurg‘oqchilik tahdid tug‘dirmoqda. Afrika va Janubiy Amerika o‘lkalari, AQSh, Kanada, Eron, Afg‘oniston, Pokiston, Turkiyada kuzatilgan qurg‘oqchilik sabab katta miqdorda qishloq xo‘jaligi ekinlari nobud bo‘ldi. Qurg‘oqchilik esa o‘z ortidan qashshoqlik, ochlik kabi hamrohlarini yetaklab kelmoqda. Afrika sharqida ketma-ket to‘rtinchi yil yomg‘ir yog‘mayapti. Bu esa so‘nggi 40 yilda kuzatilmagan qurg‘oqchilikka doyalik qilishi mumkin.
«Iqlim ko‘z o‘ngimizda o‘zgarishga yuz tutmoqda. Favqulodda ob-havo sharoiti bashariyatning kundalik hayotiga o‘z hukmini o‘tkazmay qolmaydi. Tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun katta miqdorda sarmoya sarflashga to‘g‘ri keladi. Demak, iqtisodiy yo‘qotishlar ko‘payadi. Hozirgi sharoitda iqlim o‘zgarishlari borasida avvaldan ogohlantirish tizimi zarur. Ammo, afsuski, bunday tizim Jahon meteorologiya tashkilotiga a’zo davlatlarning yarmida bor, xolos», – deydi mazkur tashkilot bosh kotibi, professor Petteri Taalas.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham iqlim o‘zgarishi yuzaga keltirgan salbiy oqibatlarda insoniyatning o‘zi aybdor ekanini ta’kidlaydi.
«Qazib olinadigan yoqilg‘ilar ham ekologik, ham iqtisodiy jihatdan koni zarar. Barqaror kelajakning yagona kafolati bu – qayta tiklanadigan energiya manbalaridir. Shamol va quyosh energiyasini ko‘mir va boshqa qazilma yoqilg‘ilardan arzonroq usulda olish mumkin. Umid shuki, najot vositasi o‘z qo‘limizda», – deydi Antoniu Guterrish.
BMT rahbari iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etishda dunyo davlatlari bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi lozimligini uqtirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter