86 yillik tanaffusdan so‘ng! Ayo Sofiya masjidida o‘qilgan ilk juma namozida prezident ham qatnashdi
24-iyul kuni Istanbul ramzi sanalgan ko‘hna Ayo Sofiya obidasida 86 yillik tanaffusdan keyin ilk juma namozi ado etildi. Salkam bir asr davomida muzey sanalgan obida joriy yil 10-iyul kuni yana qayta masjid maqomiga ega bo‘ldi.
Ilk juma ibodatida mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda davlat va hukumat arboblari ham ishtirok etdi.
Juma namozida qatnashish istagida bo‘lgan mo‘minlar ko‘p sonli bo‘lgani bois masjid atrofidagi hududlar, jumladan, Sulton Ahmad maydoni ham ibodat uchun ajratildi.
Pandemiya hamda xavfsizlik choralariga ko‘ra masjid ichi – xonaqohga 500 chog‘li kishi qo‘yilgan. Xavfsizlikni ta’minlash uchun esa 17 ming chog‘li politsiyachi safarbar etilgan.
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Twitter mikroblogidagi rasmiy sahifasida mamlakat musulmonlarini Ayo Sofiya suratini qo‘ygan holda juma ayyomi bilan qutlagan.
Mazkur ko‘hna obida Istanbulning Sulton Ahmad mavzesida, Bosfor sohilida qad rostlagan. Ibodatxona haqidagi ilk ma’lumotlar milodning 300-yillariga borib taqaladi. Ammo yong‘inlar tufayli nasroniy cherkovi vayron bo‘lgan. Vizantiya imperatori Yustinian 537 yilda vayrona o‘rnida ulkan ibodatxona barpo etgan. Solnomalarga ko‘ra, ibodatxona qurilishiga Vizantiya imperiyasining 3 yillik boj-xiroji sarflangan.
1453-yilda Istanbul shahri sulton Muhammad Fotih tomonidan fath etilgach, Ayo Sofiya ibodatxonasi masjidga aylantirilgan. Usmoniylar davrida obida tegrasida minoralar barpo etilgan. Shu tariqa ko‘hna obida 500 yil davomida musulmonlar xizmatida bo‘ldi. 1935 yilda zamonaviy Turkiya yetakchisi Mustafo Kamol Otaturk ko‘hna masjidni muzeyga aylantirish haqida farmon qabul qildi.
1985-yili mazkur tarixiy obida YuNESKO tomonidan umumjahon yodgorligi deya e’tirof etildi.
2016-yil iyul oyida Ayo Sofiyada 85 yillik tanaffusdan keyin ilk bor azon aytildi.
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 2019-yil mart oyida Ayo Sofiya muzeyi masjidga aylantirilishi haqida gapirdi. Bu AQSh tomonidan Quddus shahri Isroil poytaxti deb tan olinishiga javob ekani xabar qilindi.
Joriy yil 29-may kuni Istanbul fath etilganining 567 yilligi munosabati bilan uyushtirilgan marosim doirasida Ayo Sofiyada Qur’oni karimning «Fath» surasi tilovat qilindi.
5--iyunda Turkiya yetakchisi o‘z yordamchilariga muzeyni masjidga aylantirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriq bergan.
Mahkamaning yakuniy xulosasi ortidan joriy yil 10-iyul kuni obidaga tarixiy maqomi qaytarildi: Ayo Sofiya yana sajdagoh o‘laroq musulmonlarga o‘z darvozalarini ochdi.
Turkiya diniy idorasi o‘tgan hafta Usmoniylar davridan qolgan an’anaga ko‘ra Ayo Sofiya jomesiga 3 nafar imom-xatib hamda 5 nafar muazzin tayinladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter