Jahon salomatlik kuni va koronavirus: BMT Bosh kotibi tibbiyot xodimlariga murojaat qildi
7-aprel an’anaviy tarzda Jahon salomatlik kuni sifatida nishonlab kelinadi. Hozir, butun dunyo koronavirusga qarshi kurashayotgan sharoitda bu kunni eslashning o‘zi og‘ir. «Yevronyus» xabariga ko‘ra, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tibbiyot xodimlariga videomurojaat qildi.
«Jahon salomatlik kuni bu yil barchamiz uchun og‘ir bir paytga to‘g‘ri keldi. Bugun men kechayu kunduz bizning xavfsizligimiz uchun kurashayotgan tibbiyot xodimlarimizga — hamshiralar, akusherlar, texniklar, paramediklar, farmatsevtlar, vrachlar, haydovchilar, farroshlar, ma’murlar va boshqalarga murojaat qilmoqchiman. Vayronkor pandemiyaga qarshi kurashda o‘zingizni xavf ostiga qo‘yib, kechayu kunduz faoliyat olib borayotganingiz uchun bugun sizdan har qachongidan-da minnatdormiz», — dedi Bosh kotib.
Jahon salomatlik kuni salomatlikni ta’minlash muammolariga jamoatchilik e’tiborini ko‘proq qaratish maqsadida 1950-yildan beri o‘tkazib kelinadi. Bu yil boshidan hamshiralar va akusherlarni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti jamoatchilikni ular tibbiy xizmat ko‘rsatishga qo‘shayotgan hissani munosib baholashga chaqirgandi.
Biroq hozir koronavirus pandemiyasi sababli barcha tibbiyot xodimlari Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilayotgan eng katta inqirozga qarshi kurashishga kirishib ketishgan. Insonlar hayoti uchun kurashayotgan shifokorlarning o‘zlari ham shafqasiz virus qurboniga aylanishyapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter