59 kishi — Groza qishlog‘idagi qirg‘in qurbonlari shaxsi aniqlandi
Ukraina Groza qishlog‘ini o‘qqa tutishda halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash ishlarini yakunladi.
Ukraina politsiyasi kriminalistlari Xarkov viloyatining Groza qishlog‘idagi kafe va do‘konga raketa hujumi oqibatida halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash ishlarini yakunladi, deb ma’lum qildi Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari Igor Klimenko.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlarning umumiy soni 59 kishini tashkil qilgan. Mobil DNK laboratoriyalari yordamida 19 qurbonning shaxsi aniqlangan.
«Qurbonlarning barchasi mahalliy aholi vakillaridir. Pensionerlar, shifokorlar, fermerlar, o‘qituvchilar, tadbirkorlar. Hammasi tinch aholi. Ayrimlarning butun oilalari vafot etgan.
Halok bo‘lganlardan biri, 60 yoshli erkakning shaxsini sud-tibbiyot ekspertlari tananing 20 ta a’zosidan foydalangan holda aniqlashgan. Qurbonlarning uylaridan olingan shaxsiy buyumlari yordamida yana ikki kishining shaxsi aniqlandi, chunki ularning DNK profillarini solishtirish uchun qarindoshlari bo‘lmagan», deydi Igor Klimenko.
Eslatib o‘tamiz, 5 oktyabr kuni rus qo‘shinlari Xarkov viloyatining Groza qishlog‘idagi do‘kon va kafega raketa hujumi uyushtirdi, u yerda o‘sha paytda Popasna yaqinida halok bo‘lgan ukrainalik harbiy Andrey Kozirning dafn marosimi bo‘lib o‘tayotgan edi. O‘lganlar orasida bir bola ham bo‘lgani ma’lum qilingan. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, rus qo‘shinlari «Iskandar» raketasi bilan hujum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter