Xorijdan 3 mingga yaqin IT mutaxassis keldi
Yil yakunigacha pensiyaga ariza berish, shaxsiy guvohnoma olish, sug‘urtalash kabi 50 ta xizmatning mobil ilovasi yaratilib, ularning soni 150 taga yetkaziladi. Shu orqali davlat xizmatidan onlayn foydalanuvchilar soni hozirgi 1,5 milliondan kamida 4 millionga yetkaziladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazayotgan yig‘ilishda AKT sohasiga katta e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlagan. Xususan, «Raqamli O‘zbekiston – 2030» dasturini amalga oshirishni qat’iy nazorat qilib borishga ko‘rsatma berilgan.
Yig‘ilishda birinchi yarim yillikda 6 ta (Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Sirdaryo, Farg‘ona, Namangan), yil yakunigacha yana 8 ta masofaviy xizmatlar markazini tashkil qilib, xorijdan buyurtmalar olishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Jahon IT bozoriga chiqqan kamida 30 ta yirik kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yish aytilgan. Eng og‘ir hududlar — Qoraqalpog‘iston, Andijon va Surxondaryoda axborot texnologiyalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ikki oy muddatda xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda amaliy loyihalar orqali ming nafar yoshlarning IT-parklarda malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Yil boshidan xorijdan 3 mingga yaqin IT mutaxassislar kelgan bo‘lib, ularning asosiy qismi shu yerda uzoq muddat qolib ishlashni reja qilganligi ta’kidlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter