Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiya uchirgan tijorat raketasi dengizga quladi

Yaponiya uchirgan tijorat raketasi dengizga quladi

Foto: «Grendz.com»

Yaponiyada «Interstellar Technologies» kompaniyasining «MOMO» kosmik raketasini uchirishga bo‘lgan navbatdagi urinishi ham muvaffaqiyatsiz tugadi: raketa Xokkaydo oroli Taiki shahridagi maydonchadan start olgandan so‘ng ko‘p o‘tmay belgilangan balandlikka yetib bormasdan dengizga qulagan.

Nosozlik sabablari hozircha ochiqlanmagan.

Hisob bo‘yicha beshinchi «MOMO-5» raketasini uchirish dastlab o‘tgan yili rejalashtirilgandi. Biroq keyinchalik texnik nosozliklar hamda koronavirus infeksiyasi epidemiyasi tufayli bir necha marta qoldirilgandi.

Xokkaydo orolida joylashgan «Interstellar Technologies» raketasozlik kompaniyasiga 2005-yilda asos solingan. 2017-yilda u uzunligi 10 metr, diametri 50 santimetr keladigan kichik «MOMO» raketasini ishlab chiqargan. Ushbu kichik o‘lchamli raketa nanoyo‘ldoshlarni koinotga olib chiqishga mo‘ljallangan. Jami besh marta raketani uchirishga urinib ko‘rishgan. Ulardan bor-yo‘g‘i bittasi 2019-yil may oyida muvaffaqiyatli tugagan.

Loyihaga ko‘ra, «MOMO» raketasi yer atmosferasi bilan koinot o‘rtasidagi chegara — Karman chizig‘ini kesib o‘tishi kerak. Shundan so‘ng, 2023-yilga borib kompaniya bortida sun’iy yo‘ldosh bo‘lgan raketani uchirmoqchi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring