Xalq ta’limi vazirligi g‘oyalar portalini ishga tushirdi
Mazkur portal orqali barchaga xalq ta’limi sohasini rivojlantirishga oid g‘oya va takliflarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazirlikning maxsus ishchi guruhiga yuborish imkoniyati yaratildi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
G‘oya va takliflarni yuborish uchun: www.idea.itsm.uz veb-sahifasiga kirib, «G‘oyangizni yo‘llang!» tugmasini bosib, quyida ko‘rsatilgan yo‘nalishlardan birini belgilash lozim bo‘ladi. So‘ngra tayyorlangan prezentatsiya shabloni yuklab olinadi. G‘oya va taklifingizni Xalq ta’limi tizimiga tatbiq etish mexanizmlarini izohlagan holda jo‘natishingiz talab etiladi:
Yo‘nalishlar:
- ta’lim sifatini yaxshilash;
- o‘qituvchilar maqomini oshirish;
- o‘qituvchilar malakasini oshirish;
- davlat-xususiy sheriklik;
- maktabdan tashqari ta’limni rivojlantirish;
- innovatsiya va texnologiyalar;
- zamonaviy maktab;
- maktablarning infratuzilmasini takomillashtirish;
- inklyuziv ta’lim;
- boshqalar.
O‘z navbatida, vazirlik ishchi guruhi tomonidan eng yaxshi g‘oya va takliflar hamda ularni hayotga tatbiq etgan muallifni aniqlash maqsadida maxsus ko‘rik-tanlov tashkil etiladi. Musobaqa natijalariga ko‘ra g‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Taqdim etilgan g‘oya va takliflarni ko‘rib chiqish tartibi alohida Nizom bilan tasdiqlanadi hamda belgilangan tartibda e’lon qilinadi.
Mazkur portal O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi «Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi» tomonidan yaratilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter