Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ucell» rahbari Vladimir Kravchenkodan o‘zbek tilini o‘rganish, davlat tilida ishlash bo‘yicha master-klass

«Ucell» rahbari Vladimir Kravchenkodan o‘zbek tilini o‘rganish, davlat tilida ishlash bo‘yicha master-klass

Tashqi ko‘rinishi va ismi sharifidan bu yigitning o‘zbek millatiga mansub emasligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Ammo uni yaqindan taniydigan, biladiganlar o‘zbek tilini hatto ba’zi o‘zbeklardan yaxshiroq biladi, deyishadi. Nega deysizmi, chunki uning o‘zi aytishicha, Alisher Navoiy, Oybek, Pirimqul Qodirov, Abdulla Qahhor va Said Ahmadning asarlarini o‘qigan. O‘quvchilarimiz xafa bo‘lishmasinu, ba’zilarimiz ularning o‘zbek adabiyotining durdonalari qatoridan o‘rin olgan asarlarini o‘qish tugul, hatto bexabarmiz. 

U o‘zbek tilini boshida mahallada o‘rtoqlaridan o‘rganganligini, adabiyotshunos olim Omonulla Madayevni ustoz deb bilishini ta’kidladi. Ijtimoiy tarmoqlarning ba’zi foydalanuvchilari tomonidan vazirlik va idoralarda davlat tiliga alohida e’tibor qaratilayotganligi bir necha marta tanqid ostiga olingan bir paytda Kravchenko ham o‘zbek tilini noldan yoki chuqurroq o‘rganmoqchi bo‘lgan ko‘plab boshqa millat, xususan rusiyzabon aholi yoki yoshlar yaxshi, zamonaviy darslik, so‘zlashgichlar, malakali kurslarning yo‘qligidan nolishini aytib o‘tdi.

Bugungi suhbatdoshimiz sizu bizning uzog‘imizni yaqin, mushkulimizni oson qilishda, yurtimizda axborot-kommunikatsiya sohasi va texnologiyalarini rivojlantirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan «COSCOM» MChJ («Ucell» savdo belgisi) bosh direktori Vladimir Kravchenko.

U yosh bo‘lishiga qaramay «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Lekin bugun unga mobil aloqa xizmati yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mavzusiga oid savol bermaymiz.

Suhbat davomida gap o‘zbek tilining nufuzi va mavqeini yanada yuksaltirish borasida ulkan ishlar olib borilayotgan bir paytda boshqa millat vakili bo‘lishiga qaramasdan uning o‘zbek tilida hecham qiynalmasdan gapirishi, o‘z fikrini o‘zbek tilida to‘liq ifodalay olishi, umuman davlat tili haqida boradi.

− O‘zbek tilini qachon va qayerda o‘rgangansiz? O‘z xohishingiz bilanmi yoki majburiyat yuzasidanmi?

− O‘zbek tilini bolalikda, «To‘qimachi» mahallasidagi do‘stlarim bilan birga o‘ynab, muloqot qilib o‘rganganman.

Men rus maktabida o‘qiganman. To‘qqizinchi sinfgacha o‘zbek tilini unchalik yaxshi bilmasdim. Albatta, tengdoshlarim, mahalladagi o‘rtoqlarim bilan gaplasha olardim. Ammo bolalikdan o‘zbek tilini hozirgi darajada biladi, deb o‘ylamang.

Bolalikda o‘zbek tilida judayam sodda darajada gaplashardim. Fikrlarimni erkin ifodalar, o‘zimni tushuntira olardim.

O‘zbek tilini Islom universiteti qoshidagi akademik litseyga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rish jarayonida puxta o‘rganganman. U yerda rus guruhlari yo‘q edi va tilni yaxshilab o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Adabiy o‘zbek tilida so‘zlashishni esa litseyda o‘qiyotganimda o‘rgandim.

Mening o‘zbek tilini yaxshi o‘rganishimga adabiyotshunos olim, Toshkent Islom universiteti qoshidagi akademik litseyning o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi Omonulla Madayev sababchi bo‘lgan. U menga xuddi o‘zbek o‘quvchilarga qaraganday qarardi. «Alpomish» dostonini xuddi boshqalar singari yoddan ayttirardi, yonimni olib, boshqalardan ajratmasdi. Biz ular bilan hatto Farg‘ona vodiysiga borib, gullagan o‘riklarning soyasida baxshilar musobaqalarini eshitganmiz.

Omonulla akaning yaxshi ma’noda talabchanligi va o‘zimning tirishqoqligim bilan men bir yilda o‘zbek tilidagi bilimimni va darajamni ancha yaxshilab oldim. Madayev mening taqdirimda katta rol o‘ynagan. Ruhlari shod bo‘lsin. Doim: «Sen ko‘proq shug‘ullanishing, ko‘proq gapirishing kerak, senga rus bo‘lganing uchun yengillik bermayman» deb takror-takror aytardi. Shunday qilib, uch yil davomida o‘zbek do‘stlarim bilan o‘qib, o‘rgandim, o‘zbek tili muhitiga sho‘ng‘ib ketdim.

Akademik litseydan so‘ng men Vestminster universitetiga kirdim va ingliz tilini chuqur o‘rgana boshladim.

− Boshqa millat vakili sifatida bugun O‘zbekistonda davlat tilining mavqeini yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga fikringiz?

− Bir qancha vaqt oldin munozaralarga sabab bo‘lgan hujjatlarni tayyorlash tartibni aytib o‘tishim mumkin.

Adashmasam, Adliya vazirligi tomonidan taklif qilingan tartibga ko‘ra, davlat organlari hujjat loyihalarini, albatta, davlat tilida ham tayyorlashlari kerak bo‘ladi. Rus tilidayam tayyorlash mumkin, ammo o‘zbek tili bilan birgalikda.

Davlat tilida matni bo‘lmagan loyihalar regulation.gov.uz portaliga o‘tkazilmasliginiyam aytishim mumkin.

Bu, albatta, juda to‘g‘ri qarorlar, har qaysi davlatda ham shunday ish tutiladi.

− Siz haqingizda gap ketganda Vazirlar Mahkamasida ishlab yurganida qaror va boshqa hujjatlarni o‘zbek tilida himoya qilardi, degan fikr bildiriladi. Shu haqida gapirib bersangiz...

− Bu oddiy ish jarayoni, ko‘pchilik uchun o‘zbek tilida muhokama qilish qulayligi va men o‘zbek tilini yaxshi bilganim sababli shunday ish tutardim.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari Axborot-tahlil departamentida ishlagan paytlarim barcha hujjatlarni rostdan ham o‘zbek tilida topshirardim.

Ungacha «O‘zbektelekom» AKda, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida ishlagandim. Va bu tashkilotlarda barcha yerda hujjatlar o‘zbek tilida rasmiylashtirilardi, bu mening yozma o‘zbek tilini bilishimga katta yordam bergan va Vazirlar Mahkamasida barcha hujjat loyihalarini o‘zbek tilida tayyorlashimga katta ko‘mak bo‘lgan.

Mantiqan bu to‘g‘ri, chunki mamlakatimizning 85 foiz aholisi uchun o‘zbek tili ona tili hisoblanadi. Hujjatlarni rus tilida tayyorlaganda esa so‘zma-so‘z tarjima davomida matnning asl ma’nosi o‘zgarib ketishi mumkin.

Shuning uchun hujjatni, avvalo, o‘zbek tilida tayyorlab, keyin rus tiliga tarjima qilishga harakat qilardim.

− Bugungi kunda vazirlik va idoralarda, hokimliklarda rahbarning davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Siz rahbarlik qilayotgan tashkilotda bu jarayon qanday kechmoqda? Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Sizning maslahatchingiz bormi?

− Mening bunday maslahatchim yo‘q, ammo davlat tili masalasida Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xodimlari va tarjimonimizdan ba’zida maslahat olib turaman.

«Ucell» savdo belgisi oldin Shvetsiya va Finlyandiyaning «Telia Company» kompaniyasiga qarashli bo‘lgani uchun korxonada ishchi til sifatida ingliz va rus tillaridan foydalanilgan.

Tashkilot to‘liq davlat tasarrufiga o‘tganidan so‘ng hujjatlar o‘zbek va rus tillarida yuritila boshlandi. Kompaniyada ish yuritish bo‘yicha yo‘riqnoma mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, barcha hujjatlar davlat va rus tillarida olib boriladi. Bu Kompaniyaning Nizomida ham yozib qo‘yilgan. Bunday munosabatning natijasida ichki Internet tarmog‘i ham ikki tillik bo‘ldi.

Kompaniya yangiliklari korporativ saytimizda davlat, rus va ingliz tillarida chop etiladi.

Murojaatchilarga esa ular murojaat qilgan tilda javob qaytaramiz.

Bir qiziq misol keltiraman. Hozirgi karantin paytida ko‘plab xodimlarimiz uydan turib ishlashayapti. 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ishchilarimiz, turli millat vakillari bo‘lgan yigit-qizlar G‘afur G‘ulomning «Sen yetim emassan» she’rini o‘qib, videorolik tayyorladi. Va bu qisqa, emotsional videofilm ikki tildagi satrlar bilan yozib olindi. Asl tilida va rus tilida – Anna Axmatova tarjimasida.

− Faoliyatingiz talabi tufayli ijtimoiy tarmoqlardan kengroq foydalansangiz kerak. Bilasiz, tarmoqlarda turli masalalar keng jamoatchilik tomonidan har xil qarashlar bilan muhokama qilinadi. Bunday holat davlat tilini yanada kengroq joriy qilish bo‘yicha ham sodir bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar to‘g‘risida fikringizni bilmoqchi edik.

 − Har qanday vaziyatda ham muhokamalar bo‘lgani yaxshi. Bu demokratiyaning eng muhim prinsiplaridan biri. Jamiyatimiz a’zolari turli masalalarda o‘z fikrlarini aytib o‘tayotganlarini qo‘llab-quvvatlayman.

Har qanday konstruktiv fikr muhokamalar rivojlanishga olib keladi.

Har bir inson o‘zi yashayotgan mamlakat tilini hurmat qilishi kerak. Men bu yerda qanaqadir majburlash haqida gapirmayapman. Masalan, Rossiyada rus tilini bilish bo‘yicha imtihon topshirishadi. AQShda ingliz tilini bilish kerakligini esa hamma tushunadi.

Tilga hurmat haqida gapirganimda, men o‘z tilida to‘g‘ri yozishni unutib qo‘ygan ayrim zamonaviy o‘zbek yoshlarini ham nazarda tutayapman. Ijtimoiy tarmoqlardagi ba’zi postlar va ayniqsa izohlar shunaqangi «zamonaviy» tilda yozilganki, ularni tushunish uchun haqiqiy o‘zbek adabiy tiliga tarjima qilishga to‘g‘ri keladi.

Ammo ko‘rinib turibdiki, jamiyatda bu muammoni anglash mavjud va biz birgalikda uni hal qilish yo‘llarini qidirayapmiz.

Masalan, o‘zbek tilini noldan yoki chuqurroq o‘rganmoqchi bo‘lgan ko‘plab rusiyzabonlar yaxshi, zamonaviy darslik, so‘zlashgichlar, malakali kurslarning yo‘qligidan nolishadi. Bularning hammasini tezroq hal qilish kerak.

- O‘zbek tilini bilasiz, demak o‘zbek adabiyoti ham sizga begona emas. O‘zbek tilida mutolaa ham qilib turasizmi?

− Ko‘pchilik o‘quvchilar yoqtirib o‘qiydigan kitoblarni mutolaa qilganman. Bular, albatta, Alisher Navoiy lirikasi, Oybekning «Navoiy» romani, Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» asari, Abdulla Qahhorning «O‘tmishdan ertaklar» va «Sinchalak», Said Ahmadning «Ufq» trilogiyasi. Qiziqarli kitoblar ko‘p.

Hozir ustozimning tavsiyalari bilan Dena Kennedining «Qattiqqo‘l menejment. Odamlarni natija uchun ishlashga majburlang» kitobini o‘qiyapman.

Uyquga ketishdan avval, albatta, kamida bir necha sahifa mutolaa qilaman. Qoidam shunaqa.

− O‘zbek tilini o‘rganayotganlarga bu borada qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

− Ko‘proq muloqot qilish, o‘zbek tilida teleko‘rsatuvlar, kino tomosha qilish, kitob o‘qish zarur. Bu so‘z boyligining orttirishga yordam beradi.

Men o‘zbek tilidagi birorta kitobni olib, boshidan oxirigacha o‘qib chiqishni tavsiya qilgan bo‘lardim.

Masalan, Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanini.

U ko‘plab tillarga tarjima qilingan, jumladan, rus va ingliz tillariga ham. Bu til bilishingizda katta qadam bo‘ladi.

O‘zbek tilida yozadigan blogerlarning telegram kanallarini o‘qib borish ham foydadan xoli emas. Ular tezkor, qiziqarli va qo‘rqmasdan yozishadi. Ammo internetdagi «o‘zbek tili»da yozadiganlarini emas, haqiqiy adabiy tildagilarni o‘qish maqsadga muvofiq.

O‘zbek tilida mutolaa qilish odatga aylanishi kerak. Men buni muvaffaqiyat kaliti, deb hisoblayman.

Nurulla Abdullayev suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring