«Toshkentda duv-duv gap» — O‘zbekiston televideniyesi 65 yoshda (video)
Toshkentda duv-duv gap bo‘ldi. O‘zbek xonadonlarida ekran ichida harakatlanayotgan dunyo, tiriklik aks etgan bir mo‘’jiza tug‘ildi. U odamlarni xonadoniga iznsiz kirib, to‘ppa-to‘g‘ri xonaning to‘ridan joy oldi.
Oila a’zolarini bir dasturxon atrofiga jam qildi va kamiga shu xonadonni zabt etgani belgisi sifatida o‘z bayrog‘ini (antenna) ilib qo‘ydi. Shu bilan u o‘zining zafarli yurishlarini boshladi. O‘zbekistonda televideniye tarixini yaratgan, uning faoliyati tarixida katta iz qoldirgan afsonalar vujudga keldi. Siz-u bizning ko‘zimiz o‘rgangan bugungi teleko‘rsatuvlarning, umuman, televizorning shu ko‘rinishga kelgunicha, televizion asarlarni uzatishning o‘z bosib o‘tgan yo‘li, tarixi, rivojlanish bosqichlari bor.
Milliy televideniye sanoatining rivojlanish tarixi XX asrning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Sho‘ro davrida mamlakatda televideniyeni rivojlantirish sobiq ittifoq davlat teleradiokompaniyasi tizimida shakllangan qat’iy iyerarxik tashkilot doirasidagina mumkin edi. Sobiq ittifoq davlatlarning mustaqil bo‘lishi natijasida vujudga kelgan yangi tarixiy vaziyat mamlakatning yagona televideniye makonining parchalanishiga olib keldi.
Markaziy Osiyoda birinchi
O‘zbekiston milliy televideniyesi rivojida yangi bosqich – o‘zgarish va bozor iqtisodiyoti voqeligiga moslashish boshlandi. Shu bilan birga, telestudiyalarning tashkiliy tuzilmasi, teledasturlarning mavzui va mazmuni, mahalliy (viloyat, shahar va tuman) telestudiyalarini rivojlanishi va hokazolarda jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. O‘zbekistonda televideniyening shakllanish va rivojlanish tarixini ikki davrga: sho‘ro va mustaqillik davriga ajratib o‘rganib chiqish talab etiladi.
Sobiq ittifoq miqyosida ilk rasmiy teleko‘rsatuvlar Ikkinchi jahon urishidan oldingi davrda Moskva shahrida, so‘ngra Kiyevda tashkil etilgan edi. O‘zbekiston hukumati ittifoq respublikalari orasida uchinchi va Markaziy Osiyo respublikalari orasida birinchi bo‘lib televideniye markazi qurilishini rejalashtirdi. XX asrning 50-yillari boshida telemarkaz loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, Toshkent televideniye markazi qurilishi boshlab yuborildi.
O‘sha davrda qurilish loyihasidagi mahobatli inshootlardan biri – balandligi 180 metrli teleminora, teleko‘rsatuv va ultraqisqa to‘lqin (UQT)da ishlovchi radioeshittirish uzatgichlarini o‘rnatishga mo‘ljallangan zal, apparat-studiya majmuasi binosi, elektr va suv ta’minoti, ventilyasiya va konditsioner tizimlari hamda televizion markazning me’yorda ishlashini ta’minlovchi ko‘pgina boshqa inshootlar barpo etildi.
Umumiy qurilish ishlari yakunlangach, 3-televizion kanalda ishlaydigan TTR-5/2,5 rusumli televizion uzatgichni montaj qilish boshlandi. Teleuzatgichning quvvati 5 kVt, tovush uzatgichiniki esa 2,5 kVt bo‘lgan. Shuningdek, 4 kVt quvvatli, «Dojd-1» rusumli, ultraqisqa to‘lqin chastotasi modulyasiyalashtirilgan radioeshittirish uzatgichlari ham montaj qilindi. Bu ishlar bilan bir vaqtda apparat-studiya majmuasi texnik jihozlari, antenna-fider moslamalari, energiya ta’minoti va boshqa qator texnologik moslamalarni montaj qilish ishlari ham olib borildi.
Texnologik qurilmalarni o‘rnatish va sozlash yakunlangach, 1956 yilning 5 noyabrida O‘rta Osiyoda birinchi bo‘lib Toshkent televizion markazi tantanali ravishda ochildi. Toshkent vaqti bilan soat 18:00da teleko‘rsatuvlar dasturi efirga berildi. Bu kun O‘zbekiston xalqi, ayniqsa, Toshkent shahri va viloyati aholisi hayotida katta bayram va esda qoladigan kun bo‘ldi. Efirga uzatilayotgan televizion ko‘rsatuvlar dasturi haftasiga 1 soat olib borilardi. Uzatgichning ta’sir doirasi, ya’ni qamrovi 80-90 kilometrni tashkil etardi.
Oldinda Toshkent telemarkazi teledasturlarini viloyatlarga yetkazish va tarqatish, bir so‘z bilan aytganda, respublika bo‘ylab televideniyeni rivojlantirish vazifasi turar edi. Sohaning yetuk mutaxassislari Toshkent telemarkazidan tarqatilayotgan telesignallarni qabul qilish imkoniyati bor joylarni aniqlash maqsadida O‘zbekistonning geografik xaritasidan kelib chiqib, uzatkichlarni o‘rnatish manzillari ustida ish olib bordilar. So‘ngra, telesignalni qabul qilish mumkinligi taxmin qilingan xarita bo‘yicha tog‘li hududlarda izlanishlar olib borildi. Izlanishlar davrida, albatta, ultraqisqa to‘lqin chastotasi diapazonining o‘ziga xos xususiyati, ya’ni uzatuvchi antenna bilan qabul qiluvchi antenna orasida to‘siq bo‘lmasligi, bir-biriga ko‘rinarli joyda bo‘lishi hisobga olindi.
1956-1957 yillarda katta qiyinchiliklar sharoitida, og‘ir va katta hajmdagi yuklar (uskunalar, televizor, qabul qilish antennasi) ortilgan otlar va eshaklarda, gohida piyoda yurib, tog‘li hududlarda telesignalni qabul qilish imkoni bor joylar (nuqtalar) aniqlandi. 1960 yildan boshlab esa soha mutaxassislarining fidokorona mehnatlari evaziga viloyatlarda ham teleko‘rsatuvlarni tashkil etish amalga oshirildi. Televideniye uzatgichlari bir necha marta yangi avlod texnik uskunalariga almashtirildi. Respublikamizning ko‘pgina viloyatlarida o‘nlab katta va yuzlab kichik quvvatli televizion stansiyalar qurib, ishga tushirildi.
Toshkent shahar va viloyati aholisiga sifatli televideniye va radoeshittirish xizmatlarini ko‘rsatish uchun 180 metrlik minora va kam kuvvatli uzatgichlar kifoya qilmasligi bois 60-yillarning boshlaridayoq Toshkentda yangi teleminora qurilishi masalasi yuzasidan birinchi takliflar ko‘rib chiqilayotgan edi va 70-yillarga kelib, yangi teleminora qurilishi uchun Toshkent shahri markazining baland nuqtasi tanlab olindi – Bo‘zsuv kanali bo‘yidan ko‘rkam manzarani o‘z ichiga olgan 6 gektarli yer maydoni ajratiladi va loyiha-qidiruv ishlari boshlab yuborildi.
Teleminora O‘zbekistonga nasib qildi
O‘sha davrda ko‘pgina loyihalar orasida O‘zbekiston hukumati a’zolarida Iroq davlatining Bag‘dod shahri uchun Moskva mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan teleminora loyihasi qiziqish uyg‘otadi. O‘rganish davrida Iroq davlati siyosiy tuzumida o‘zgarish yuz berganligi sababli Bag‘dod teleminora qurilishi loyihasidan voz kechadi. Ko‘pgina muhokama va mulohazalardan so‘ng O‘zbekiston hukumati tomonidan ana shu loyihasi negizida Toshkentda yangi teleminora loyihasini ishlab chiqilishi ma’qullanadi.
Shu davrdan boshlab teleminora loyihasini mukammalroq o‘rganib, mahalliy sharoitga moslashtirish, qo‘shimchalar kiritish ishlari boshlab yuboriladi. Loyihalashtirish davrida asosiy yo‘nalish hisoblangan televideniye va radioeshittirishdan tashqari yana qator masalalar ham hal etilishi lozim edi.
Birinchisi – teleminoraning eng yuqori qavatlarida xalq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan, atmosferaning turli qatlamlaridagi ob-havo, osmon jismlari va quyosh radiatsiyasi (nurlanishi) to‘g‘risidagi muhim ma’lumotlarni berib turadigan va atrof-muhitni kuzatuvchi meteostansiyaning texnik vositalari o‘rnatilishi talab etilardi.
Ikkinchisi – respublikamiz poytaxti va qadimiy shaharlardagi tarixiy obidalarni ziyorat qilish jahon sayohatchilar yo‘nalishi ro‘yxatiga kiritila boshlanganligi sababli, teleminora ham sayohatchilarni jalb etadigan obidalardan bo‘lishi uchun minorada shahar ko‘rkini tamosha qilish maydoni hamda ikki zaldan iborat restoran qurish zarur edi.
Bunday nodir inshoot loyihasiga o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar kiritish va Toshkent sharoitiga moslash uchun ko‘p vaqt va mehnat sarf qilindi. Bu ishda Toshkentdagi yetuk loyiha institutlari hamda O‘zbekiston rassomlari, arxitektorlari va xalq ustalari qatnashdilar.
Toshkent teleminorasi dastlab 350 metr balandlikda qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, respublikaning o‘sha davrdagi rahbariyati sa’y-harakatlari natijasida, minora qurilish jarayonida uning balandligi 375 metrga yetkaziladi. Teleminoraning foydalanishga topshirilganiga 37 yil to‘layotgan bo‘lsa-da, minora hamon o‘z jozibasi va mustahkamligini yo‘qotmay kelmoqda. Bugungi kunda Toshkentdagi teleminoralarda tungi manzarali yoritish tizimi o‘rnatilishi esa poytaxtga o‘zgacha sayqal va chiroy berib kelmoqda.
Raqamlashtirish imkoniyati
Respublikamiz mustaqillikka erishgandan so‘ng, soha xodimlari respublika teleradioeshittirish tizimini jahon andozasidagi zamonaviy texnologiyalar, jumladan, raqamli uskunalar asosida qayta jihozlash rejasini ishlab chiqadilar va uni amalga oshirishga kirishadilar. Jumladan, 2003-2005 yillarda Yaponiyaning JBIC loyihasi asosida respublikaning beshta shimoliy viloyati va Toshkent shahridagi teleradiostansiyalar qayta jihozlanadi.
2007-2008 yili respublikamizda raqamli televideniye joriy qilish konsepsiyasiga asosan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasida birinchilar qatorida Toshkent va Buxoro shaharlarida har biri 12-13ta teledasturga mo‘ljallangan raqamli teleuzatgichlar o‘rnatilib, tajriba-sinov tariqasida ishga tushirilganligini e’tirof etish o‘rinlidir.
«O‘zbekiston Respublikasi yer usti raqamli televideniye tarmog‘ini rivojlantirish» investitsion loyihasi asosida mamlakatimizda raqamli televideniyega o‘tish ishlarini bosqima-bosqich amalga oshirishga kirishildi. 2017 yil yakuniga kelib, respublikaning raqamli teledasturlar bilan qamrovi 100 foizga yetkazildi va 2018 yili respublika bo‘ylab efir orqali uzatilayotgan analog formatdagi barcha teleeshittirishlar bosqichma-bosqich to‘xtatiladi.
RTSlarga e’tibor kuchaytirildi
Oxirgi yillarda Toshkentda o‘ta yuqori aniqlikdagi televizion signal uzatilgan holda zamonaviy innovatsion 4K formatdagi yangi telekanal efirga uzatila boshlandi, yangi Zarabog‘ va Chinoz PTClar ishga tushirildi, antenna-machta mustahkamligini ta’minlash borasida korroziyaga qarshi himoya qilish ishlar amalga oshirildi, Toshkent shahrida raqamli teleuzatgich komplekslarini zaxiralash masalalari ijobiy hal qilindi, Langar va Qo‘ytosh RTSlarda 1947–1950 yillardan buyon foydalanib kelingan, ma’nan va jismonan eskirgan maxsus ikkita zanjirli transport vositalari yangilariga almashtirildi. Respublika bo‘ylab RTSlarda tunu kun mehnat qilib kelayotgan ishchi-xodimlarga qulay sharoit yaratildi, uzoq va olis mintaqalardagi RTSlarga xizmat ko‘rsatish uchun JAC rusumli 12ta yo‘ltanlamas pikap avtotrasportlar xarid qilindi. Toshkent teleminorasi binosining kirish qismi va uning tutash hududiga, Toshkentdagi ikkita teleminoraga tungi manzarali yoritish tizimi o‘rnatildi, Toshkent teleminoraning 110 metr balandligida joylashgan «Koinot» restorani mukammal ta’mirlandi.
Kelgusida ushbu ishlar bardavom etgan holda barcha viloyat markazlarida raqamli teleuzatgich komplekslari tarmog‘ini zaxiralash, Toshkent teleminorasi energiya ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, Toshkent viloyati aholisi uchun «Nurafshon» davlat telekanalini ishga tushirish, mamlakatimiz viloyat markazlarida, olis va chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholi uchun nodavlat va xorijiy telekanallar dasturlarini yetkazish hamda sonini ko‘paytirish, o‘ta yuqori aniqlikdagi zamonaviy 8K formatdagi teledasturlarni uzatish rejalashtirildi.
Bugungi kunda teleradioeshittirish tarmog‘i O‘rta Osiyoda eng katta tarmoqqa ega bo‘lib, 127ta antenna-machta inshootlar (shundan 28ta 100 m. baland AMS), 114ta katta quvvatli teleuzatgichlar, 359ta kam quvvatli teleuzatgichlar, 121ta katta quvvatli radiouzatgichlar, 260ta kam quvvatli radiouzatgichlar orqali tunu kun aholiga teleradioeshittirish dasturlari uzatib kelinmoqda.
5 noyabr – qutlug‘ kun
Shuni aytish joizki, bu sharafli ishlarni amalga oshirishda 100 yillik tarixga ega, ilk faoliyati radioaloqadan boshlanib, keyinchalik radio hamda televideniye eshittirishlar bilan ta’minlab kelgan va bugunda 1000 nafardan ortiq xodim mehnat qilayotgan «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» davlat unitar korxonasining barcha fidoyi, qat’iyatli va o‘z mehnatiga mehr qo‘ygan rahbar va mutaxassislarining qo‘shgan hissalari beqiyos.
5 noyabr – O‘zbekiston televideniyesi tashkil etilgan kun munosabati bilan O‘zbekiston televideniyesini tashkil etishda hamda rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shgan va bugunda faoliyatini olib borayotgan barcha xodimlarni ushbu qutlug‘ sana va O‘zbekiston televideniyesining 65 yilligi bilan tabriklaymiz!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter