«Tesla» kompaniyasi Elon Maskni maoshsiz qoldirishi mumkin
2017-yil «Tesla» kompaniyasi uchun ancha qiyin kechganiga qaramay, kompaniya rahbari Elon Mask 12 oy davomida deyarli 100 million dollar ishlashga muvaffaq bo‘ldi. «Bloomberg» ma’lumotlariga ko‘ra, yuqoridagi pullarning 46 ming dollari uning maoshi hisoblansa, qolgani unga mukofot puli sifatida to‘langan. Joriy yilda kompaniyaning direktorlar kengashi unga maoshni toki biror natijaga erishmaguniga qadar to‘lamaslik taklifini o‘rtaga tashladi, deb xabar berdi «Hi-News».
Rivojlanishning yangi rejasi o‘n yilga mo‘ljallangan bo‘lib, u chiqimlarni kamaytirgan holda barqaror daromad olib kelishni ta’minlaydigan bir qator yangiliklarni o‘z ichiga oladi. Kompaniya direktorlar kengashi Maskka ish haqi o‘rniga «Tesla» aksiyalarning bir foizi miqdorida transhlarni (zayom ulushi) olish taklif qildi.
Birinchi transhni olish uchun Mask kompaniya kapitalizatsiyasini 100 milliard dollarga yetkazishi kerak. Keyingi har bir transh kapitalizatsiya har safar 50 milliard dollarga oshganida to‘lanadi. Agarda Mask «Tesla» kapitalizatsiyasini 650 milliard dollarga yetkazsa unga 12 marotaba transh to‘lanadi. Hozircha ushbu reja tasdiqlanmadi. Elon Mask ovoz berish jarayonida ishtirok etmaydi.
O‘tgan yili Mask eng ko‘p maosh oladigan top-menejerlar o‘ntaligiga kirgan edi, ayni vaqtda uning boyligi salkam 21 milliard dollarga teng.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter