STIRni tez va oson aniqlash yo‘li haqida (video)
Davlat organlariga hujjatlar topshirayotganimizda deyarli har birimizdan STIR raqami talab qilinadi. Xo‘sh, STIR o‘zi nima? U bizga qachon va qanday maqsadlarda kerak yoki qayerdan olamiz?
Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi shu haqda batafsil ma’lumot berdi.
STIR – bu soliq to‘lovchining identifikatsion raqami. 16 yoshga to‘lgan har bir jismoniy shaxsga mamlakat hududi bo‘ylab yagona identifikatsion raqam belgilanadi. U bizga hujjat ishlari bilan bog‘liq har qanday jarayonda kerak bo‘lishi aniq. Shu o‘rinda «Men o‘zimga tegishli STIRni qayerdan bilishim yoki tez va oson aniqlashim mumkin?», degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Bu borada sizga my.gov.uz portali yaqindan yordam beradi.
Yagona portal orqali STIRni aniqlashning ikki usuli mavjud: ro‘yxatdan o‘tmagan va ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar uchun.
Ro‘yxatdan o‘tmagan foydalanuvchilar my.gov.uz portaliga kirib, qidiruv satriga «STIR» so‘zini kiritadi hamda «STIR aniqlash» xizmatiga o‘tadi. Xizmat pasporti ichidan «Xizmatdan foydalanish»ni tanlaydi.
Navbatdagi jarayonda fuqarolik pasporti seriyasi va raqami, tug‘ilgan kun, oy va yil kiritiladi. So‘ngra «Hujjat turi» tanlanib, keyin himoya kodi teriladi va «Qidirish» yozuvi bosiladi.
Sanoqli soniyalar ichida portal sizga o‘z STIR raqamingizni aniqlab beradi.
Guvohi bo‘lganingizdek, jarayon juda oson va qulay.
Portalda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar uchun avtorizatsiya jarayonida STIR avtomatik tarzda aniqlanadi...
Avtorizatsiyadan so‘ng my.gov.uz portali bosh sahifasining quyi qismida vidjetlar paydo bo‘ladi. Ular orasida siz o‘z STIRingizni ham ko‘rishingiz mumkin.
Eslatma! Zarurat tug‘ilganda faqat ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilargina «Hujjatni ochish» yozuvini bosish orqali hujjatni ko‘rish va chop etib olishlari mumkin.
Muhimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali tufayli STIR raqamingiz har doim yoningizda bo‘ladi!
Quyidagi video orqali my.gov.uz saytida STIRingizni oson aniqlashning ikki usuli haqida ma’lumot olasiz:
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter