Yuridik shaxslarga STIRni biriktirish reglamenti tasdiqlanmoqda
Vazirlar Mahkamasining 05.08.2024 yildagi «Soliq to‘lovchilarni hisobga qo‘yish sohasidagi ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlarni tasdiqlash to‘g‘risida» 2022 yil 2 apreldagi 150-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash haqida»gi 480-sonli qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan yuridik shaxslarga STIR biriktirish bo‘yicha reglament tasdiqlanmoqda.
STIR bir marotaba beriladi va yuridik shaxs tugatilgandan so‘ng ushbu STIR boshqa soliq to‘lovchiga biriktirilmaydi.
Ma’lumot uchun: 2021 yil 1 iyuldan boshlab soliq to‘lovchi-jismoniy shaxslarning hisobini yuritish JShShIR orqali amalga oshiriladi. Jismoniy shaxsga STIR berish davlat xizmati to‘xtatilgan.
STIR Soliq qo‘mitasi tomonidan quyidagi jarayonlarda beriladi:
- nodavlat notijorat tashkilotlariga adliya organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida;
- banklar, kredit byurolari va chet el banklarining vakolatxonalariga Markaziy bank tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (akkreditatsiya qilish) jarayonida;
- diplomatik vakolatxonalar, xorijiy davlatlarning konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalariga Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonida;
- xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalariga Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonida;
- boshka yuridik shaxslarga davlat xizmatlari markazlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida.
Ro‘yxatga oluvchi organlarning so‘rovnomalari Soliq qo‘mitasining tizimida real vaqt rejimida, biroq 1 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Identifikatsiya raqamini noto‘gri yoki noaniq ko‘rsatish soliq to‘lovchilarning identifikatsiya raqamlarini qo‘llanish tartibini buzishga tenglashtiriladi.
Ma’lumot uchun: STIR quyidagi hujjatlarda majburiy ko‘rsatiladi:
- faoliyatning ayrim turlari bilan shug‘ullanish uchun litsenziyalarda;
- yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar tomonidan tuziladigan xo‘jalik, fuqarolik-huquqiy va mehnat shartnomalarida;
- yuridik shaxslar va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan bitimlar tuzilganligini belgilovchi yoki tasdiqlovchi hujjatlarda, shu jumladan hisobvaraq-fakturalarda va tovar-kuzatuv hujjatlarida;
- pul, hisob-kitob va to‘lov hujjatlarida;
- qonunchilikda belgilangan hollarda boshqa hujjatlarda.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 06.08.2024 yildan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter