«SMMchiga diplom kerakmi?» — Umidjon Ahtamov bilan suhbat
«Xabar.uz» «Among youth» loyihasi doirasidagi intervyularni davom ettiradi.
Qashqadaryolik Umidjon Ahtamov Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti Toshkent filialining 3-bosqich talabasi, SMM menejer. Ijtimoiy tarmoqlarda «Google bilan», «Foydali link» va «Zukko Team» platformalarini boshqarib kelmoqda.
Nega SMM sohasi, nima uchun bu yo‘nalishni tanlagan, sohadagi muammolar — suhbatimiz shu haqda.
SMM sohasiga kirib kelishi
Balki bolaligimdan shunga moyil bo‘lgandirman: ijtimoiy tarmoqlarda fikrlarimni tartibli bayon eta olardim, matematik va strategik yondashuvim, xatosiz yozishim sohaga olib kirgandir balki. Aslini aytadigan bo‘lsam, SMM sohasiga telegramda kanal ochish bilan kirib kelganman. Dastlab ta’limiy kanaldan boshladim. Bu kanalni yuritish, brendni shakllantirish va tanitish, to‘g‘ri reklama olish kabi jarayonlarni o‘z tajribamda o‘rgandim. So‘ng biroz mablag‘ yig‘ib, «Google bilan» kanalini ochdim. Bu kanal g‘oyasi «TikTok»dagi bir rus yigitining videolarini ko‘rish ortidan paydo bo‘lgan.
So‘ngra brending bo‘yicha professionallar bilan ishladim, odamlarga foydasi tegadigan kontentlarni ulasha boshladim. Keyinroq bilsam, bu mavzuda o‘zbek segmentida ancha oldin ochilgan «Foydali link» kanali bor ekan. Shunga qaramasdan, o‘z kanalimni yuritishda davom etdim.
Hozir 10 ga yaqin foydali kanallar asoschisi, investori, asl kasbi 3D modellashtirish bo‘lgan Abdusattor Abdurahimov jamoasida ishlayapman. Fevral oyi boshlarida Abdusattor aka bilan «Zukko Team» loyihasini boshladik. Loyihadan ko‘zlangan maqsad onlayn tarzda obunachilarning mantiqiy fikrlashini rivojlantirish.
Daromadimga keladigan bo‘lsak, hozir o‘rtacha $400-500 atrofida.
SMM haqida
Zamon rivojlanyapti va hayotimizdagi muammolarga internet olamida ham tezroq, samaraliroq yechimlar paydo bo‘lyapti. Masalan, tadbirkorlar ham o‘z xizmati yoki mahsulotlari uchun xaridorlarni ko‘chalardagi bannerlar, televideniye, saytlar yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali jalb qilishyapti.
SMM (Social Media Marketing), ya’ni ijtimoiy tarmoqlardagi marketing — ya’ni mahsulotlar, tovarlar va xizmatlarni ijtimoiy tarmoqlarda tanitish, ularning sahifalarini yurgizishdir. SMMning rivojlanishi, albatta, ijtimoiy tarmoqlar — muloqotning asosiy bo‘g‘ini bo‘layotganligi bilan izohlash mumkin. Ochig‘ini aytish kerak, hozir tadbirkorlar uchun o‘z xizmati yoki mahsuloti haqida ma’lumot berish TV, radio, gazeta yoki ko‘cha bannerlariga qaraganda, saytlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham samarali, ham oson.
Bir so‘z bilan aytganda, SMM yordamida kompaniyalar:
- Brend yaratish va uni yurgizish yoki tanitish;
- PR;
- Kompaniya sayti yoki tarmoqlardagi sahifalariga tashrif buyuruvchilar sonini oshirish;
- Mijozlar, foydalanuvchilarda xizmat yoki mahsulot yuzasidan paydo bo‘lgan savollarga tezkor javob berish imkoniyatlariga ega bo‘ladi.
SMM mutaxassisining vazifalari:
- Kompaniya mijozlari haqida umumiy ma’lumotlar to‘plash;
- Kompaniya tovar yoki xizmatlarini to‘g‘ri auditoriya tanlagan holda tavsiya qilish;
- Kompaniya blogini yurgazish;
- Kompaniya sohasiga mos forumlar yaratish, ularda mahsulot yoki tovar yuzasidan beriladigan savollarga javob berish;
- «Virusli marketing»ni tashkil qilish.
Yana bir muhim narsa: SMM mutaxassisi — grafik dizayner ham, dasturchi ham, kopirayter ham emas, ammo ularning yordamida kuchli marketing qila oladigan, strategik jihatdan kuchli inson bo‘lishi kerak.
IT sohasi bo‘yicha tasavvur juda oz
Bilasizmi, muammolar haqida so‘raganingiz uchun SMM emas, IT-sohasi haqida gapirmoqchiman. Kuzatishlarim bo‘yicha xalqimizning katta qismida hali ham IT-sohalari bo‘yicha tasavvur yetarli emas. Aynan shu sabab tufayli o‘zim tanigan ko‘plarning bu sohaga kirishiga ota-onalari qarshilik qilishgan. Indallosini aytganda, ularning sohaga qiziqishi so‘ngan, so‘ndirilgan...
To‘g‘ri, dasturlash sohasini Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida yaxshi qabul qilishadi, ammo chekkaroq tumanlardagi ota-onalar, ustozlarda bu sohalar haqida yuzaki bo‘lsa-da tasavvur yo‘qligi yoshlar uchun muammo bo‘lmoqda. Ochig‘i, aksariyat yoshlarimiz va ularning ota-onalari ongida faqatgina universitet diplomi asosiy maqsad ekanligi hozirgi zamonda achinarli holat. Bu muammoga yechim sifatida O‘zbekistonning barcha chekka nuqtalarida soha mutaxassislari bilan katta tadbirlar, davomli muloqotlar o‘tkazilishi zarur, deb o‘ylayman.
IT-sohalarini o‘rgatadigan markazlar kamligi esa ikkinchi o‘rinda. Agar birinchi muammo o‘z yechimini topsa, bu muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi.
SMMni o‘rganmoqchi bo‘lganlarga tavsiyalarim...
Birinchi navbatda noutbuk sotib olishni maslahat beraman. O‘rganmoqchi bo‘lganlar bir narsani tushunib yetishlari shart, faqatgina telefon bilan bu sohaga kirib kelish — tennisni qoshiq bilan o‘ynash bilan baravar. Smartfon bilan ham nimanidir o‘rgana olishadi, ammo o‘zlarining imkoniyatlarini ham cheklab qo‘yishadi. Shuningdek, soha bo‘yicha o‘quv kurslarida, onlayn yoki oflayn bo‘lishidan qat’i nazar, albatta o‘qishlari lozim. O‘rganish jarayonidan chalg‘imaslik kerak. Biluvchilardan so‘rab o‘rganishdan ham uyalmaslik kerak.
Boshqa IT-sohalariga kirib bormoqchiman
Kelajakda boshqa IT-sohalariga ham kirib bormoqchiman. Ayniqsa, 3D modellashtirishga juda qiziqaman. Keyinroq dasturlash bo‘yicha o‘zim tug‘ilib o‘sgan tuman — Shahrisabzda yoshlarga ta’lim berish niyatim bor.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter