«Badiiy tarjimonlikdan yaxshi daromad ko‘rish amri mahol...» – Ziyodaxon G‘ulomova tarjima muammolari va Yangi O‘zbekiston haqida
«Xabar.uz» portali «Among youth» loyihasi doirasidagi intervyularni davom ettiradi. Ziyodaxon G‘ulomova — Prezident stipendiyasi sohibi, tarjimon va yosh tadqiqotchi. Hozirgi kunda O‘zbekiston Milliy universitetining tayanch doktoranti.
Tarjimonlik sohasidagi muammolar, oliy ta’lim tizimiga takliflar, «Yangi O‘zbekiston» haqidagi orzular — Ziyodaxon G‘ulomova bilan suhbatda.
— Sizni yosh va umidli tarjimon sifatida ham taniymiz. Tarjimonlik siz uchun doimiy faoliyatmi yoki shunchaki hobbi? Umuman, tarjimonlikda kelajagingizni qanday ko‘ryapsiz?
— Doimiy ishim emas, doimiy hobbim desam ham bo‘ladi. Hobbi bo‘lishdan tashqari, o‘z ustimda ishlash, rivojlanish, yangi narsalarni o‘rganish uchun ham katta imkon. Masalan, kitob mutolaa qilgan vaqtimiz umumiy taassurot va bilim olishimiz mumkin. Ammo uni tarjima qilganda, har bir so‘z ustida ishlab, to‘liq tushunilmagan jumlalarni izohli lug‘atlar, kezi kelganda ensiklopediyadan ko‘rib, o‘rganamiz.
Bizda badiiy tarjima orqasidan katta daromad olish amri mahol. Shuning uchun uni doimiy asosiy ishga aylantirib bo‘lmaydi. Doimiy ishingizga qo‘shimcha ravishda, o‘z ustingizda ishlashni, doim nimadir o‘rganishni, o‘zingiz zo‘r deb bilgan asarlarni vatandoshlaringiz ham o‘qishini, bilishini xohlasangiz, badiiy tarjima bilan shug‘ullanishingiz mumkin.
— Mamlakatimizda sohangizining rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan omillarni nimalarda ko‘ryapsiz?
— Moliyalashtirilmasligini aytishim mumkin. Ochig‘i, adabiyot va tarjima sohasi yetarli darajada rag‘batlantirilmaydi. Qanchadan-qancha iste’dodlar tarjima ortidan oila boqolmasligini bilib, o‘zini boshqa sohaga uradi. Agar o‘zingiz biror asarni mustaqil tarjima qilib, nashriyotga bersangiz, ular «Bu asar sotilishiga ishonchingiz komilmi?» deb shubhalanishadi. Ishonishgan taqdirda ham qalam haqini kitob nashrdan chiqib, daromad ko‘rgandan keyin berishadi. Agar o‘zingiz moliyalashtirib, nashr qildirsangiz, marketingi haqida ham o‘zingiz qayg‘urishingiz kerak.
Tarjimonni hech kim tanimaydi. Shuning uchun ko‘p til biladiganlar ko‘p boshog‘riq bo‘lmaydigan, mehnatiga yarasha vaqtida haq oladigan sohalarda ishlaydi.
Tag‘in ham hozirda xususiy nashriyotlar, masalan, «Asaxiy Books» tarjimani qo‘llab-quvvatlayapti va shuning natijasida O‘zbekiston bozorida ancha kitoblar o‘zbek tilida paydo bo‘lyapti. Davlat tomonidan mablag‘ ajratilib, yangi kitoblarni asl tilidan tarjima qilib, bozorga chiqaradigan raqobatbardosh nashriyotlar soni ko‘paytirilsa, juda katta yutuqlarga erishiladi. Tarjima sifati ham yaxshilanadi.
Ilmiy tadqiqot, OTM o‘qituvchilari haqida gapiradigan bo‘lsam, ularga haligacha bosim ko‘p. Yiliga kamida bir marta «Scopus»da maqola chiqarish talabi qo‘yilgan. Lekin u yerda maqola chiqarish juda qimmatligi (o‘rtacha 500 dollar) bilan ko‘p o‘qituvchilarni qiynaydi. Balki Oliy ta’lim vazirligi eng yaxshi maqolalar to‘lovi uchun grant ajratsa yoki boshqa imtiyoz/yengilliklar bersa, o‘qituvchilar majburiyatdan emas, sohaga qiziqqanidan va bilimlarini bo‘lishishni xohlaganidan maqola yozar, natijada ilmiy salohiyat ham oshar edi. Qizig‘i, Yevropada «Scopus»da maqola chiqar, degan talab umuman yo‘q.
— Doktoranturadagi ilmiy ishingiz qanday muammo yechimiga qaratilgan?
— Hozirda tayanch doktoranturada makrokomparativistika bo‘yicha ilmiy izlanish qilyapman. Tadqiqotim amerikalik adib Ralf Ellisonning «Ko‘rinmas odam» va Sadriddin Ayniyning «Qullar» romanlarida mazlum obrazining qiyosiy-tipologik tahliliga qaratilgan. Bizda Sadriddin Ayniy ijodi bo‘yicha tadqiqotlar nihoyatda oz. Ralf Ellison-ku, o‘zbek adabiyotiga butkul olib kirib, o‘rganilmagan.
— So‘nggi vaqtlar leksikonimizda «Yangi O‘zbekiston» atamasi faol qo‘llanilmoqda. Sizningcha, «Yangi O‘zbekiston» o‘zi qanday bo‘lishi kerak?
— Yangi O‘zbekistonda ilm ahli qadrlanishini, chinakam olimlar jamiyatning yuqori bo‘g‘inida turishini orzu qilaman. Xalq qo‘shiqchi yoki tiktokerchidan ham ko‘ra, kashfiyotchilarni, o‘z olimlarini, yozuvchilarii, tarjimonlarini tanishini orzu qilaman.
Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilini hamma hurmat qilishini, barcha amaldor, rahbarlar o‘zbek tilida ravon nutq so‘zlashini xohlayman.
Yangi O‘zbekistonning binolari baquvvat, suv to‘g‘onlari xavfsiz, daraxtlari ko‘p bo‘lishini, insonlar bilan bir qatorda jonivorlar ham erkin yashashini xohlayman.
Yangi O‘zbekistonda universitet rektorlari tayinlanmasligini, balki ochiq tanlov e’lon qilinib, eng iqtidorli, eng ilmparvar, eng loyiq odam tanlanishini orzu qilaman.
Yangi O‘zbekistonda yangi sohalar, masalan, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlimshunoslik kabi sohalar rivojlanishini, jamiyatga oid biror qonun qabul qilishdan oldin parlamentda maxsus sotsiologlar guruhi uni ijtimoiy nuqtai nazardan o‘rganib chiqishini, ularning xulosasi ahamiyatli bo‘lishini xohlayman.
— Kelajakdagi rejalaringiz?
— Rejalar ko‘p. Umrim oxirigacha kamida 40 ta asarni ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilmoqchiman. Ilmiy faoliyatimni davom ettirib, O‘zbekiston Yangi O‘zbekistonga aylanishida oz bo‘lsa-da hissamni qo‘shmoqchiman. Yana ilm-fan jurnalistikasi doirasida ham ko‘plab materiallar tayyorlamoqchiman. Bu O‘zbekistonga endigina kirib kelayotgan soha.
Yaqinda «Internews» va ko‘plab axborot hamkorlari, jumladan «Asanov formati» hamkorligida Qozog‘iston, Tojikiston hamda O‘zbekiston jurnalistlari va ilmiy-tadqiqotchilari uchun Ilm-fan va tibbiyot jurnalistikasi kursi tashkil qilindi. Buning an’anaviy juralistikadan farqi ilmiy jurnallarda chiqqan biror kashfiyot, ilmiy yangilik yoritilgan maqolani olib, ekspertlar bilan muhokama qilib, jurnalistik material yoziladi. Menimcha, bu odamlarni faqat yangilik va xabarlarni iste’mol qilishga majburlamay, yangi bilimlar ulashishda yordam beradi.
Nurillo To‘xtasinov
suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter