ShHT davlatlari raqamlashtirish borasida qanday hamkorlik qiladilar?
So‘nggi o‘n yilliklarda ko‘plab davlatlar, jumladan, ShHTga a’zo bo‘lgan yetakchi davlatlar — Xitoy, Hindiston, Rossiya, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari iqtisodiy o‘sishni saqlab qolish va tezlashtirish bo‘yicha o‘zlarining raqamli strategiyalarini ishlab chiqdilar va ularni rivojlanish maqsad-vazifalariga uyg‘un ravishda doimiy optimallashtirmoqdalar.
Masalan, Markaziy Osiyo mintaqasining deyarli barcha davlatlari (Turkmanistondan tashqari) raqamlashtirishni rivojlantirish bo‘yicha o‘z dasturlarini qabul qilgan. Xususan, 2018-yilda Qozog‘iston «Raqamli Qozog‘iston» dasturini tasdiqladi, O‘zbekiston 2020-yilda «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasini, Tojikiston 2020-yilda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qildi.
Bugungi kunda raqamlashtirishning rivojlanishi tufayli butun dunyoda 5G, sun’iy intellekt, aqlli shahar kabi yangi texnologiyalar paydo bo‘lmoqda. Ular butun dunyoning ilmiy-texnik taraqqiyotiga, ishlab chiqarish tuzilishiga va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
ShHT yetakchi davlatlaridan biri — Xitoyning raqamlashtirish va turli yangi texnologiyalarini kundalik hayotga joriy etish, ayniqsa, «xavfsiz shahar» platformasi («aqlli shahar») va 5G tarmoqlarini yaratish borasidagi yutuqlari tashkilotga a’zo mamlakatlarda, jumladan, mintaqamiz davlatlarida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xitoy 5G texnologiyasini rivojlantirish borasida asosiy mamlakatlardan biridir. Alibaba, Tencent va Huawei kabi texnologiya gigantlari «Kremniy vodiysi»ning global raqobatchilardir. Nisbatan qisqa davr oralig‘ida ular tijorat va AT sohalarida gigantlarga aylandi, ularning xizmatlaridan Sharqiy, Janubi-Sharqiy hamda Markaziy Osiyo va Rossiyada keng foydalanilmoqda.
Masalan, bugungi kunda Huawei mintaqamizning uchta davlati — O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda IT-sohasida bozor yetakchisi hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘iston aholisining 60 foizidan ortig‘i Huawei uskunasiga asoslangan qurilmalar va xizmatlardan foydalanadi. Kompaniya Qozog‘iston uchun maxsus 300 dan ortiq mahsulot va texnologiyalarni ishlab chiqaradi va ichki bozorga yetkazib beradi.
Huawei O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda respublikaning kelajakdagi rivojlanishi uchun bir qator strategik muhim loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Huawei hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, UMS mobil operatori, Xalq ta’limi vazirligi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘rtasida memorandumlar imzolandi. Imzolangan hujjatlar doirasida respublika IT-infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xavfsiz shahar loyihasini yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga oid qator kelishuvlarga erishildi.
Mutaxassislarlarining fikricha, Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlarining transport infratuzilmasini rivojlantirishda raqamlashtirish alohida o‘rin tutadi, buning natijasida transport xarajatlarini 30 foizga kamaytirish va transport yo‘nalishlarining o‘tkazish qobiliyatini 40 foizga oshirish mumkin. Multimodal transport-logistika markazlarini birgalikda qurish, ShHTga a’zo davlatlarning transport yo‘nalishlari bo‘ylab sanoat klasterlari tarmog‘ini shakllantirish ShHT davlatlarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishda yordam beradi.
Shuning barobarida jamiyat va davlatlar hayotini jadal raqamlashtirish kiberxavfsizlik sohasida bir qator dolzarb muammolarni keltirib chiqarmoqda. Mutaxassislarning fikricha, 2021-yilda dunyoda kiberhujumlar soni 2020-yilga nisbatan 50 foizga oshgan. 2021-yilda dunyodagi eng ko‘p hujumga uchragan tarmoqlar orasida ta’lim va tadqiqot sektori birinchi o‘rinni egalladi.
Shu boisdan ham 15 yil avval ShHT kun tartibiga kiritilgan xalqaro axborot xavfsizligi mavzusi bugungi kunda raqamlashtirish sharoitida ham dolzarbligicha qolmoqda. O‘tgan yillar davomida ShHTga a’zo davlatlarning axborot makonida mas’uliyat xulqi bo‘yicha universal qoidalarni ishlab chiqish, AKTdan noqonuniy maqsadlarda foydalanishning oldini olish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarga rahbarlik qilish imkonini beruvchi yagona yondashuv shakllandi. 2021-yilda Dushanbedagi yubiley sammit yakunlari bo‘yicha 30 ta hujjat, jumladan, O‘zbekiston va Rossiya tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ShHT mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik rejasi imzolandi.
Bugungi kunda raqamlashtirish ShHTga a’zo davlatlarning inklyuziv iqtisodiy rivojlanishi va investitsiya jozibadorligini oshirishning garovidir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Samarqand sammitida tashkilotga a’zo davlatlarning 2023-2027-yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish bo‘yicha Kompleks dasturning qabul qilinishi shubhasiz. Tadbir ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ko‘pqirrali sheriklik darajasini, jumladan, raqamlashtirish sohasini yuksaltirishga hissa qo‘shishi shubhasizdir.
Muzaffar Jalolov,
Toshkentdagi INHA universiteti rektori
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter