Prezidentning yangi farmoni qabul qilindi
«2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–6181-son, 04.03.2021 y.) qabul qilindi.
Farmon bilan belgilangan yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Maqsadli ko‘rsatkichlar, jumladan, quyidagilarni nazarda tutadi:
- nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qo‘llab-quvvatlash hajmini 2021 yilda kamida 1,2 baravarga, 2025 yilda 1,8 baravarga oshirish;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlariga 2021 yilda 16 milliard so‘m, 2025 yilda 70 milliard so‘m mablag‘lar ajratish;
- mamlakatimizda e’lon qilinadigan yilga oid davlat dasturida ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari sonini 2021 yilda 30 taga, 2025 yilda – 50 taga yetkazish;
- sodir qilinayotgan huquqbuzarliklarni nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan 2021 yilda 3,8 foizga, 2025 yilda 19,2 foizga kamaytirish;
- 2021 yilda 50 ta, 2025 yilda 250 ta nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini Davlat boshqaruvi akademiyasida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
2021 yil 1 apreldan nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi.
Mazkur ochiqlik indeksini ishlab chiqish va to‘liq amaliyotga joriy qilish adliya organlariga yuklatiladi.
Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qo‘mitalari (komissiyalar) majlislarida ishtirok etuvchi doimiy vakili instituti joriy etiladi.
Doimiy vakil fuqarolik jamiyati rivojiga hissa qo‘shgan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda faollik ko‘rsatgan, el-yurt izzat-hurmatiga sazovor bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari orasidan Jamoatchilik palatasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 maydan «Shaffof xayriya» yagona interaktiv portali ishga tushiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter