«Samsung Galaxy S20» savdosi birinchi kuniyoq «sindi»
«Samsung Galaxy S20» turkumi smartfonlarining savdosi birinchi kuniyoq o‘xshamadi: telefon ilgarigi flagmanlar kabi qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketmadi.
Ekspertlar ayni holatni koronavirus bilan bog‘lashmoqda, qolaversa, devayslarni sotishda bonuslar ham yo‘q.
Soha manbalari yozishicha, 27-fevralga to‘g‘ri kelgan birinchi savdo kuni Janubiy Koreyada 70,8 ming dona qurilma sotildi.
Telekommunikatsiya kompaniyalaridan biri vakilining OAVga tushuntirishicha, savdoning baroridan kelmasligini «COVID-19» pnevmoniyasi tarqayotgani sababli do‘konlarga xaridorlar oqimi kamaygani bilan izohlash mumkin.
Qolaversa, «Samsung» kompaniyasi yangi smartfon uchun riteylerlarga siylov («skidka») joriy etmagan va subsidiyalar hajmini ham kamaytirgan.
Taqqoslash uchun: o‘tgan yilgi «Galaxy S10»ning relizidan so‘ng ilk kuni 140 mingta (ikki baravar ko‘p) qurilma sotilgandi. «The Korea Herald» ma’lumotiga ko‘ra esa, «Galaxy Note 10» bozordagi debyutini birinchi kunda sotilgan 220 ming dona qurilma bilan nishonlagandi.
Fevral oyi oxiriga kelib, Janubiy Koreyada «COVID-19» virusini yuqtirganlar soni 700 kishidan oshib ketdi (hozir 4 212 nafarga yetdi, shundan 22 nafari vafot etgan).
«Samsung Galaxy S20» smartfonlari fevral oyi o‘rtasida taqdim etilgandi. Yangi qurilmalarga AMOLED-ekranlar, shu kundagi eng kuchli Snapdragon 865 hamda Exynos 990 protsessorlari o‘rnatildi, amaliy tizimi — Android 10. Ushbu turkumga kiruvchi «Galaxy S20 Ultra» 108 megapikselli, yuz karra yaqinlashtiruvchi (zum) kamerasi bilan ajralib turadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter