Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqamli markirovka tizimi «qora» texnikaga qarshi kurashadi

Raqamli markirovka tizimi «qora» texnikaga qarshi kurashadi

Mamlakatimizda maishiy texnika vositalariga bo‘lgan talab katta. Natijada mashhur brendlar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham aholiga kundalik hayotda zarur bo‘lib qolgan sifatli tovarlarni taklif qilishyapti. Do‘konlarda Bosch, Samsung, Indesit, LG kabi mashhur ishlab chiqaruvchilar bilan bir qatorda Artel, PREMIER, Shivaki, Foton kabi mahalliy kompaniyalarda tayyorlangan televizorlarni, muzlatkichlarni, mikser, changyutkich va shu kabi kundalik yordamchilarimizga aylanib ulgurgan tovarlarni ko‘rishimiz mumkin.

Muhimi – mahsulot haqiqiy, ishlab chiqaruvchisi aniq, sifati kafolatlangan. Ammo bozorlarda notanish kompaniyalarning mahsulotlari ham ancha arzon narxda uchrab qoladi. Xaridor narxiga uchib, arzonroq taklifni tanlashi mumkin, albatta! Lekin bu kontrafakt mahsulot ekanini bilmasligi ehtimoli katta. Natijada sifati kafolatlanmagan tovar tez orada buzilib qolsa, javobgarlikni hech kim bo‘yniga olmaydi! Aldangan xaridor «teshik tog‘ora» oldida qolib ketaveradi.

Maishiy texnika vositalarining kontrafakti – bu global muammo. Sababi talab yuqori hisoblangan bu segmentni qalbakilashtirishga va noqonuniy olib kirib, muomalaga kiritishga urinayotgan soxta «ishbilarmonlar» yo‘q emas. Misol uchun, yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan «Chuqursoy» bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda xorijdan yuk konteynerida keltirilgan tovarlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Ko‘rik davomida temir yo‘l konteynerida kirib kelgan tovarlarning bojxona to‘lovlari tovarlarning har bir donasiga hisoblansada, hujjatlarda miqdori qayd etilmaganligi aniqlandi. Natijada, 5 mlrd. 344 mln. so‘mlik 23 800 dona maishiy texnika tovarlari holatga aniqlik kiritilgunga qadar vaqtincha saqlovga olindi.

Bu nima degani? Demak qariyib 24 ming dona fen, dazmol, soch dazmollari va boshqa tovarlar ichki bozorimizga noqonuniy yo‘l bilan muomalaga kirishi mumkin edi. Zarar – birinchi navbatda xaridorga, va albatta – davlat budjetiga, chunki hujjatda ko‘rsatilgan har bir dona mahsulot uchun belgilangan tartibda to‘lov amalga oshiriladi.

Albatta ishlab chiqaruvchilar ham bundan ziyon ko‘radi. Chunki kontrafakt mahsulot ularning brendlari ostida soxtalashtirilgan bo‘lsa, xaridor kompaniyaga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi. Natijada sog‘lom raqobatga putur yetadi, asl mahsulotga bo‘lgan ishonch yo‘qoladi.

Aynan raqamli markirovka tizimi masalaga yechim bo‘la oladi. «Asl Belgisi» nomi ostida tadbiq etilayotgan yangi tizim hamma uchun foyda keltirishi aniq. Uning natijasida ishlab chiqaruvchilar daromadlarini o‘sishi va «oq biznesni» raqobatbardoshliligini oshirishlari, har bir mahsulot harakati to‘g‘risidagi ma’lumotga ega bo‘lishlari va jarayonlarni optimallashtirishlari mumkin bo‘ladi. Iste’molchilar – qonuniy va sifatli tovarlarni sotib olishga ishonch hosil qilishadi, hayotlari va budjetlarini muhofaza qilishlari va «Asl Belgisi» mobil ilova orqali haqiqiy mahsulotni tanlab, huquqlarini himoya qilishlari mumkin. Davlatimiz esa «qora» bozorni qisqartirib, mehnat unumdorligini oshiradi, soliq va bojxona to‘lovlarini optimallashtiradi hamda Tovar bozorlarini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bularning barchasiga birgina tizim – markirovkalash orqali erishsa bo‘ladi. Tizim AQSh, Yevropa mamlakatlari, Turkiya, Rossiya, Hindiston va yaqin qo‘shnilarimizda ham muvaffaqiyatli tadbiq etilmoqda. Natijalar ham yuqori unumdorlikni ko‘rsatmoqda. Demak bu muammoning yechimi bor.

2021 yilda aynan maishiy texnika vositalarini markirovkalash bo‘yicha tajriba loyihasi amalga oshirilgan edi. Tajriba loyihasida mamlakatimizning yirik maishiy texnika ishlab chiqaruvchilari ishtirok etdi. Bular Artel, Texnopark, Foton, Roison, Ideal Lux, Vista kabi nufuzli kompaniyalardir. Bu ishlab chiqaruvchilarning barchasi iste’molchilarimizga yaxshi tanish va aytishimiz mumkinki, «Made in Uzbekistan» savdo belgisi ostida sotilayotgan mahsulotlarning aksariyati ular hissasiga to‘g‘ri keladi.

«Milliy katalog tizimida o‘z maishiy texnikasini ro‘yxatdan o‘tkazgan va kodlariga buyurtma bergan kompaniyalar soni 15 dan ortiq. Jami 40 dan ortiq ishtirokchilar mavjud (brend, ulgurji va chakana savdo vakillarini hisobga olgan holda). Ishtirokchilar geografiyasi ham butun O‘zbekistonni qamrab oladi. Markirovkalash tizimi Samarqand, Toshkent viloyati va poytaxtda faol sinovdan o‘tkazildi. Shu 5 oy davomida katta ishlar amalga oshirildi», — deya tizim operator hisoblangan CRPT Turon MChJ loyiha menedjeri Ravshan Rasuli ishtirokchilar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

«Avvalambor, tizim kotrafaktga qarshi kurashishda yordam beradi va savdo o‘sishiga yordam beradi deb umid qilamiz. Yana bir muhim jihat - tovarlar harakatini kuzatish va bozor talabini o‘rganish imkoniyati. Tizim bizga — ishlab chiqaruvchilarga ma’lum bir mahsulotni ishlab chiqarishni malakali qurishga yordam beradigan muhim tahliliy ma’lumotlarni taqdim etadi. Bizga iste’molchilar qo‘lida juda foydali vositaga aylanadigan Asl Belgisi mobil ilovasi g‘oyasi juda yoqdi. Ba’zida sotib olayotganda original nusxani soxtasidan ajratib bo‘lmaydi», – deya izoh berdi tajriba ishtirokchisi «PREMIER» kompaniyasi direktor o‘rinbosari Zafar Irgashev.

So‘nggi ikki yil ichida onlayn savdo dunyosi keng miqyosda rivojlanmoqda. Onlayn do‘konlar juda keng turdagi mahsulotlarni taklif qilmoqda. Lekin har doim ham reklamadagi rasm, sotib olingan tovarlarning haqiqiy ko‘rinishi bilan bir xil bo‘lmaydi. Qanday qilib mijozning ishonchini saqlab qolish mumkin? Ayniqsa, agar soxtaligi iste’molchilarda ishonchsizlikni keltirib chiqaradigan jahon brendlarining maishiy texnikalarini sotishiga tegishli bo‘lsa?
GINZA AZIA MChJ va Philips Avent kompaniyasi rahbari — Larisa An bu borada o‘z fikri bilan o‘rtoqlashdi. U boshqarayotgan onlayn do‘kon Philips jahon brendining mahsulotlarini taklif etadi.

«Afsuski, bu global muammo. Biz bir necha bor Philips nomi bilan chiqarilgan soxta mahsulotlarga duch kelganmiz. Ular juda o‘xshash edi, ammo ular original mahsulotlar emas. Uning sifati uchun hech kim javobgar bo‘lmaydi. Ammo oxir-oqibat, «qora» texnika, haqiqiy ishlab chiqaruvchining imidjiga salbiy ta’sir qiladi.

Misol uchun, Rossiyada har uchinchi mahsulot soxta hisoblanadi. Shunday mahsulotlar onlayn-do‘konlarda sotiladi, chunki mahsulotni sotib olishdan oldin tekshirish imkoniyati yo‘q. Albatta, soxta mahsulotlardan ximoyalanish uchun qo‘llab-quvvatlash xizmatlari mavjud. Ammo agar buyurtma to‘lovidan so‘ng xaridor unga soxta narsa berilganligini tushunsa, birinchi navbatda, asl mahsulotni ishlab chiqaradigan kompaniyaning imidji zarar ko‘radi.

Bu muammoga qarshi kurashish uchun onlayn sotuv kuchli vositaga muhtoj edi. Yechimi – raqamli markirovkalash tizimi bo‘ldi.

Har bir tovarning o‘zining raqamli kodi bo‘ladi, uni soxtalashtirish mumkin emas va bu ishlab chiqaruvchi yoki importerga tovarlarni kuzatishda yordam beradi. Buning uchun mobil ilova ishlab chiqarilgan. Tizim a’lo darajada o‘ylab chiqilgan. Shuningdek, bizda sotuvlar va bozor talabi bo‘yicha tayyor tahlillar paydo bo‘ldi», — dedi Larisa An.

2 aprel sanasida Vazirlar Maxkamasining 148-sonli Qarori qabul qilingan bo‘lib, unga muvofiq 15 aprel sanasidan e’tiboran yurtimizda maishiy texnika vositalari raqamlashtirilib, markirovka kodlariga ega bo‘ladi. Xujjatda tizim tadbiq etilish muddatlari ham aniq belgilangan:

1-chi guruh — changyutgich, kir yuvish mashinasi, sovutgich va muzlatgich, televizor va monitor — 2022 yil 15 apreldan boshlab;
2-chi guruh — maishiy gaz plitasi, oshxona dudburoni, duxovka va pechka, mikroto‘lqinli pech, dazmol, suv isitkich — 2022 yil 1 avgustdan boshlab;
3-chi guruh — suv isitish qozonlari, konditsioner, o‘rnatilgan yelektr motorli maishiy texnika (sok chiqazgich, blender, mikser, kofe yanchgich, go‘sht maydalagich), barcha turdagi lampalar — 2022 yil 1 noyabrdan boshlab.

«Asl Belgisi» markirovkalash tizimi ishlab chiqaruvchilar uchun ham, importchilar uchun ham uzoq kutilgan yechim bo‘lib xizmat qiladi. Sababi bozorda soxta va asl mahsulot orasidagi tanlov endilikda shaffof bo‘ldi. Birgina Data Matrix kodi ishonch hosil qilish uchun isbot bo‘lib xizmat qilganda, jamoat nazorati shakllanadi va iqtisodiyotni rivojlanishiga har bir fuqaro o‘z xissasini qo‘shadi. Bu uchun esa faqat asl mahsulotni xarid qilish kerak bo‘ladi, xolos.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring