Qishloq va shahar o‘rtasidagi tafovut qisqartiriladi
28-iyun kuni Aloqa tarixi muzeyida qishloq va shahar o‘rtasidagi turmush sharoitidagi tafovutni qisqartirish maqsadida telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda AKT vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Unda AKT vazirligi mutasaddilari, operator va provayderlar, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari rahbarlari eng chekka hududlarda telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Yig‘ilishda vazirlik hududiy boshqarmalari mutasaddilari videokonferensaloqa orqali ishtirok etdi.
Aholining turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan «Obod qishloq», «Obod mahalla» davlat dasturlari joylarda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishni talab qilmoqda. Joriy yil 22 mayda imzolangan «O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarida telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori aynan telekommunikatsiya tarmoqlarini jadal rivojlantirishga salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish, elektron davlat xizmatlarining ommabopligini ta’minlash, shuningdek, hududlarda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi uchun zarur infratuzilmani yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Q.Yuldashev so‘zga chiqib, «Prezident qarorini amalga oshirish orqali o‘z sa’y-harakatlarimizni mamlakatimiz barcha hududlariga teng yo‘naltira olamiz va sohamiz xizmatlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini yanada oshirishga erishishamiz. Umid qilamizki, bu boradagi dolzarb muammolarni hal qilishda birgalikda harakat qilamiz», – deya ta’kidladi.
Ayni paytda AKT vazirligi manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda mazkur qarorda belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlarni boshlab yuborgan. Jumladan, operatorlar va provayderlar uchun internet narxlarining pasayishiga erishildi. Ya’ni, narxlar o‘tgan yilga nisbatan 3 barobar pasaytirildi. O‘tgan yili 2300 km. atrofida optik tolali aloqa liniyalari tortilgan bo‘lsa, oxirgi besh oyning o‘zida bu 6000 km.dan ortiqni tashkil etdi. So‘nggi olti oy ichida 1245 ta maktab, 734 ta maktabgacha ta’lim va 349 ta sog‘liqni saqlash muassasalari ma’lumotlar uzatish tarmoqlariga ulangan. Yil oxirigacha yana 5000 ijtimoiy ob’yektni tarmoqqa ulash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, keng polosali ulanishning 1,4 mln.dan ortiq porti ishga tushirildi, shundan joriy yilda 300 mingdan ortig‘i o‘rnatildi va 690 ming abonent ulandi. Mobil aloqa operatorlari tomonidan ikki mingdan ortiq baza stansiyalari qurildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter