Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qirq yoshlilar omon bo‘lsa, simli aloqa yashayveradi

Qirq yoshlilar omon bo‘lsa, simli aloqa yashayveradi

Foto: «Optus»

Raqamli texnologiyalarning shiddati-yu qamrovi hech bir o‘lchovga sig‘maydi bugun, hammayoqda raqamlashtirish: televideniye, fotografiya, telekommunikatsiyalar, ... Xullas, faqat raqamlar. Endi muddaoga o‘tsak: yotganida ham, turganida ham ko‘pchilikning qo‘lidan telefon tushmaydigan bugungi zamonda simli telefonlarning qancha umri qoldi? Nahotki, analog texnologiyalarga qo‘shilib endi simli aloqa ham yo‘qolib ketsa.

Yaqinda rus jurnalisti Yevgeniy Lobanov Nijniy Tagil shahridagi buzilishga tushgan ATSdan tayyorlagan fotoreportajini internetga joyladi. Bir paytlar biz bilan bir xil standartlar, bir xil texnika va texnologiyalarni ishlatgan Rossiya telekommunikatsiya texnologiyalarida avlodlar almashinuvi qanday kechayotgani haqida yaxshi reportaj.

Devordagi tumbler shaq etadi-yu hammasi tamom. Rangli chiroqlar o‘chadi, agregatlarning g‘uvillashi va chiqillashi tinadi. Olti yuz kvadrat metrli ulkan zalga sukunat cho‘kadi. Nijniy Tagildagi analog stansiya – 25-ATS to‘xtatildi. Tez orada bu yerga ishchilar yetib kelishadi: GDR, Chexoslovakiya, sobiq ittifoqning o‘zida ishlab chiqarilgan turli qurilmalarni utilizatsiyaga bo‘laklashadi.

25-ATS SSSR quyoshi so‘nib borayotgan bir paytda – 1987-yili foydalanishga topshirilgan.O‘z davrida Nijniy Tagildagi analog stansiya anchayin katta va yuqori texnologiyali ATSlardan biri bo‘lgan. Shahar markazida joylashgan, demak, barcha davlat xizmatlaridan tortib tez yordamgacha shu yerdan ta’minlangan.

Qachonlardir muayyan qurilmaga xizmat qiluvchi texniklar ko‘p edi. Alohida odam elektron registrlarga javob berar, unga reledagi stativlarga qarovchi regulirovkachi ko‘maklashardi. Faqat shaharlararo chiquvchi raqamni avtomatik aniqlovchi qurilmaning o‘ziga bitta muhandis biriktirilardi. Va yana turli vazifalarni bajaruvchi o‘n beshtalab odamlar. Ularning hammasi Nijniy Tagildagi 8000 abonentni aloqa bilan ta’minlagan.

Biroq vaqt charxpalagi beayov aylanmoqda. Simli telefonlarga ulanish uchun navbat kutishdan toqati toq bo‘lgan odamlar yangi kirib kelgan internet va uyali telefonlarga yuz burishdi. Zamonaviy avtomatlashgan qurilmalar esa ko‘plab ATS xodimlarini ishsiz qoldirdi. 25-ATSda oxirgi yillarda bor-yo‘g‘i 5 kishi ishlardi, bu paytga kelib ular 40 000 abonetga xizmat ko‘rsatardi. Analog ATSlar funksiyasini yanada zamonaviy tizimlar uddalayapti, ularning ishini oldingidek o‘nlab odamlar emas, balki birgina navbatchi monitorda kuzatmoqda. Va yana bir muhandis.

«Rostelekom»dagilarning ishonch bildirishlaricha, hali-veri simli ovozli aloqaning «joni uzilmaydi»

Ana endi savol: bular kerakmi? XXI asrda yashayapmiz axir, har bir cho‘ntakda smartfon, har bir xonadonda messenjer va ijtimoiy tarmoqlarga to‘lib-toshgan noutbuk va kompyuterlar – xohlasang gaplash, xohlasang yozish, istasang birvarakayiga ko‘plab sheriklar bilan videoaloqaga chiq. Shunday ekan, telefon simiga o‘ralashib yurish shartmi? Biroq «Rostelekom»dagilarning ishonch bildirishlaricha, hali-veri simli ovozli aloqaning «joni uzilmaydi».

Bu avvalo davlatga kerak, ishonchli, yerga ko‘milgan kabellar favqulodda holatlarda juda asqotadi. O‘tgan yoz Nijniy Tagilga dovul yopirildi va boshqa qulayliklar qatori shaharni deyarli aloqasiz ham qoldirdi. Mobil operatorlarning baza stansiyalari ishlamay qoldi, «havodan oluvchi» aksariyat provayderlarning interneti uzildi. Uzoq yillar avval yerga ko‘milgan mis simlarga esa... balo ham urmadi.

Simli telefonning barhayotligi uchun yana bir sabab bor. Aloqachilar so‘nggi paytlarda bu aloqa vositasidan foydalanuvchilar soni 40 foizga kamayganini aytishdi. Biroq, bu shuni anglatadiki, 60 foiz abonentlar hamon simli aloqadan foydalanishyapti. Ko‘pchilik o‘ylaganidek, simli telefon faqat pensionerlar ishlatadigan aloqa vositasi emas. 355 ming kishi yashovchi Nijniy Tagilda 40 ming telefon abonenti bor. Sobiq 25-ATS xodimlarining aytishlaricha, simli telefonga talab kamaymasligi inson psixologiyasi bilan ham bog‘liq. Simli aloqadan foydalanish hozirgi 40-50 yoshlilarning qon-qonida bor. Qachon ularning o‘rniga «qo‘lida ayfon bilan tug‘ilgan» avlod kelmaguncha, simli aloqaga talab saqlanib qolaveradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring