Qaysi masalalarda petitsiya yo‘llash mumkin emas?
Xabar berganimizdek, bugun «Mening fikrim» veb-portali ishga tushirildi. Mamlakatimizda fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining ochiqligi, qabul qilinayotgan qonunlarning hayotiy va samarali bo‘lishini ta’minlash maqsadida yaratilgan ushbu portal qay tartibda ishlaydi?
1-bosqich. Avtorizatsiya va murojaatni yaratish
- Elektron jamoaviy murojaat (murojaat) Oliy Majlis palatalari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga beriladi.
- «Mening fikrim» veb-portali orqali murojaat yaratish uchun foydalanuvchilar dastlab Yagona identifikatsiya tizimida (id.gov.uz) avtorizatsiyadan o‘tishi, so‘ngra asosiy sahifadagi maxsus tugmani bosib tegishli joyga murojaat matnini kiritishi lozim.
- Yaratilgan murojaat Yagona identifikatsiya tizimi (id.gov.uz) orqali avtorizatsiyadan o‘tgan foydalanuvchilardan kamida 5 nafariga qo‘llab-quvvatlashlari uchun yuboriladi.
2-bosqich. Ekspertiza va elektron murojaatni joylash
- Agar murojaat yetarli miqdorda ovoz to‘plasa, unda murojaat moderator – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan ekspertizaga qabul qilinadi.
- Moderator murojaatni o‘rnatilgan talablarga muvofiqligini tekshirish uchun ekspertiza o‘tkazadi. Bunda quyidagi masalalar ko‘rib chiqilmaydi:
- mavjud konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga qaratilgan da’vatlar;
- jamiyatning ma’naviy qadriyatlariga putur yetkazadigan, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini poymol qiladigan;
- urush, zo‘ravonlik, shafqatsizlikni targ‘ib qilish, millatlararo, irqiy, diniy adovat, ekstremizm, separatizm va fundamentalizmni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi;
- terrorchilik harakatlarini sodir etishga, qonunga muvofiq jinoiy va o‘zga javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa xatti-harakatlarni sodir etishga da’vat qilish to‘g‘risidagi va nizomda belgilangan boshqa masalalar.
- Murojaatga moderator ijobiy xulosa bergandan so‘ng bir kun ichida murojaat umumiy ovoz berish uchun «Mening fikrim» veb-portalida e’lon qilinadi. Agar murojaat belgilangan talablarga javob bermasa, u rad etiladi va murojaat muallifiga xabar beriladi.
3-bosqich. Murojaatga ovoz berish
- Umumiy ovoz berish murojaat e’lon qilingandan so‘ng 90 kun davomida amalga oshiriladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga yuborilgan murojaat fuqarolarning kamida 10 000 ta ovozini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga yuborilgan murojaat kamida 5 000 ta ovozni, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga yuborilgan murojaat 1 000 ta ovozni to‘plashi zarur.
- Yetarli miqdordagi ovozlarni to‘plagan murojaat moderator tomonidan keyingi kundan kechiktirmay vakolatli davlat organlariga yuboriladi.
4-bosqich. Murojaatni ko‘rib chiqish
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga yuborilgan murojaatni ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha qarorlar qabul qilish ularning reglamentlari bilan tartibga solinadi.
- Oliy Majlis palatalari, mahalliy xalq deputatlari Kengashlari tomonidan murojaatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilinadi va «Mening fikrim» veb-portalida joylashtiriladi.
- Murojaatni ko‘rib chiqish va u bo‘yicha qaror qabul qilish muddati 60 kundan oshmasligi lozim.
Ushbu portal Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yagona integrator «UZINFOCOM» MChJ tomonidan ishlab chiqilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter