Prezident yangi qonunni imzoladi
«Innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–630, 24.07.2020-y.) Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.
Qonunga muvofiq, innovatsion faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Vazirlik davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Qonunga ko‘ra, innovatsiyalarni yaratishga doir davlat buyurtmasini shakllantirish va tasdiqlash Fanlar akademiyasi, vazirliklar, idoralar va boshqa manfaatdor tashkilotlar takliflari asosida vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat innovatsion tadbirkorlik sohasida kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan davlat ta’lim tashkilotlari faoliyatiga moliyaviy yordam ko‘rsatadi.
Qonunga asosan, innovatsiyalar quyidagi turlarga bo‘linadi:
- mahsulotga oid innovatsiyalar;
- jarayonga oid innovatsiyalar;
- marketingga oid innovatsiyalar;
- tashkiliy innovatsiyalar.
Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari texnologiyalarni yaratish, joriy etish, ishlab chiqarish, ularning transferi va yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida, yuridik shaxs tuzmasdan tashkil etiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter