O‘zbekistonda yangi «Gibrid pochta» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari belgilanmoqda. Prezidentning bu boradagi tegishli qarori loyihasi muhokamaga e’lon qilindi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, 2022-yil 1-yanvardan boshlab mamlakat hududida pochta aloqasi xizmatlarini litsenziyalash tartibi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, qaror bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Milliy operatorga quyidagilarni amalga oshirish vazifasi yuklatilmoqda:
- 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan pochta aloqasi ob’yektlari tarmog‘i orqali yo‘llanadigan xat-xabarlar, xabarnomalar, chaquruv qog‘ozlari va boshqa yuridik hujjatlarni yetkazib berish hamda yetkazilganligini tasdiqlash, ma’lumotlarni saqlash va hisobga olishnining yagona milliy tizimini joriy etish;
- 2020-yil 1-dekabrdan boshlab respublikadagi barcha pochta ob’yektlarida zamonaviy xizmatlar, jumladan «Gibrid pochta» va kurerlik xizmatlarini rivojlantirish, bank, sug‘urta va boshqa xizmatlarni taqdim etishni yo‘lga qo‘yish;
- 2021-yil yakuniga qadar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini «onlayn» sotish va mijozlarga yetkazib berish, shuningdek ularga tovarlarni eksport qilish imkoniyatini beruvchi “Milliy onlayn savdo maydonchasi»ni yaratish;
- 2022-yil yakuniga qadar mijozlar nomiga kelgan pochta jo‘natmalarini olish uchun mo‘ljallangan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomatlashtirilgan komplekslar (pochtamatlar) joriy qilish;
- 2023-yil yakuniga qadar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga elektron tijorat orqali savdo qilishga sharoit yaratish maqsadida hududlarda «Fulfilment markazlari»ni ochish.
Qayd etilishicha, «O‘zbekiston pochtasi» AJning qo‘shimcha aksiyalarini chiqarish va joylashtirish hisobiga davlat ulushini 51 foizgacha kamaytirish choralari ko‘riladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter