O‘zbekiston delegatsiyasi Barselonada bo‘lib o‘tayotgan MWC2 Jahon Mobil Kongressi doirasida Huawei ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi
28 fevral kuni Jahon Mobil Kongressi (MWC 2022) – AKT texnologiyalari sohasidagi eng yirik tadbirlardan biri o‘z eshiklarini ochdi. Bu yilgi kongress dunyoning 183 dan ortiq davlatidan 1800 dan ortiq kompaniyalarni birlashtirdi. Turli xil forumlar, davra majlislari, hamkorlar konferensiyalari dasturi, shuningdek 7 ta ko‘rgazma zallarida raqamli texnologiyalar sohasida namoyish etilgan so‘nggi innovatsiyalar namoyishi Fira Gran Via majmuasidagi minglab ishtirokchilarni birlashtirdi.
Ko‘rgazma majmuasining birinchi pavilonida Huawei kompaniyasi yirik IT giganti sifatida uyali aloqa operatorlari, davlat sektori va yirik sanoat vakillari, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab yakuniy foydalanuvchilar uchun o‘z yechimlari va texnologiyalarini taqdim etdi. Bu yil Huawei barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida soddalashtirilgan, ekologik toza va aqlli infratuzilmani yaratishga alohida e’tibor qaratmoqda.
«Bilasizki, Jahon Mobil Kongressi AKT sohasidagi eng yirik tadbirlardan biri va Huawei ham yirik telekommunikatsiya kompaniyasi sifatida 15 yildan beri bu kongressda ishtirok etib keladi. Oxirgi ikki yil ichida barcha sohalar pandemiya va uning oqibatlaridan ma’lum darajada jabr ko‘rdi va endi-endi odatiy o‘sish sur’atlarini tiklamoqda. Shu bois, samaradorlikni tezroq oshirish va dunyoning barqaror rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish maqsadida turli yangi texnologiyalarni taqdim etmoqdamiz. Tadqiqot va ishlanmalarga doimiy sarmoya kiritishdan tashqari, korporativ ijtimoiy mas’uliyatimizga ham katta e’tibor beryapmiz. Biz qaysi texnologiya – 3G, 4G, 5G‘ni joriy qilishimizdan qat’iy nazar, doimo birinchi navbatda yashil texnologiyalarni yaratish haqida qayg‘uramiz. Barcha so‘nggi 5G yechimlari oldingilaridan ko‘ra yanada samaraliroq va ularni qo‘llash energiya sarfini yanada kamaytirishga va dunyoni yanada ko‘kalamzorlashtirishga imkon beradi», — deya ta’kidladi O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasining yangi direktori janob Chen Szyakay.
Respublikamizda raqamli transformatsiyasini jadallashtirishga katta qiziqish mavjudligini hisobga olgan holda O‘zbekiston delegatsiyasi ham kongressda ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi mobil aloqa operatorlari va AKT regulyatorlari vakillari Huawei ko‘rgazmasiga tashrif buyurib, kompaniyaning so‘nggi innovatsion yechimlari bilan tanishdilar. Mehmonlarga raqamli xizmatlarni kengaytirish va yashil ekotizimni yaratish maqsadida mavjud AKT infratuzilmasini mustahkamlash orqali hamma joyda ishlaydigan aloqani yaratishga imkon beradigan telekommunikatsiya yo‘nalishlari namoyish etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Jahon Mobil Kongressiga tashrifi doirasida Huawei kompaniyasi rahbariyati bilan ham qator muzokaralar va uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter