Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olot va Qorako‘l tumanlarida telefon aloqasi va internet tiklandi

Olot va Qorako‘l tumanlarida telefon aloqasi va internet tiklandi

Foto: AKT vazirligi

Joriy yilning 27 aprel kuni respublikamizning ayrim hududlarida yuz bergan shiddatli shamol va yomg‘ir barcha sohalar kabi telekommunikatsiya tarmoqlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.

AKT vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarining ayrim hududlaridagi kuchli shamol, ob-havoni keskin yomonlashuvi natijasida telekommunikatsiya tarmoqlarida mobil aloqa baza stansiyalari va antenna-machta inshootlarining shikastlanishi kabi holatlar qayd etildi.

Jumladan, Buxoro viloyatida sodir bo‘lgan tabiiy ofat viloyat telekommunikatsiya infratuzilmasiga katta talafot yetkazdi.

Ayniqsa Olot, Qorako‘l va Jondor tumanlaridagi simli telefon va internet tarmoqlari hamda mobil aloqa baza stansiyalari jiddiy shikastlandi.

Olot va Qorako‘l tumanlarida jami 10 ta simli telefon stansiyalari va mobil aloqa operatorlarining 13 ta baza stansiyalari orqali simli telefon aloqasi, internet va mobil aloqa xizmatlarini taqdim etishda uzilishlar yuzaga keldi.

Tabiiy ofat oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish va aloqa xizmatlari ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida tezkor shtab tashkil etildi, dolzarb masalalarni hal etish bosqichlari va rejalari belgilab olindi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ushbu hududlardagi telekommunikatsiya tarmoqlarida tabiiy ofat oqibatlarining qisqa muddatlarda bartaraf etilishini tashkil etish hamda barqaror aloqa xizmatlari ko‘rsatilishini qayta tiklash uchun soha korxonalari hamda mobil aloqa operatorlarning zahira kuchlarini hududlarga safarbar etdi.

Mazkur ishlarga 300 dan ortiq malakali mutaxassislar va maxsus texnikalar jalb qilindi.

Birinchi bosqichda Olot va Qorako‘l tumanlarida simli telefon aloqasi va internet xizmatlari ko‘rsatilishi tiklandi hamda mazkur tumanlar markazlarida mobil aloqa baza stansiyalari ishga tushirildi.

Qisqa vaqt ichida qolgan barcha aholi punktlarida simli telefon aloqasi, internet va mobil aloqa tarmoqlari to‘liq tiklanadi va xizmatlar taqdim etiladi.

Ayni vaqtda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish va telekommunikatsiya tarmoqlarini tiklash ishlari davom ettirilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring