Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mobil notariat: O‘zbekiston uchun kerakmi?

Mobil notariat: O‘zbekiston uchun kerakmi?

Foto: «Notarybezzubova.ru»

Butun dunyoda karantin munosabatlarini o‘rnatgan pandemiya sharoitida aholining huquqiy xizmat va yuridik maslahatlarga ehtiyoji ortdi. Shuningdek, sohalarning global raqamlashtirish jarayoni ham mamlakatimiz notariat sohasini takomillashtirish zaruriyatini yuzaga keltirdi.

Aholining huquqiy maslahatga bo‘lgan ehtiyojini masofaviy tarzda qondirish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida yurtimizda muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, Adliya vazirligi jismoniy va yuridik shaxslarga sifatli huquqiy xizmat ko‘rsatish maqsadida elektron notarius maxsus portalini yaratdi va ishga tushirdi.

Mazkur portal orqali murojaat qiluvchilar quyidagi xizmat turlaridan foydalanishlari mumkin. Xususan:

  • notarius qabuliga elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tish;
  • xaritadan eng yaqin notarius yoki notarial idorani topish;
  • elektron murojaatlar qoldirish;
  • notarial xizmatlar bo‘yicha kerakli ma’lumotlarni olish;
  • notarius haqida fikr qoldirish va uning xizmatini baholash;
  • ochiq ma’lumotlarni olish.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, elektron notarius portali orqali 2020-yil aprel oyida 28 605 ta, 2021 yilning mart oyida esa 357 082 ta elektron notarial harakatlari ro‘yhatdan o‘tkazilgan.

Shu bilan birga, xalqaro tajribani o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, ushbu sohada amalga oshiriladigan ishlar hali talaygina. Jumladan:

  1. Mamlakatimizda elektron notarius xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsada, mobil telefonlar uchun «Mobil notariat» ilovasi mavjud emas;
  2. Elektron notarius xizmati orqali otalar (onalar) voyaga yetmagan farzandlarini mamlakatdan olib chiqishlarida otalarning (onalarning) elektron roziliklarini olish, rozilik berilgan taqdirda tegishli ma’lumotlarni darhol davlat chegara xizmatiga yuborish;
  3. Transport vositalaridan foydalanish uchun umumiy ishonchnoma olish;
  4. Banklarda va boshqa tashkilotlarda vakillik qilish uchun ishonchnoma olish va shunga o‘xshash bir qancha xizmatlar mavjud emas.

Xorijiy mamlakatlar tajribasi

Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligi «Mobil notariat» dasturini ishga tushirdi. Mazkur dastur yordamida «Aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi (1997-yil 26-iyun № 360-IQ) Qonuniga muvofiq, dori-darmonlarni sotib olish uchun imtiyozlarga ega bo‘lgan fuqarolar (65 yoshdan yuqori) uchinchi shaxslarga dori-darmonlarni sotib olishlari uchun onlayn rejimda ishonchnoma berishlari mumkin bo‘ldi.

Bundan tashqari, ushbu mobil ilova orqali quyidagilarni amalga oshirish mumkin:

  • kartadan eng yaqin notarius yoki notarial idorani topish;
  • notarius xizmatidan oflayn foydalanish uchun notariusning ichki binolarini onlayn kuzatish;
  • notarius harakatlari bilan bog‘liq operatsiyalarni o‘tkazish uchun qanday hujjatlar zarurligi to‘g‘risida ma’lumotlarni olish;
  • avtotransport vositalaridan foydalanish uchun ishonchnoma olish;
  • avtotransport vositalaridan foydalanish uchun umumiy ishonchnoma olish;
  • ishonchnomalarni bekor qilish uchun arizalar berish;
  • advokatlar bilan shartnoma imzolash;
  • notarial hujjatlarni onlayn tekshirish;
  • banklarda va boshqa tashkilotlarda vakillik qilish uchun ishonchnoma berish;
  • advokatlarga elektron ishonchnoma berish;
  • otalar (onalar) voyaga yetmagan farzandlarini mamlakatdan olib chiqishlarida otalarining (onalarining) elektron roziliklarini olish va boshqalar.

Shuningdek, ushbu ilovada notarius hujjatlarining haqiqiyligini tekshirish funksiyasi ham mavjud.

Ushbu dastur bepul bo‘lib, uni barcha turdagi smartfonlarga «App store» yoki «Play market» internet do‘konlaridan yuklab olish mumkin.

2020-yilda «Mobil notariat» ilovasi orqali 20 mingga yaqin notarial harakatlar amalga oshirilgan va mazkur dastur 60 ming marta «App store» va «Play market» internet do‘konlaridan yuklab olingan.

Rossiya Federatsiyasida 2020-yil 30-sentyabrda Adliya vazirining «Notarial harakatlarni masofadan turib amalga oshirish uchun ariza yuborish, notarial harakat uchun to‘lovlarni amalga oshirish, elektron to‘lov vositalaridan foydalanish, ariza beruvchiga notarial harakatni masofadan turib amalga oshirganligi uchun to‘lov miqdorini qaytarish hamda masofadan turib notarius xatti-harakatlarini amalga oshirish to‘g‘risida»gi 232-son buyrug‘i qabul qilindi.

Mazkur buyruq bilan quyidagi yangi imkoniyatlar va xizmat turlari yaratildi:

  1. Ko‘chmas-mulkni masofaviy bitimlar orqali turli shaharlarda joylashgan notariuslar (2ta notarius) yordamida tasarruf etish. Bunda fuqarolar o‘zlari tug‘ilgan shahrini uzoq vaqtga tark etganda va boshqa mintaqada uy-joy meros qilib olganlarida o‘z shaharlariga yoki ko‘rsatilgan manzilga merosni qabul qilib olish uchun borish majburiyatidan xalos bo‘ladilar. Shu paytgacha mamlakatning turli mintaqalarida joylashgan ko‘chmas mulk bilan bog‘liq huquqiy masalalarni hal qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘sha joyda joylashgan notariuslarning biriga borish yoki o‘sha shaharda ro‘yxatdan o‘tgan shaxslarga ishonchnoma berish talab etilgan;
  2. Masofadan notarial harakatlarni olib borishda notarial harakatlar ishtirokchilarining haqoratlarini (bir-biriga va (yoki) notariusga nisbatan) onlayn tarzda yozib olish. Bunday holatlar, jumladan, internet sayti orqali dalillarni taqdim etish, hujjatlar tarjimasi to‘g‘riligini tasdiqlash, mablag‘larni notariusning depozit hisobvaraqlariga o‘tkazish va shu kabi boshqa harakatlarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin;
  3. Notarial hujjatlarni maxsus elektron mashina orqali o‘qiladigan QR-kod bilan ximoyalash. QR-kod bu notarial hujjatning pastki o‘ng burchagiga qo‘yiladigan maxsus elektron mashinada o‘qiladigan belgidir. Ushbu QR-kod noyob hisoblanib, u arizachilar yoki ularning vakillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, notarial harakatlarning sanasi, notarial harakatlar turi, ro‘yxatga olish raqami, notariusning ismi va hujjatning asosiy tafsilotlarini shifrlaydi. Notariat hujjatlarida QR-kodlarning paydo bo‘lishi soxta notarius hujjatlarining kamayishiga olib keladi. Buning natijasida deyarli har bir shaxs notarial hujjatning haqiqiyligini mustaqil ravishda aniqlay oladi, ya’ni soxta notarial muhr va qalbaki blanklardan qonunni chetlab o‘tgan holda foydalanish o‘z ahamiyatini yo‘qotdi;
  4. Endilikda tegishli hujjatlar bo‘lmaganda fuqarolarning shaxsini biometrik ma’lumotlari bo‘yicha aniqlash imkoniyati yaratildi, ya’ni fuqaroning shaxsi maxsus elektron dasturlar (mobil ID) va (yoki) barmoq izlari orqali aniqlanishi mumkin;
  5. Elektron hujjatlarni, shu jumladan, raqamli arxivlarni notariuslar tomonidan saqlashga qabul qilish. Bunda fuqarolar eskirgan sertifikatlar, kvartiraning oldi-sotdisiga doir bitim, nikoh shartnomasi va shu kabi boshqa notarial hujjatlarni raqamlashtirgan holda notariusning arxiviga topshirishlari mumkin bo‘ldi. Ushbu xizmat, ayniqsa, uzoq hududlarda istiqomat qiladigan fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.

Mamlakatimiz notariat sohasidagi yangiliklar hamda xorijiy mamlakatlarning sohaga doir tajribasidan kelib chiqib quyidagilar taklif qilindi:

- O‘zbekistonda yaratilgan elektron notarius maxsus portali orqali ko‘rsatiladigan xizmat turlarini transport vositalaridan foydalanish, banklarda va boshqa tashkilotlarda vakillik qilish uchun ishonchnoma olish, ishonchnomalarni bekor qilish uchun arizalar berish, advokatlar bilan shartnoma imzolash, notarial hujjatlarni onlayn tekshirish, advokatlarga elektron ishonchnoma berish kabi xizmatlar hisobiga kengaytirish;

- elektron notarius maxsus portaliga qo‘shimcha tarzda aholining notarius xizmatlaridan tez va oson tarzda foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida «Mobil notariat» ilovasini yaratish va joriy qilish;

- «Mobil notariat» ilovasi orqali ota-onalarning voyaga yetmagan farzandlarini mamlakatdan olib chiqishlarida roziliklarini olish imkoniyatini yaratish;

- ko‘chmas mulkni masofaviy bitimlar tarzida turli shaharlarda joylashgan notariuslar (2ta notarius) yordamida tasarruf qilish;

- notariuslar tomonidan fuqarolarning shaxsini biometrik ma’lumotlari bo‘yicha aniqlash imkonini yaratish;

- notarial hujjatlarni QR-kod bilan ximoyalash tizimini joriy qilish.

Mazkur takliflarning amalga oshirilishi aholiga notarial xizmatlarni ko‘rsatishni yanada arzonlashtirish, tezlashtirish va soddalashtirish (notarius qabuliga yozilish, notarial idoraga kelish talab etilmaydi, yo‘l kira, vaqt iqtisod qilinadi, qo‘lda xech qanday hujjatlar rasmiylashtirilmaydi va imzo qo‘yilmaydi) imkonini beradi. Shuningdek, fuqarolarning shaxsini biometrik ma’lumotlari bo‘yicha aniqlash imkonining yaratilishi shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni olib yurish majburiyatidan xalos etadi. Bundan tashqari, notarial hujjatlarni QR-kod bilan himoyalash yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan qonunbuzilish holatlarining oldini olish bilan birga, notarial hujjatlarga bo‘lgan ishonchning ortishiga va natijada fuqarolik huquqiy munosabatlarning yanada rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ramizbek Qurbonov,

Sardor Turdikulov,

Adliya vazirligi huzuridagi

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimlari

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring