«Mikrokreditbank»: yosh tadbirkorlarga ajratiladigan kredit hajmi oshdi
Bugun, 21-aprel kuni Milliy matbuot markazida «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat banki tomonidan yosh tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar mavzusidagi matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ushbu tadbirni «Mikrokreditbank» ATB Boshqaruv raisi o‘rinbosari Kamoliddin Atayev ochib, bank tomonidan «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» Davlat dasturi doirasida bank tomonidan yoshlar bandligini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Jumladan, «Mikrokreditbank» ATB tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 2021 yilda jami 2,5 trln. so‘m (o‘tgan yilda 1,4 trln. so‘m), shu jumladan yoshlar bandligini ta’minlashga 1,4 trln. so‘m kredit ajratish bo‘yicha hududlar kesimida oyma-oy reja grafiklar ishlab chiqildi.
Ushbu reja-grafikka asosan o‘tgan davrda oilaviy tadbirkorlik uchun 745,6 mlrd. so‘mlik kreditlar evaziga 30 mingga yaqin aholini bandligi ta’minlandi. Bu o‘tgan yil shu davriga nisbatan 613,5 mlrd. so‘m yoki 6 barobarga ko‘p demakdir.
Yoshlar tadbirkorligi uchun yanvar-aprel oylari davomida rejadagi 386,4 mlrd. so‘m o‘rniga 480,2 mlrd. so‘m (124%) imtiyozli kreditlar ajratilib, 18 448 nafar yoshlarning bandligi ta’minlandi.
Misol uchun: Sayxunobod tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor «Jamoliddinov Ibratjon Erkin o‘g‘li»ning sport va sog‘lomlashtirish markazini tashkil etish loyihasiga 200 mln. so‘m imtiyozli kredit ajratish hisobiga 10 nafar yoshlar bandligi ta’minlandi.
Yuqorida qayd etilgan yoshlar uchun ajratilgan 480,2 mlrd. so‘m imtiyozli kreditlarning 174 mlrd. so‘mi «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 6 860 nafar yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan mart oyida ajratilgan 150 mlrd. so‘m mablag‘lar hisobidan esa 3 hafta muddat ichida maxsus sertifikatga ega 6 170 nafar yoshlarga 183,3 mlrd. so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi. Natijada jami 17 134 nafar ishsiz yoshlarning 638 nafari – ishlab chiqarish, 1 822 nafari – xizmat ko‘rsatish, 4 593 nafari – tikuvchilik, 2 672 nafari – chorvachilik, 2 935 nafari – issiqxona, 4 474 nafari boshqa yo‘nalishlarda o‘z loyihalarini yo‘lga qo‘yish va doimiy daromad manbasini yaratish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Bundan tashqari, «Yoshlar kelajagimiz» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 29 ta loyihaga 12,9 mlrd. so‘m imtiyozli kreditlar ajratilib, 135 nafar yoshlar ish bilan ta’minlandi.
Anjumanda so‘zni Chakana biznesni rivojlantirish departamenti direktori Qobiljon Komilov davom ettirdi hamda bugungi kunda respublika hududlarida ishsiz yoshlar bilan uchrashib, «Agentlik» shartnomasi asosida bankka ishga jalb qilinayotgani xususida ma’lumot berdi.
Hozirda «Bank agentlari» o‘zlari istiqomat qiladigan mahallalarga biriktirilib, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan yoshlarni bankka jalb qilmoqda. Bundan tashqari, bank strukturasida yoshlarga oid dasturlar bo‘yicha rais o‘rinbosari, tegishli tarkibiy bo‘linma hamda har bir viloyat mintaqaviy filiallarida boshqaruvchi o‘rinbosari (yoshlar bo‘yicha) lavozimlari joriy etildi.
Mikrokreditlash mexanizmi samaradorligini oshirish maqsadida, bank tomonidan aniq hisob-kitoblarga asoslangan 60 ta yo‘nalish bo‘yicha tayyor biznes-reja loyihalari ishlab chiqilib, kitob shakliga keltirilgan holda joylarga yetkazib berildi.
Markaziy bank bilan hamkorlikda mijozlarning davlat dasturlari doirasida shaffof va adolatli kredit olishi, ta’minotchilar o‘z mahsulotlarini sotishi mumkin bo‘lgan Yagona elektron platforma ishga tushirildi. Ushbu platformada yoshlar tadbirkorligiga ajratilayotgan imtiyozli kreditlar uchun onlayn ariza yuborish, foydali ma’lumotlar olish, ta’minotchi topish va biznes reja tanlash kabi imkoniyatlar yaratildi.
Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda yagona platforma integratsiyasini amalga oshirish orqali yoshlarga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishda «yagona darcha» tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish ikki oy muddat ichida yo‘lga qo‘yiladi.
Matbuot anjumani davomida «Mikrokreditbank» ATB mas’ul xodimlari jurnalistlar tomonidan berilgan barcha savollarga javob berishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter