Meni farzandlarim bor va men qo‘rqayapman!
Vahima qilmayapman. Shunchaki ular, meni o‘g‘lim, sizni qizingiz — yaqin kelajakda bachkanalikning eng tuban ko‘rinishlarini ham qadriyat sifatida qabul qilishidan, «sun’iy intellekt» degan yagona boshqaruvchining sodiq qullariga aylanishidan xavotirdaman.
Ishoning, bunga yetarlicha asoslar bor. Murda bilan selfi tushayotgan yoxud onasining yuziga shirinlik bilan urib uni «TikTok» yoki boshqa platformalarda joylayotganlar aslida «varvar», «tarbiya ko‘rmagan» o‘smirlar emas, balki texnologik industriya tomonidan mas’um bolalarning ongi, ruhi, dunyoqarashiga ochilgan jirkanch urushning qurbonlari hamdir.
«Zombilashtirish texnologiyasi»
Kaliforniya shtatidagi Stenford universitetida «Zombilashtirish texnologiyasi» degan laboratoriya bor. Faqat keng jamoatchilikka bezarar eshitilishi uchun nomi biroz «tahrirlab» taqdim etilgan: «Ishontirish texnologiyasi» ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi! Unga XX asr intihosi — 1998 yilda universitet psixologi Bi Jey Fog tomonidan asos solingan.
Dunyoning yetuk neyrobiologlari, ruhshunoslari, ijtimoiy fanlar bo‘yicha ekspertlar jamlangan ushbu muassasada mobil ilovalar, ijtimoiy tarmoqlar, videoo‘yinlar orqali inson tafakkuri va xatti-harakatlarini o‘zgartirish, boshqarish bo‘yicha laboratoriya tajribalari, yirik ilmiy tadqiqotlaro‘tkaziladi.
Bi Jey Fog intervyularining birida bu haqda shunday degan: «Biz endilikda odamlar nima qilishi yoxud nimani o‘ylashiga mustaqil ta’sir ko‘rsata oladigan raqamli qurilmalar yaratishga qodirmiz». Ya’ni, siz hali ham «Terminator» yoki «Matritsa» filmlaridagi voqeliklar g‘irt uydirma yoki fantastika deb o‘ylasangiz, yanglishasiz. Ular allaqachon real hayotga, bugunimizga ko‘chib bo‘lgan. Faqat bu haqda deyarli ovoza qilinmaydi. «Hali ko‘pchilik «Ishontirish texnologiyasi» haqida tasavvurga ega emas», — deydi bolalar va o‘smirlar psixologi Richard Frid. – «Chunki uning asoschilari o‘z «ixtirolari» oshkor bo‘lishini ko‘p ham istamaydi. Boshqacha aytganda, foyda yoki faqat pul uchun bolalar ongini manipulyasiya qilish — g‘ayriinsoniy jinoyat va tubanlik ekanini o‘zlari ham yaxshi biladi».
Inson miyasining «ishg‘ol» etilishi
Zombilar haqidagi filmlarda ko‘p ko‘rgansiz. Kimnidir boshqarish, faqat buyruqni bajaradigan robot yoki manqurtga aylantirish uchun avvalo uning miyasiga chang solinadi, falajlantiriladi va keyin mikrochip o‘rnatiladi. Biz aytayotgan «Ishontirish texnologiya»si ham ayni tartibda ishlaydi. Faqat bu yerda «mikrochip» vazifasini miyadagi «baxt gormoni» — dofamin neyromediatori bajaradi. Ya’ni, o‘sha dofaminni aniq mo‘ljalga olib buyruq berilsa bo‘ldi, o‘zini poyezd tagiga ham tashlaydigan «terminatorlar» yetishib chiqaveradi.
Bugungi kunda AQShdagi mashhur «Silikon vodiysi»da joylashgan dofamin tadqiqoti laboratoriyasida odamzod ongini to‘la-to‘kis «zabt» etish uchun astoydil izlanishmoqda: «Biz inson miyasining qaramlikni yuzaga keltiruvchi (muayyan ijtimoiy hodisa va odatlarga - D.N.) qismlari qanday ishlashini puxta o‘zlashtirdik. Buning natijasida tobelikni rag‘batlantirish va ularni raqamli dasturlarga ko‘chirish usullarini bilib oldik. Endi dunyodagi yuzminglab odamlar fe’l-atvorini o‘zgartirish imkoniyati bor. Albatta, bu o‘zgarish ularga tabiiydek, o‘zlari shuni istayotgandek tuyuladi, ammo, azizlar, bularning bari bizning tadqiqotlarimiz mahsuli...»
Bu gaplar qaysidir kinodagi «yovuz qahramon» tilidan ko‘chirilgan iqtibos yoki qo‘rqinchli kelajakka taalluqli emas, balki dofamin tadqiqoti laboratoriyasi asoschisi Ramsi Braunning «KQED Science» nashrida yaqindagina e’lon qilingan maqolasida aytilayotir.
O‘lim — sinovlarning «muvaffaqiyatli» yakuni(mi)?
Dofaminga qaramlik, xuddi giyohvandlikdek gap. Miya qancha ko‘p garmon ishlab chiqarsa, sohibi unga shunchalik bog‘lanib boraveradi. Muborak ko‘ngil dofaminning yangi, yanada o‘tkir «ta’mlarini» tusaydi. Kami — xumor qiladi, ortiqchasi — o‘ldiradi. Ammo bu, texnologik korporatsiyalarni mutlaqo qiziqtirmaydi. Muhimi, «Zombilashtirish texnologiyasi» tomonidan taklif etilayotgan tajribalarni amalda muvaffaqiyatli qo‘llash, bolalar e’tibori uchun kechayotgan ayovsiz raqobatda yengib chiqish!
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nima uchun «TikTok» algoritmi platformadagi «yangi» a’zolar tomonidan joylashtirilgan har qanday videoni «tasodifiy» ravishda asosiy planga olib chiqadi? Sababi oddiy, foydalanuvchini u kutgan e’tibor, olqishlar bilan taqdirlash, uni «layk» va «prosmotr»larning boshlang‘ich «doza»si bilan siylash!
Bu holat bir necha kun, ya’ni «mehmon»ning izzati bitguncha davom etadi. Keyin esa, yana sun’iy intellekt ishga kirishadi. Deydiki, endi hech qanday tasodif bo‘lmaydi, mana senga mavzu, trendga chiqmoqchimisan, marhamat qilib o‘zing harakat qil! Hamma tomosha shundan keyin boshlanadi. Bechora foydalanuvchi navbatdagi «doza»ni his qilishi uchun bor kuchini sarflaydi, har qanday bachkanalik ko‘ziga «layk» bo‘lib ko‘rinadi. Agar shunda ham ko‘zlangan marraga erishilmasa, uni chuqur tushkunlik va hattoki o‘z joniga qasd qilish xayoli qamrab oladi. Bunday yakun — o‘smir uchun halokat, «zombilashtirish texnologiyasi» asoschilari uchun esa —
«muvaffaqiyat» demakdir.
Ularning farzandlari yo‘q edi...
O‘zbeklarda «Zar qadrini — zargar biladi» degan gap bor. Biz yuqorida tilga olgan laboratoriyalarda ham shu naqlga qat’iy rioya qilinadi. Tushuntiraman.
Ijtimoiy platformalar va sun’iy intellekt bolalardan — bolalikni o‘g‘irlayapti. Ular uchun smartfonlar, ijtimoiy tarmoqlar, videoo‘yinlar hayot-mamot masalasiga aylanyapti. Oqibatda, FoMO-fobiya (Fear of missing out — biron qiziqarli voqelik yoki ijtimoiy tarmoqlar taklif etayotgan «imkoniyatlar»dan bexabar qolishdan qo‘rqish xastaligi) tushkunlik, stress, diqqatsizlik va o‘zini baxtsiz his qilish sindromi millionlab bolalarning doimiy hamrohiga aylanyapti, hatto aziz joniga qasd qilishgacha yetib boryapti.
Sizningcha, «Ishontirish texnologiyasi» yoki Dofamin tadqiqoti laboratoriyalarida o‘tirganlar bularni bilmaydimi? Biladi, albatta, yana hech qaysi odam farzandiga fojiali taqdirni ravo ko‘rmasligini ham yaxshi tushunadi. Shuning uchun ham bunday tadqiqotlarga asosan ota-onalik tuyg‘usi begona yoshlar jalb etiladi.
— Kompaniyadagi ko‘plab dizayner va dasturchilarni 19-20 yoshlar atrofidagi mutaxassislar tashkil etardi, — deb tan olgan «Apple» sobiq xodimi Toni Fadell. — Sun’iy intellektga ega raqamli mahsulotlar ishlab chiqarishni boshlaganimizda ularning hali o‘z farzandlari yo‘q edi. Keyinchalik turmush qurib, bolali bo‘lgachgina «ishontirish texnologiyasi», aslida go‘dak qalbiga ochilgan urush ekanligini his qila boshlashdi. Va aksar xodimlar loyihalashtirishda ishtirok etishdan bosh tortdi...
Qanday omon qolish mumkin?
Istaymizmi yoki yo‘q, bundan keyin sun’iy intellekt yordamida insonlar, ayniqsa, bolalar idrokiga ta’sir ko‘rsatish, tafakkurini egallash, o‘y-xayollarini boshqarish, xatti-harakatini nazorat qilishga bo‘lgan urinishlar faqat kuchayadi. Nima qilish kerak? Qanday omon qolish mumkin?
Eng avvalo, ota-onalar, keng jamoatchilik shuni o‘ziga yaxshi tasavvur qilishi, tushunishi va ularga tushuntirilishi kerakki, bir paytlar davlatlar yadro quroliga egalik qilish uchun «sovuq urush»ga kirishgan bo‘lsa, endilikda texnologik industriyalar o‘rtasida eng mukammal sun’iy intellekt yaratish ustida xuddi shunday kurash kechayapti. Birinchisida, odamlarni jisman yo‘q qilish ko‘zda tutilgan edi, hozirgisida esa ruhan mahv etish maqsad qilingan.
Shunday ekan, xalqaro tashkilotlar yadro quroli qo‘llanilishiga qarshi qay tariqa kurashgan, qanday chaqiriq va talablar bilan chiqqan-chiqayotgan bo‘lsa, bolalar ongini manipulyasiya qilishga qaratilgan tadqiqotlarga nisbatan ham ular ayni pozitsiyani egallashlari lozim.
Ikkinchidan, «jaholatga qarshi — ma’rifat» degan shior faqat minbar yoki otashin nutqlarda qolib ketmasligi zarur. Cheklash yoki taqiqlash bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Eng to‘g‘ri chora — sopini o‘zidan chiqarish: «zombilashtirish texnologiyasi» tajribalari «muvaffaqiyatli» sinovdan o‘tkazilayotgan ijtimoiy tarmoqlarda sifatli, saviyali, yoshlarni o‘ylashga, fikr yuritishga undaydigan kontentni ko‘paytirish. Bu masalaga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilishi shart.
Aks holda, meni o‘g‘lim, sizni qizingiz — yaqin kelajakda bachkanalikning eng tuban ko‘rinishlarini ham qadriyat sifatida qabul qilishi, «sun’iy intellekt» degan yagona boshqaruvchining sodiq qullariga aylanishi hech gap emas. Xudo asrasin.
Dilshod Nurulloh
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter