Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kobalt bolalari» (video)

«Kobalt bolalari» (video)

Foto: «life.ru»

Bu yil yanvar oyida jahon bozorida kobaltning narxi keskin oshib ketdi — avval tonnasi 33,2 ming dollar edi, endi esa — 75 ming dollar. Bu metall elektron va mobil qurilmalar, «Tesla»ga o‘xshagan elektromobillarning akkumulyatorlarini yasashda juda zarur ashyo, deyiladi «Shkolazhizni.ru»da e’lon qilingan maqolada.

Ikki karra qimmatlashuv yirik kompaniyalarni tashvishga solib qo‘ydi. Negaki, «Apple», «Samsung», «Sony» kabi kompaniyalarning ish maromi bevosita shu kobaltning o‘z vaqtida yetkazib berilishiga bog‘liq. Eng qizig‘i, ana shu boy kompaniyalarni kobalt bilan ta’minovchi davlat — Kongo Demokratik Respublikasi dunyodagi eng qashshoq mamlakatlardan biri. KDR kobalt konlarida asosan bolalar ishlaydi. Jahon bozoriga yetkazilayotgan kobaltning 50 foizini ana shu bolalar qazimoqda!

Amnesty International huquqni himoya qilish tashkilotining 2018-yil 19-yanvar kuni chiqarilgan hisobotida kobalt konlariga bolalar 7 yoshidan jalb etilayotgani aytiladi. Ibtidoiy usullarda, hayot va sog‘liq uchun xavfli sharoitlarda bolalar mehnati orqali qazib olingan kobalt «Congo Dongfang Mining» kompaniyasi (xo‘jayini — Xitoyning «Zhejiang Huayou Cobalt Ltd» kompaniyasi) ga sotiladi. Bu yerda ishlov berilgan kobalt Xitoy va Janubiy Koreyaning batareyalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalariga yetkaziladi. Keyin tayyor akkumulyatorlarni axborot texnologiyalari («Apple», «Microsoft», «Sony» kabi) va avtomobilsozlik («Volkswagen», «BMW», «Daimler» kabi) kompaniyalar sotib oladi.

«Amnesty International» konsernlarni aynan o‘zlari ishlatayotgan kobaltning qaysi va qanday yo‘llar bilan keltirilayotganiga qiziqmaslikda aybladi. Eng katta e’tiroz «Renault», «Microsoft» va «Lenovo» kompaniyalariga bildirildi. «Apple» esa Banka orolida kelib chiqqan «qalay mojarosi»dan so‘ng o‘z mahsulotlariga kontrafakt ashyolar ishlatilmasligi yo‘lida ancha ter to‘kdi. To‘g‘ri, kompaniyani buning uchun alqashmadi, axir bunday choralar oldinroq, jurnalistlar surishtiruv o‘tkazishiga qadar ko‘rilishi kerakmasmi?

«Amnesty International» surishtiruvlari chog‘i noqonuniy kobalt konlarining 87 nafar ishchisi so‘roqqa tutildi. Odatda noqonuniy konlar rasman yopilib ketgan konlar o‘rnida ochiladi. So‘roq qilinganlarning 17 nafari 9 — 17 yosh oralig‘idagi bolalar. Noqonuniy konlarda ishlovchilar niqob taqishmaydi, kobalt changi esa o‘pkani tez ishdan chiqarib, o‘limga olib keladi.

Kuniga 12 soat zahmat chekkan bolalarga bor-yo‘g‘i 1-2 dollar haq to‘lanadi.

Kobaltning narxi birinchi marta oshayotgani yo‘q: kumushrang metall narxi 2016-yildan beri uch baravar qimmatlashdi. Tahlilchilar esa bu metallning tanqisligi mobil qurilmalar va elektromobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarish sohasiga jiddiy zarba bo‘lishini aytishmoqda. Yanayam qimmatlashib ketishini nazarda tutgan ayrim investorlar esa xom ashyo birjalaridan tonnalab kobalt xarid qilmoqda.

Elektr dvigatelli avtomobillar chiqarila boshlangach, kobaltga talab yanayam oshdi. Har holda Elon Maskning «Tesla»sida ishlatiluvchi akkumulyatorlar smartfon yoki planshet batareyasi emas. Elektromobilning bitta akkumulyatorini yasashga 20 kilogramm toza kobalt kerak. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021-yili 4,5 million dona elektromobil chiqariladi. Jahon kobalt zaxiralari esa 2016-yilda 6 million tonna deya baholangandi. Shuning 3,4 million tonnasi KDRda, million tonnasi Avstraliyada, taxminan 500 ming tonnasi Kubada joylashgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring