Kichik tahlil. «O‘zbektelekom» AK xizmatlarining narxlari qanchalik qimmat?
Deyarli har oyda qaysidir mahsulotning yoki xizmatning narxi oshadi. Tabiiyki, bundan aholining kundalik xarajatlari ham oshib boradi. Buni hisobga olgan holda o‘z mijozlariga qulaylik yaratish maqsadida «O‘zbektelekom» AK so‘nggi yillarda sun’iy ravishda xizmatlar narxini pasaytirib keldi.
Ammo abonentlarga sifatli xizmat ko‘rsatish barobarida zamon bilan hamqadam bo‘lish, jahondagi texnologiyalar yangiliklariga dinamik tarzda javob bera olish, ularni tadbiq etish katta xarajatlarni talab etadi. Jahon telekommunikatsiyalar bozorida rivojlanish bir zum bo‘lsin, to‘xtab turgani yo‘q.
Bu bozorda raqobatbardosh bo‘lish uchun tizimda eng so‘nggi texnologiyalarni joriy etib borish zarur. Bularning barchasi tariflarning sezilarli darajada oshishiga olib kelishi tabiiy hol. Biroq «O‘zbektelekom» AK ikki yildan ortiq vaqt davomida xalqaro aloqa sifatini ta’minlash xarajatlarini o‘z gardaniga olib kelgan, xususan amaldagi telefon kabellarini yangilash va yangilarini o‘tkazish, qurilmalarni modernizatsiya qilish va boshqa ishlar, zarar ko‘rilsa-da, kompaniya tomonidan tariflar keskin oshirilmasdan amalga oshirib kelindi. Qo‘shni davlatlar operatorlari o‘z tariflarining oshirib borishiga qaramasdan «O‘zbektelekom» past narxlarda xizmat ko‘rsatishni davom ettirdi.
Xarajatlarni mustaqil ravishda qoplashni davom ettirishga imkon qolmagach, o‘tgan yil oxirlarida xalqaro telefon qo‘ng‘iroqlariga tariflarning oshirilishi haqida ma’lum qilingan edi. Biroq abonentlar murojaatlari va so‘rovlari inobatga olib, yana ma’lum muddatga xalqaro aloqa xizmatlari narxining tabiiy ravishda o‘sishiga cheklov qo‘yildi.
O‘zbekiston axborot texnologiyalari bozorida yirik operator sifatida “O‘zbektelekom” AK mamlakatdagi innovatsion rivojlanish, abonentlar bazasini kengaytirish, yuqori texnologiyalarni barcha shahar va qishloqlarga yetkazib berish uchun o‘zini mas’ul deb hisoblaydi.
Hozirgi kunda kompaniya moliyaviy barqarorlikka erishishga intilib, o‘z e’tiborini faoliyatining iqtisodiy samaradorligiga qaratmoqda. Operatorlar bilan xalqaro kelishuvlar xorijiy valyutada amalga oshiriladi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, xarajatlar oshib borayotgani sabab «O‘zbektelekom» AKning xizmatlar narxini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lingan. Bundan tashqari tarmoqning texnik bazasini modernizatsiya qilish, filiallarni xalqaro standartdagi qurilmalar bilan jihozlash muhim masalalardan biri bo‘lib qolyapti.
Shu sabab, 2018-yil 1-fevraldan «O‘zbektelekom» AK quyidagi universal xizmatlar uchun tariflarni oshirishga qaror qildi:
- Mahalliy telefon aloqasi uchun to‘lov 30 foizga oshiriladi;
- Xalqaro telefon qo‘ng‘iroqlari hamda sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmoqlariga tariflar 70 foizga oshiriladi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, MDH mamlakatlarida milliy operatorlarning tariflari 0,12 va 1,24 AQSh dollari oralig‘ida o‘zgarib turibdi, jumladan Rossiyada – 0,29 dan 0,51 gacha, Qozog‘istonda – 0,11 dan 0,37 gacha, Qirg‘izistonda – 0,12 dan 0,43 gacha, Turkmanistonda – 0,82 dan 1,24 gacha, Ukrainada – 0,25 dan 1,2 gacha, Moldovada – 0,32, Belorusiyada – 0,20 dan 0,25 gacha.
Yuqoridagi jadvaldan ko‘rinib turibdiki, tariflar oshirilganiga qaramay, MDH mamlakatlari bilan taqqoslanganda O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlari uchun narxlar hamon nisbatan past ko‘rsatkichda qolmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter