Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IT-Parkka aylangan to‘yxona (foto)

IT-Parkka aylangan to‘yxona (foto)

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov rahbarligidagi Ishchi guruh Samarqand viloyatida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Ishchi guruh dastlab «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» DUKning Samarqand radioteleuzatish markazi faoliyati bilan tanishdi. Markazning 90 nafardan ziyod xodimi Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Cho‘ponota, Taxtaqoracha, Jizzax, Qo‘ytosh RTS va tog‘li hududlardagi 81 ta kam quvvatli radioteleuzatish stansiyalariga xizmat ko‘rsatadi.

Bundan ikki yil oldin markaz binosi «snos»ga tushib, joy masalasida muammoga duch kelgan edi. AKT vazirligi rahbariyati aralashuvi bilan markaz uchun 17 sotihli bino ajratildi. Jamoa o‘z kuchi bilan binoni ta’mirladi, qulay sharoitlar yaratildi. Hovlisida mevali daraxtlardan iborat bog‘ barpo etildi. Bugun markaz binosi havas qilsa arziydigan maskanga aylandi. Markaz mutaxassislari Ishchi guruhga qilingan ishlar va kelgusi vazifalar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazishdi. AKT vaziri Shuhrat Sodiqov markaz xodimlari bilan raqamli radioni rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi, ularning iqtisodiy va ijtimoiy himoyasi qanday yo‘lga qo‘yilgani bilan qiziqdi.

O‘tgan yilning dekabr oyida Samarqand shahrida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park)ning hududiy filiali zamonaviy infratuzilmaga ega binoda o‘z faoliyatini boshlagan edi. Aslida to‘yxona sifatida qurilgan bino pandemiya sababli faoliyatini to‘xtatib turishi mumkin edi. Ammo tadbirkor bilan olib borilgan muzokaralar natijasida binoni yoshlar uchun foydali maskanga aylantirishga qaror qilindi. Bu yerda axborot texnologiyalari sohasida istiqbolli startap-loyihalarni amalga oshirish, ularni ichki va tashqi bozorlarga chiqarish, yosh dasturchilar tayyorlash, sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida IT-Parkning Samarqand filiali faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bino ikki qavatli bo‘lib, ob’yektning umumiy yer maydoni qariyb 1 gektarga yaqin, maydoni 1 118 kv. m.ni tashkil etadi. Bu yerda 200dan ortiq mutaxassislar ishlashi mumkin. Samarqand IT-Parkida kovorking, rezidentlar va startapchilar uchun ofis joylari, zamonaviy o‘quv xonalari, robototexnika, kibersport, muzokara va uchrashuvlar xonalari, konferens zal, intervyu zona, kafe va boshqa yordamchi xonalar eng so‘nggi uslubdagi dizayn hamda zamon talablari asosida tashkil etilgan.

IT-Park Samarqand hududiy filiali ham yoshlarni mazkur sohaga qiziqtirish, tadbirkorlik sub’yektlariga bir qator imtiyozlarni bergan holda, ularning samarali faoliyat olib borishlari uchun shart-sharoit va imkoniyat yaratib berish orqali sohada dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportini yo‘lga qo‘yish, yangi loyihalar va startaplarni hayotga tatbiq etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirishda bevosita ishtirok etish, viloyatning jami xizmatlar hajmida AKTning ulushini sezilarli oshirish maqsadida ish yuritmoqda.

AKT vazirligi Ishchi guruhi a’zolari filialda bo‘lib, bu yerda «aytishnik»larga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirishdi, ularning loyihalari bilan tanishishdi.

Filialda ish qizg‘in ketmoqda. AKTga ixlosi baland yoshlar turli yo‘nalishda ta’lim olayotgan bo‘lsa, bir guruhi o‘zlari ishlab chiqan loyihalarni takomillashtirish ustida izlanmoqda. Salohiddin Mamadaliyev va Sabrina Mamatqulova Utilitu robot – yordamchi robotni mukammalashtirishmoqda. Ushbu robot oddiy qilib aytganda, insonga yordam beradi. Misol uchun, u nogironlarga ko‘makchi bo‘lishi yoki harbiy amaliyotda qatnashishi, hududni minalardan tozalashda qatnashishi, qorovul vazifasini bajarishi mumkin. Filialda faoliyat olib borayotgan rezident Bobur Hamidov jamoadoshlari bilan mart oyidan buyon talabgorlarga 8 ta veb-sayt tayyorlab berishdi.

Aziz Ahmadjonov Payfiy.uz saytini ishlab chiqqan. Azizbekning aytishicha, sayt arzon aviachiptalar hamda sug‘urtalarni topish, to‘lovlarni onlayn yoki oflayn to‘lash imkonini berarkan. U bu xizmatni telegram-bot orqali yo‘lga qo‘yish ustida ham izlanmoqda. Mazkur platforma to‘liq ishga tushsa, sayyohlik sanoatini avtomatlashtirish, yangi xizmat turlarini kengaytirish, xalqaro bozorda oldi-sotdi jarayonlarini osonlashtirishga erishiladi.

Shahlo Hamroqulova esa xaytek muzey loyihasini amalga oshirish niyatida.

 Xullas, filial ochilganiga hali ko‘p bo‘lmasa-da, bu yerda iqtidorli dasturchilar, startapchilar yig‘ilgan, natijalar asta-sekin bo‘y ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, yoshlarda ishtiyoq kuchli.

– «Ayti» yo‘nalishida ishlash niyatidagi yoshlar ko‘pligi quvonarli, – dedi AKT vaziri Shuhrat Sodiqov filial yoshlari bilan muloqot davomida. – Albatta, sizlarning bugun boshlagan loyihalaringiz ertaga katta iqtisodiy samaralar olib kelishi aniq. Hozir biz sizlar uchun qulay sharoitlar, faoliyatingizni to‘liq yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozlar yaratib berishimiz shart. Shuning uchun aslo intilishdan, harakatdan to‘xtamanglar.

Vazirlik Ishchi guruhining Samarqand viloyati bo‘ylab xizmat safari davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring