Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IT Park AQShda o‘z vakolatxonasini ochdi!

IT Park AQShda o‘z vakolatxonasini ochdi!

2020-yilning 18-avgust kuni IT Park xorijiy buyurtmalarni O‘zbekiston hududiga jalb qilish yo‘lida navbatdagi qadamini tashladi — AQShning Delaver shtatida o‘z vakolatxonasini rasman ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Vakolatxona IT Park rezidentlari xizmati va mahsulotlarini xalqaro bozorlarda ilgari surish, startap loyihalariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, mahalliy kompaniyalar va frilanserlar tomonidan taqdim etiladigan xizmatlarning autsorslarini ko‘paytirish maqsadida ochilgan.

Nega aynan AQSh?

Bugungi kunda AQSh dunyodagi eng yirik IT bozorlaridan biri hisoblanadi, CompTIA (Amerika kompyuter texnologiyalari uyushmasi) bergan ma’lumotga ko‘ra, AQShning axborot texnologiyalari bozoridagi hajmi 2019-yilda 1,7 trln dollarni tashkil etgan va bu butunjahon IT bozorining 32% demakdir. AQSh jahon autsorsing bozorining 68% ni tashkil etadi. Hozirgi kunda AQSh bozoriga IT xizmatlarini eksport qiluvchilar, asosan Hindiston, Xitoy, Malayziya va Braziliya.

IT Parkning aynan AQSh hududida birinchi vakilligini ochilishi ham mazkur davlatda rivojlanayotgan davlatlardagi IT tashkilotlarini jalb qilish hisobiga o‘z mahsulotlarini arzonlashtirishga ehtiyoji bor dunyoning yirik IT kompaniyalari joylashganligida.

IT Park AQSh vakolatxonasining maqsadlari

Vakillikning asosiy vazifasi milliy mahsulot va xizmatlarimizni AQSh bozoriga olib chiqish uchun qulay shart-sharoitni yaratishdan iboratdir.

Vakillik AQShda yurtimiz kompaniyalari xizmat va mahsulotlari ommabopligini oshirish, reklama ishlarini olib borish, buyurtmalar topish, IT Park rezidentlari va AQShlik buyurtmachilar o‘rtasidagi shartnomalar imzolanishini rag‘batlantirishni o‘ziga vazifa qilib olgan.

Bundan tashqari, vakillik ikki taraf uchun kafolat vazifasini o‘taydi – buyurtmachi uchun bajarilgan ish sifati, bajaruvchi uchun esa, taqdim etilgan xizmatga yarasha haq to‘lanishini ta’minlaydi. Buning uchun jahon standartlariga mos keluvchi sug‘urta va kafillik tizimlari tatbiq etiladi.

Shuni ta’kidlash joizki, bir qator IT Park rezidentlari AQSh, Yevropa va MDH davlatlari bozoriga allaqachon moslashib ulgurishgan. Shu o‘rinda, 2020-yil birinchi yarim yillikda rezidentlar tomonidan amalga oshirilgan eksport hajmi 6 mln dollardan oshgan.

Vakolatxonaning yana bir o‘ziga xos jihati, AQSh IT bozori bilan yaqindan tanish bo‘lgan, AQSh IT sektori va ishga aloqador munosabatlar borasida yaxshi tajribaga ega bo‘lgan, AQSh hududida istiqomat qiluvchi shaxs (AQSh fuqarosi yoki hamyurtlarimiz) tanlov asosida vakil etib tayinlanadi.

IT Park vakolatxonasi faoliyati bir vaqtning o‘zida ham vakolatxona ishi, xususan, IT sohasida faoliyat yuritayotganlar bilan ham, AQShda ham vakil, ham yurtdoshlarimiz orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston afzalliklari

IT xizmatlarni eksport qiluvchi mamlakatlarning muvaffaqiyatli tajribasi shuni ko‘rsatadiki, xorijiy bozorlarni o‘zlashtirishda asosiy omillar ishlab chiqarishning arzonligi va mamlakatda yetarli soha mutaxassislarining mavjudligi hisoblanadi.

Bu borada O‘zbekistonda yetarlicha imkoniyatlar yaratilgan. Hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan chotra-tadbirlar natijasi o‘laroq, O‘zbekistondagi IT kompaniyalari barcha soliq to‘lovlaridan ozod etilgan, mahsulotni chetga olib chiqishda esa, bojxona imtiyozlari taqdim etilgan. Bularning barchasi, mahsulot tannarxi tushishi va shu orqali uni tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Inson kapitalini IT sohasida rivojlantirish IT Park faoliyatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi, zero, malakali kadrlarsiz mamlakat IT xizmatlari eksportini oshirish mumkin emas.

IT Park tomonidan IT avlodini yaratish maqsadida:

  • 100 mingdan ziyod yoshni tayyorlashga mo‘ljallangan «One million Uzbek coders» dasturi amalga oshirilmoqda;
  • mamlakatimizning barcha hududlarida IT-markazlar tashkil etilmoqda (2021 yilga kelib, 188 ta markaz tashkil etiladi). Bugunga qadar IT-markazlarda 8 ming kishi o‘qitildi;
  • oliy ta’lim muassasalari tomonidan har yili axborot texnologiyalari sohasida 5 mingdan ortiq mutaxassis tayyorlanadi.

IT xizmatlarini eksport qilish mutaxassislar uchun zarur infratuzilma va ish sharoitisiz mumkin emas. Buning uchun 24/7 rejimida xorijiy platformalarni texnik qo‘llab-quvvatlash uchun uzluksiz elektr ta’minoti, yuqori tezlikdagi internet va zarur jihozlar talab qilinadi.

Ushbu muammoni hal etish maqsadida mamlakatimiz viloyat markazlarida IT Park filiallari ochilmoqda (hozirgi vaqtda uchta filial to‘liq ish boshlagan), mazkur hududiy bo‘limlar IT mutaxassislari uchun barcha zarur shart-sharoitlar bilan jihozlangan.

Natija

Mazkur strategiya amalga oshirilishi natijasida 2023-yil uchun quyidagilar rejalashtirilgan:

— 100 mln dollarlik IT eksportga erishish;

— 500 mingdan ortiq oshirish malakali IT mutaxassislarini tayyorlash;

— IT sohasida 15 000 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish.

Ta’kidlanishicha, IT Parkning AQSh dagi vakolatxonasi xorijiy IT buyurtmalarni jalb qilish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘ladi. Kelgusida Avstraliya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Yevropa Ittifoqi davlatlari kabi mamlakatlarda bunday vakolatxonalar ochilishi rejalashtirilgan.

Yakunda IT Park bu sohani rivojlantirish va rag‘batlantirish hamda O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida jahon bo‘ylab vatandoshlarimiz bilan hamkorlik qilishga tayyorgarligini ma’lum qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring