Inson terisi bakteriyalarida saratonga qarshi kurash kuchlari mavjud
Inson terisida uchraydigan ayrim bakteriyalarda shish hosil qiluvchi saraton hujayralariga qarshilik qilish xususiyati aniqlandi. Bunday ajabtovur kashfiyot kelajakda teri saratonini davolashda qo‘llanadigan dori-darmonlar ishlab chiqishda yoki saratonni butkul to‘xtatishda qo‘l kelishi mumkinligi aytilmoqda.
Ultrabinafsha nur ta’sir ettirilganda olimlar tomonidan inson terisida uchrovchi «Staphylococcus epidermidis» bakteriyasining ayrim shtamlari bilan emlangan sichqonlarda ushbu bakteriya bilan emlanmagan sichqonlardan ko‘ra kamroq shish hosil bo‘lgani aniqlangan. Ushbu bakteriyalarning asosiy quroli DNK replikatsiyasini to‘xtata oluvchi maxsus kimyoviy moddalar bo‘lib, bu haqida «Science Advances» xabar bermoqda.
Stafilakokklar sog‘lom odam terisida boshqa bakteriyalar kabi tabiiy holda yashaydi. Richard Gallo va uning jamoasi ushbu bakteriyalarning antimikrob xususiyatlarini o‘rganish jarayonida «Staphylococcus epidermidis» shtamida DNK replikatsiyasini to‘xtata oluvchi moddalar guruhiga mansub 6-N-gidroksiaminopurin (6-HAP) kimyoviy moddasi mavjudligini aniqladilar. Laboratoriya sharoitida sichqonlar ustida olib borilgan tajribalarda ushbu bakteriya shtami tarkibidagi 6-HAP kimyoviy moddasi teri saratoni hujayralari tarkibidagi DNK replikatsiyasiga javobgar fermentlar ishini to‘xtatgan.
Tarkibida 6-HAP moddasi mavjud bo‘lmagan «Staphylococcus epidermidis» shtami bilan emlangan va ultrabinafsha nur ta’sir ettirilganda saraton shishi hosil bo‘lgan sichqon terisi (chapda) va tarkibida 6-HAP moddasi mavjud bo‘lgan bakteriya shtami bilan emlangan sichqonning sog‘lom terisi (o‘ngda)
AQShning Viskonsin-Medison universiteti biokimyogari Lindsey Kolinning aytishicha «Inson terisidagi mikrobiom faoliyatini nazorat qilishdan oldin ularning xo‘jayin organizmi bilan munosabatlarini o‘rganish muhim hisoblanadi. Bu bilan biz kelajakda inson terisiga kerakli probiotiklar qo‘llash bilan saratonning oldini olish va hatto uni davolashga ham erishishimiz mumkin». Tadqiqotchilarning qayd etishicha «Staphylococcus epidermidis» bakteriyasining qanday qilib 6-HAP moddasini sintez qilishi va bunday bakteriyalarning inson terisidagi miqdorini o‘rganish tadqiqotning navbatdagi vazifalaridan biridir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter