Inha universiteti va «Trend Micro» o‘rtasida memorandum imzolandi
Toshkent shahridagi INHA universiteti talabalarga ta’lim berish sifatini yanada oshirish borasida yangidan-yangi loyihalarga qo‘l urib kelmoqda. Bu borada universitet turli xalqaro ta’lim muassasalari, kompaniyalar bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Navbatdagi shunday hamkorlik kiberxavfsizlik sohasida yechimlar va dasturiy ta’minot ishlab chiqish bo‘yicha jahon yetakchilaridan bir bo‘lgan «Trend Micro» kompaniyasi bilan bo‘ldi.
Kecha, 22-oktyabr kuni «Trend Micro» kompaniyasi bilan INHA universiteti o‘rtasida hamkorlikda ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish, innovatsion loyihalar tayyorlash hamda univetsitet talabalari uchun ma’ruza va master klasslar o‘tkazishni ko‘zda tutuvchi memorandum imzolandi.
Memorandumni imzolash marosimida «Trend Micro» kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menejeri Nurbek Rahimov boshchiligidagi vakillar ishtirok etdi.
Marosimda IUT rektori Muzaffar Jalolov mehmonlarga universitetni tashkil etishdan maqsad, bu yerda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan shart sharoitlar, jahon standartlari darajasida jihozlangan ma’ruza xonalari, talabalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan loyihalar va turli tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.
INHA universiteti va «Trend Micro» hamkorligi talabalarga ta’lim jarayonida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashning eng yangi imkoniyatlari eshiklarini ochadi. Bu hamkorlik yana shunisi bilan muhim-ki, o‘zbek yoshlariga o‘zlarining eng zo‘r texnologik fantaziyalarini amalga oshirish imkonini berib, ular «Trend Micro» tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va kelgusida yanada rivojlantirilishi ta’minlanadi. Shuningdek, talabalar va o‘qituvchilarga «Trend Micro» axborot resurslari, ilmiy bazasi va texnologik salohiyatidan foydalanish imkoni beriladi. Bir so‘z bilan aytganda, kompaniya kiberxafsizlik va AT-ta’lim sohasida universitet hayotidagi barcha tashabbuslarni amalga oshirishni rag‘batlantiradi. Kelajakda esa O‘zbekistonda masofaviy ta’limni tashkil etish rejalashtirilgan.
Nurbek Rahimov, «Trend Micro» kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menejeri:
– Ushbu hamkorlik mavjud jarayonlarni raqamlashtirish va universitetning ilmiy-tadqiqot faoliyatini to‘la qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olgan. Kompaniyamiz ekspertlari axborot texnologiyalari olamidagi o‘z bilimlari va tushunchalari bilan o‘rtoqlashadi, shuningdek, texnologik loyihalar ustida ish olib boradigan talabalar klublarini tashkil etishga ko‘maklashadi. Birgalikda maxsus tanlovlar, dasturiy va apparat ta’minoti ko‘rgazmalarini o‘tkazishimiz yaxshi samara berishiga ishonaman. Hamkorlik doirasida amalga oshirilgan barcha ishlar har ikki yilda jamoatchilik hisobotida yoritib boriladi.
Usmonjon Yo‘ldoshev,
«Xabar» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter