Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Huawei raqamli transformatsiyani tezlashtirish uchun O‘zbekistondagi hamkorlik ekotizimini mustahkamlaydi

Huawei raqamli transformatsiyani tezlashtirish uchun O‘zbekistondagi hamkorlik ekotizimini mustahkamlaydi

2023 yil 24 avgust kuni Huawei kompaniyasi hamkorlari CA Distribution va Marvel Uzbekistan bilan hamkorlikda Partner Summit 2023 ni o‘tkazdi. Har yili o‘tkaziluvchi tadbir AKT sohasidagi global va mahalliy tendensiyalarni, hamkorlik biznesini rivojlantirish istiqbollari, Huawei texnologik yechimlari va O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasini jadallashtirish uchun ularni qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida Huawei Enterprise’ning O‘zbekistondagi tizim integratorlari va distribyutorlik hamkorlarini birlashtiradi.

 «Grow Together, Win the Future» shiori ostida o‘tkazilgan hamkorlik sammiti qo‘shma raqamli loyihalarni amalga oshirish maqsadida mahalliy IT bozori ishtirokchilari bilan o‘zaro hamkorlik qilish uchun an’anaviy platformaga aylandi. Tadbirda Huawei korporativ bo‘limining yuqori martabali rahbarlari yangi mahsulot va texnologiyalar, kengroq soha yo‘nalishlari hamda mahalliy hamkorlar uchun biznes imkoniyatlari haqida umumiy ma’lumot berib o‘tdi. Sammit ishtirokchilari IT-menejerlari va mutaxassislari, muhandislar, menejerlar va AKT infratuzilmasini qurish bilan shug‘ullanuvchi ixtisoslashgan kompaniyalar egalaridan iborat edi. Tadbirda mamlakatimizda raqamli kadrlar tayyorlashda hamkor bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari vakillari ham ishtirok etdi.

Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Chen Szyakay o‘zining nutqida kompaniyaning mamlakatda qulay ekotizim yaratish borasidagi yutuqlari va biznesni rivojlantirish rejalari haqida gapirib berdi. «Raqamli infratuzilmaga innovatsiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot va ishlanmalarga uzluksiz sarmoya kiritish, shuningdek, ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlash O‘zbekistondagi mijozlar va hamkorlar bilan AKT texnologiyalarini turli sohalar bilan chuqur integratsiya qilish uchun yaqin hamkorlik qilish imkonini beradi. Bizning maqsadimiz raqamlashtirishni jadallashtirish, raqamli iqtisodiyotni rag‘batlantirish va birgalikda hayotning barcha qatlamlari uchun yangi qiymat yaratishdir», — dedi Chen Szyakay.

Sammitning asosiy mavzularidan biri raqamli transformatsiyaning davlat xizmatlarining odamlarga e’tiborini oshirishga ta’siri bo‘ldi. Huawei EBG Global bo‘limining davlat sektori yechimlari bo‘yicha bosh ilmiy mutaxassisi janob Xun Yen Kox xorijiy mamlakatlarda raqamli strategiyalarni amalga oshirishning muvaffaqiyatli misollarini taqdim etdi, shuningdek, BMTning elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha global reytingida (69-o‘rin) o‘rinlar ortganini hisobga olgan holda, O‘zbekistonning so‘nggi yillarda elektron hukumat qurish borasida erishgan yutuqlarini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, raqamli transformatsiya muvaffaqiyatiga to‘g‘ri olib borilgan siyosat, iqtisodiy sharoitlar, raqamli texnologiyalardan foydalanish va raqamli savodxonlik kabi sohalarda mamlakatdan mamlakatga farq qiluvchi ko‘plab muhim omillar ta’sir ko‘rsatadi. Bulutli hisoblash, sun’iy intellekt, katta ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash tizimlari, ma’lumotlarni uzatishning ilg‘or texnologiyalari asosida mahalliy «texnologik ekotizim»ni barpo etish ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Tadbirda Huawei kompaniyasiga 3 yildan buyon hamkor bo‘lib kelgan Marvel Uzbekistan kompaniyasi bosh menejeri Andrey Pak so‘zga chiqdi. U hamkorlik davomida O‘zbekiston bozorining turli tarmoqlarida, shuningdek, Mo‘g‘uliston, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarida qator loyihalar amalga oshirilganini ta’kidladi. «Huawei bilan birgalikda biz jadal innovatsiyalar jarayoni bilan shug‘ullanmoqdamiz. Bir qarashda, bu jarayonlarda turli ekotizim ishtirokchilarining ishtiroki oddiy odamga sezilmasligi mumkin, biroq kompaniyalarimiz o‘rtasidagi o‘zaro yordam jamiyatning kundalik muammolarini hal etish uchun O‘zbekiston bozoriga eng yangi texnologiyalarni ilgari surish jarayonini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi» – deya ta’kidlab o‘tdi.

CA Distribution direktori Mixail Siplakov o‘z nutqida kompaniyaning kelgusi yillardagi ustuvor yo‘nalishi barcha sohalarda o‘z hamkorlarini – pre-sales va post sales guruhlarini texnik qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma marketing tadbirlari va dasturlari, hamkor xodimlar, mijozlar, shuningdek, yosh mutaxassislar, eng yangi mahsulotlar uchun ko‘rgazmali namunalar mavjudligini kengaytirish, tezkor yetkazib berish uchun omborlarda eng ko‘p talab qilinadigan va muhim uskunalar mavjudligini qo‘llab-quvvatlash hajmini oshirish haqida so‘zlab o‘tdi. «Biz hali ham soha mutaxassislarining texnik tayyorgarligi darajasini asosiy vazifa deb bilamiz, biz hamkorlarimiz bilan kelgusi yillarda bu sohaga ko‘p vaqt va resurslarni ajratamiz», — deya qo‘shimcha qildi Mixail Siplakov.

Bugungi kunda Huawei butun dunyo bo‘ylab 30 000 dan ortiq korporativ hamkorlar, jumladan savdo hamkorlari, yechim bo‘yicha hamkorlar, xizmat ko‘rsatish operatsiyalari bo‘yicha hamkorlar, iste’dodlar alyanslari, sarmoyaviy va moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlar, sanoat tashkilotlari va sanoat hamkorlari bilan aloqalarni davom ettiradi. Butun jahon bozorida Huawei qulay ekotizimni yaratish uchun hamkorlarni rivojlantirish, yetishtirish, rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash dasturlariga sarmoya kiritishda davom etmoqda.

Shuningdek, kompaniya Seeds for the Future tashabbusi orqali mahalliy raqamli texnologiyalar iste’dodlarini rivojlantirishga, mahalliy universitetlar bilan ta’lim loyihalarini amalga oshirishga, AKT tanlovlarini o‘tkazishga va AKT Akademiyalari negizida kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratmoqda. Shunday qilib, joriy yilning sentyabr oyida Seeds for the Future 2023 yillik ta’lim loyihasi boshlanadi, unda O‘zbekistonning 7 ta oliy o‘quv yurtidan 15 nafar talaba ishtirok etishi kutilmoqda. Loyiha Huawei kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi ko‘magida Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkaziladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring