«Huawei» O‘zbekistonda AKTni rivojlantirishga ko‘maklashadi
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi va «Huawei» kompaniyasining Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari bo‘yicha ofisi hamkorligida O‘zbekiston delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrifi haqida xabar bergan edik.
Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida hududlarda zamonaviy ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini tashkil etish bo‘yicha «Aqlli shahar», «Aqlli mahalla», «Aqlli tibbiyot» hamda «Aqlli hokimiyat» tizimlarini joriy etish nazarda tutilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanish kabi vazifalar belgilangan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston delegatsiyasi Shanxay va Shenchjen shaharlarida bo‘lib, u yerda muvaffaqiyatli joriy etilgan innovatsion texnologiyalar bilan tanishdi.
Tashrif doirasida xavfsizlik, shaharsozlik va hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalari, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha amaliy uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Shenchjen shahrida «Xavfsiz shahar» loyihasi asosida yo‘lga qo‘yilgan politsiya ko‘mondonlik markazlarining ish faoliyatini yaqindan o‘rgandi. Bundan tashqari, «Huawei» kompaniyasi laboratoriyalarida ham bo‘lib, «Aqlli shahar» konsepsiyasi asosida shaharsozlik va obodonlashtirish, uy-joy xo‘jaligi sohalarida tatbiq etilgan innovatsion yechimlar va texnologiyalar bilan tanishdi.
Tashrif yakuniga ko‘ra, Shenchjen shahrida «Huawei» kompaniyasining yuqori martabali rahbariyati va «Taraqqiyot strategiyasi» markazi o‘rtasida O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida xalqaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter