«Huawei» kompaniyasi «Honor»ni qanchaga sotishga tayyor?
«Huawei» kompaniyasi «Honor»ni 15 mlrd. dollarga sotishni rejalashtirgan, bu haqda «Reuters» agentligi xabar berdi.
«Huawei Technologies»ga butlovchi qismlar yetkazib berish va sotish borasida AQSh ma’muriyati tomonidan qo‘yilgan cheklovlar smartfonlar ishlab chiqarishda dunyoda ikkinchi o‘rinda turgan kompaniyani o‘z biznesi xavfsizligi uchun keskin qadamlar tashlashga majbur etyapti.
Manbalarga ko‘ra, «Honor» naqd pulga sotiladi: deyarli barcha aktivlar, xususan, brendlar, tadqiqotlar va ishlanmalar, yetkazib berish boshqaruvi huquqi xaridorga o‘tadi. «Huawei» uzil-kesil qarorini 15-noyabr, yakshanba kuni e’lon qilishi kutilmoqda.
Sotuvdan so‘ng «Honor» boshqaruvdagi aksariyat xodimlar hamda ishlab chiqarishdagi 7 mingdan ortiq xodimlarni saqlab qolishni va uch yil mobaynida birjaga chiqishni rejalashtiryapti, deyiladi agentlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, «Huawei» kompaniyasi «Honor»ni 2013-yilda ishga tushirgan, shunga qaramasdan, bu biznes yo‘nalishi mustaqil ravishda rivojlanib kelayotgandi. Tahlilchilarga ko‘ra, ushbu savdo «Honor»ning «Huawei»ga qo‘llangan sanksiyalardan ozod bo‘lishiga olib keladi. Ammo, hozircha bu taxmin, xolos.
«Canalys» tadqiqotlariga ko‘ra, «Huawei» iyul—sentyabr davomida sotgan 51,7 mln. dona smartfonning 26 foizini «Honor» brendli qurilmalar tashkil etgan. Qolaversa, «Honor» noutbuklar, planshet kompyuterlar, smart-televizorlar va boshqa elektron aksessuarlar ishlab chiqaradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter