Dunyoning eng saxiy kishilari
O‘tgan yili Microsoft asoschilaridan biri Bill Geyts va uning rafiqasi Melinda Geyts Amerikaning eng saxiy kishilari reytingi yuqori pog‘onasini band etishdi.
Ellik nafar eng saxiy kishilar va oilalar tomonidan jami 14,7 milliard dollar saxovat ishlariga sarflangan. Shu o‘rinda qiziq bir faktga e’tibor berish kerak bo‘ladi: 2016-yili 5,6, 2015-yili 7, 2014-yili 10,2 mlrd. dollar xayriya qilingandi. Ya’ni jahon iqtisodiyotidagi «buyuk retsessiya» saxovat ishlariga salbiy ta’sirini ko‘rsatishni boshlagan 2008-yildan beri eng katta xayriya o‘tgan 2017 yilda qilindi.
Nega 2017-yil tom ma’noda saxovat yili bo‘ldi? «The Chronicle of Philanthropy» nashrining yozishicha, oxirgi ikki yilda fond bozorining muvaffaqiyatli rivojlanishi juda boy insonlar puliga pul qo‘shdi.
Bill va Melinda Geytslar to‘rtinchi marta bu reytingda birinchi o‘rinda qayd etilishyapti. Ular o‘tgan yili 4,8 mlrd. dollar xayriya qilishgan. Forbes ma’lumotlariga qaraganda, ayni paytda Bill Geytsning boyligi — $90,5 mlrd. Uni ikkinchi o‘rinda qoldirgan, hozirgi kunda eng boy inson — Jeff Bezos (Amazon asoschisi) esa bu ro‘yxatda yo‘q.
Geytslardan eng katta xayriyani ularning o‘z tashkiloti — dunyodagi eng yirik xususiy xayriya tashkiloti Bill va Melinda Geyts jamg‘armasi qabul qilib oldi.
Reytingda ikkinchi o‘rinni yana bir mashhur juftlik — Mark Sukerberg va Prissilla Chan band etdi, ularning boyligi ($70,1 mlrd. atrofida) Sukerbergning o‘zi asos solgan Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi ulushidan shakllangan. Ular ham Geytslar kabi o‘z jamg‘armalarini tashkil etishga pul ajratishdi: Chan-Sukerberg jamg‘armasi (Chan Zuckerberg Foundation) hamda Kremniy vodiysi hamjamiyati jamg‘armasi qoshidagi Chan-Sukerberg donorlik jamg‘armasi.
«Chronicle of Philanthropy» ro‘yxatida uchinchi pog‘onani Maykl Dell va uning turmush o‘rtog‘i Syuzan band etishdi. Ular 2017-yili xayr-saxovatga 1 mlrd. dollar ajratishdi. Forbes ma’lumot berishicha, «Dell Computers» asoschisining boyligi $23,6 mlrd.ga teng.
Diqqatga sazovor jihati shuki, saxovatli eng boy kishilar va oilalar ro‘yxatida texnologiya sohasi vakillari anchagina nufuzga ega. 2017-yili qilingan xayriyalarning 60 foizi yoki 8,7 mlrd. dollar ana shu kishilarning qo‘li ochiqligi sharofatidan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter