Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyoga mashhur IT-mutaxassis: «Inson resursi — O‘zbekistonning asosiy raqobatbardosh manbai»

Dunyoga mashhur IT-mutaxassis: «Inson resursi — O‘zbekistonning asosiy raqobatbardosh manbai»

Belarus Yuqori texnologiyalar parki asoschisi hamda «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi maslahatchisi Valeriy Sepkalo.

Foto: «Muic.uz»

Belarus Yuqori texnologiyalar parki asoschisi hamda «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi maslahatchisi Valeriy Sepkaloning Toshkentga qilgan navbatdagi tashrifida IT-ta’lim asosiy mavzuga aylandi.

O‘zbekistonda tatbiq etilayotgan xalqaro tajriba Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, TATU, Toshkent shahridagi Inha universiteti va Innovatsiya markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda keng muhokama etildi.

Belarus mutaxassisining fikriga ko‘ra, bevosita mahalliy va xorijiy kompaniyalar ishtirokida oliy o‘quv yurtlari huzurida laboratoriyalarni tashkil etish IT-sanoatiga ulkan foyda keltiradi. Buning yaqqol isboti sifatida o‘z vaqtida inson kapitalini yuqori qo‘yib, bugungi kunda dunyoda yetakchi bo‘lgan AQSh, Isroil, Belarus va Janubiy Koreya davlatlari misolida ko‘rish mumkin.

Sepkalo «Yuqori texnologiyalar. Shaxsiy tashabbuslar. Kelajakka nigoh» mavzuida taqdimot o‘tkazmoqda. Foto: «Muic.uz»

AQSh va Stenford universiteti

Misol uchun, o‘quv jarayonini tashkillashtirishga boshqacha yondashuvi bilan farq qiluvchi Stenford universiteti (AQSh) birinchilardan bo‘lib texnologiya korxonalari uchun yerlarni ajratishni boshlagan. Ular bu yerda laboratoriya tashkil etib, professor-o‘qituvchilar ko‘magida ilmiy-tadqiqot ishlariga talabalarni jalb etishgan. Bu universitet mavqeining yuqori darajaga ko‘tarilishiga turtki bo‘lgan, sababi bu yerdan nafaqat nazariyalar, balki amaliyot ham o‘z natijasini bera boshladi, ya’ni akademik bilimlar va sohaning haqiqiy talablari o‘rtasidagi ajralish yengib o‘tilgan edi. Shu bilan birga, ko‘plab yigitlar universitet yaqinida o‘zlarining firmalariga asos solishdi.

Shu tariqa, bugungi kunda butun dunyoga mashhur bo‘lgan IT-kompaniyalarning ulkan jamiyati — Kremniy vodiysi paydo bo‘lgan: Hewlett-Packard, Electronic Arts, Nvidia, Yahoo! va Google. Hattoki, kampus ilmiy markazi hududida NASAning tadqiqotlar laboratoriyalaridan biri ham joy olgan.

Isroil va Jon Braysning ta’lim markazi

Kelib chiqishi yahudiy bo‘lgan amerikalik Jon Brays (qishloq xo‘jaligi mamlakati bo‘lgan Isroil uning xatti-harakatlari natijasida IT yo‘nalishida yetakchi hududga aylangan) 1990-yillarda Stenford uslubidan foydalangan. U sobiq SSSRning muhojirlarini texnik mutaxassislik bo‘yicha o‘qitish markazini tashkil etdi hamda Amerikaning bir nechta kompaniyalari — Motorola, Hewlett-Packard va boshqalarni jalb etgan holda ishlab chiqish markazini yaratdi.

Bir yildan so‘ng IT-sohasida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat loyihasini ishga tushirdi. Loyiha doirasida aksariyat olimlarning ilmiy-tadqiqotlari va ishlab chiqishlarining dastlabki bosqichida moliyaviy ta’minlovchi 24 ta texnologik inkubator yaratdi. Maqsad nafaqat texnologiyalarni yaratish, balki ularning biznes-istiqbollarini baholash ham edi. Chunki tor ichki bozor sharoitida Isroil tadbirkorlari keng miqyosda fikrlashi lozim edi. Innovatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tayyor loyihalar investitsiyalar uchun foydali yo‘nalish bo‘lib qoldi. Cisco o‘ndan ziyod Isroil kompaniyalarini sotib oldi, 2004-yilda esa Cisco AQShdan tashqaridagi ilk ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqish markazini (R&D) ochadi.

2015-yilda Lenovo, 3M, Bosch, Magic Leap, AVG, Fraunhofer SIT, Origami Logic, AxiomSL, PayPal va boshqalar Isroilda o‘zlarining R&D markazlariga asos soldi yoki kengaytirdi. Apple, Facebook, IBM, EMC, Amazon, eBay, PayPal, SanDisk o‘z shtatlar sonini sezilarli darajada oshirdi. Shunisi e’tiborliki, avvallari bunday markazlarning muhim qismlari boshidan yaratilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ular isroillik startaplar negizida shakllanadi.

Belarus Yuqori texnologiyalar parki. Foto:«Belmarket.by» 

Belarus va Yuqori texnologiyalar parki

Belarusda Yuqori texnologiyalar parkini yaratishda muvaffaqiyatli xalqaro tajriba qo‘llanilgan.

— Dastlab, biz nima qildik: Stenford modelini joriy etdik va oliy o‘quv yurtlari huzurida 85ta laboratoriya tashkil etdik, — deydi YTP asoschisi Valeriy Sepkalo. —  Endilikda, talabalar universitet kurslariga qo‘shimcha ravishda ilg‘or kompaniyalar xodimlaridan taklif etilgan o‘qituvchilardan fakultativ tahsillar olish imkoniga egadirlar. Brays modeli bo‘yicha YTPning ta’lim markazi tashkil etildi va u o‘ta samarali bo‘ldi. Ta’lim bu yerda pullik bo‘lib, Parkning sohadagi yetakchi kompaniyalar bilan kelishuvlari mavjud: agarda talaba ishlab chiqaruvchining ichki imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirsa va ishga joylashsa, u holda ish beruvchi darhol unga ta’limga sarflagan pulini to‘laydi. Agarda sinovdan o‘ta olmasa — haq to‘lanmaydi.

O‘zbekiston va «Mirzo Ulugbek Innovation Center»

Inson resursi — O‘zbekistonning asosiy raqobatbardosh manbai hisoblanadi. Respublika aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Mamlakatning 31 ta o‘quv muassasasida 16 mingdan ziyod talabalar tahsil oladi. Lekin, jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bozorni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirishda faqatgina universitetlarga tayanish noto‘g‘ri, bugungi kunda o‘quv dasturlari yangilanib borishiga nisbatan texnologiyalar shiddatliroq rivojlanmoqda. Sanoat va ta’lim tizimi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga asoslangan ekotizimni yaratishda vakolatli yondashish IT-mutaxassislarning maksimal taqsimotini ta’minlaydi, bu o‘z navbatida, sohaning asosiy omili bo‘lib xizmat qiladi.

Valeriy Sepkalo va MUIC vakillari TATUda. Foto: «Muic.uz»

Innovatsiya markazi mazkur yondashuvni belaruslik IT-mutaxassis yordamida ishlab chiqmoqda. Valeriy Sepkalo va MUIC vakillari TATU, Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrif buyurib, ta’lim sohasiga oid dolzarb masalalarni muhokama etishdi. Xususan, innovatsiya markazi va kadrlarni tayyorlashga manfaatdor bo‘lgan xalqaro kompaniyalar rezidentlaridan tarkib topgan investorlarning bevosita ishtirokida laboratoriyalarni tashkil etish, talabalarning bilimlarini baholashda zamonaviy tizimlarga o‘tish, buning natijasida respublikaning ta’lim muassasalari xalqaro oliy o‘quv yurtlari reytinglarida ishtirok eta olishi, yoshlarni ITni o‘rganishida bevosita stipendiyalar, grantlar va boshqalar yordamida rag‘batlantirish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Alohida suhbatlarda esa hududlarda kovorking markazlari tarmog‘ini yaratish kabi mavzularga e’tibor qaratildi. Aynan, Sepkaloning fikriga ko‘ra, malakali mutaxassislar soha rivojlanishida hal qiluvchi omil bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida: IT-sohasida mashhur mutaxassis va MUIC maslahatchisining besh kunlik tashrifi BMTTD «Ma’muriy islohotlar va raqamli transformatsiya» loyihasi ko‘magida tashkil etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring