Dubayda Kelajak muzeyi ochildi (foto)
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida Kelajak muzeyi tantanali ravishda ochildi. Bu haqda BAA vitse-prezidenti va bosh vaziri, Dubay hukmdori Muhammad bin Rashid ol Maktum xabar berdi.
Muzey binosi me’morchilik mo‘’jizasi deya e’tirof etilmoqda. Aql bovar qilmas dizayni va ilg‘or texnologiyalari sababli ushbu maskan «National Geographic» jurnali tomonidan o‘tgan yildayoq dunyoning eng chiroyli 14 muzeyi ro‘yxatiga kiritilgandi.
Muzey binosi tashqi qoplamasi zanglamas po‘latdan ishlanib, arab husnixati bilan bezalgan.
«Kelajak uni tasavvur qila olganlar, loyihalashtirganlar va jonlantira olganlarniki», — deyiladi ushbu yozuvlardan birida.
Hozirda texnologiyalar ko‘rgazmasi turli mavzulardagi beshta ekspozitsiya: fazo va fazoviy parvozlar kelajagi, hayot, iqlim o‘zgarishlari va ekologiya, sog‘liqni saqlash va ma’naviyat yo‘nalishlarida taqdim etilgan.
Muzey binosi yetti qavatli, balandligi 77 metr, maydoni 30 ming kvadrat metrdan iborat. Loyiha muallifi amirliklar fuqarosi — rassom Mattar bin Lohij. Bino qoplamalari — po‘lat koshinlarni robotlar yasagan. Muzey atrofida 80 xil o‘simliklar ekilgan, ular avtomatik sug‘orish intellektual tizimi tomonidan parvarishlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter